20:28 / 09.11.2020
4309

Berlindagi Tegel aeroporti 60 yillik faoliyatdan keyin yopildi 

8 noyabrda Berlindagi Tegel aeroportidan oxirgi samolyot havoga ko‘tarildi. Berlinda Villi Brandt nomidagi yangi Berlin-Brandenburg (BER) xalqaro aeroporti ochilgani munosabati bilan zamonaviy talablarga javob bermay qolgan Tegelni 60 yillik faoliyatdan keyin yopishga qaror qilindi.

Foto: EPA

Aeroportdan oxirgi reysni Air France aviakompaniyasining samolyoti Parijga amalga oshirdi. Aynan ushbu aviakompaniya 60 yil avval Tegelga birinchi tijoriy reysni amalga oshirgan. Berlin sovuq urush davrida Fransiya, AQSh, Britaniya va sobiq ittifoq sektorlariga bo‘linganda, ushbu davlatlardan har birining shaharda o‘z aeroporti bo‘lgan.

Oxirgi reysni bajargan samolyot tantanali ravishda kuzatib qo‘yildi. U uchish-qo‘nish yo‘lagiga aerodrom mashinalari korteji hamrohligida keltirilgan.   

Aeroportning parvozlarni boshqarish xizmatlari mahalliy vaqt bilan soat 19:45da rasman faoliyatini to‘xtatgan. 

Bir kun avval, 7 noyabrda esa aviakompaniyalar Tegeldagi samolyotlarini yangi Berlin-Brandenburg aeroportiga ko‘chirib o‘tkazgan. 

Tegel 1948 yilda G‘arbiy Berlinning sobiq ittifoq tomonidan blokada qilinishiga javoban qurilgan. O‘shanda G‘arb davlatlari shaharning ushbu qismiga zarur mahsulotlarni faqatgina havo orqali yetkazgan. Aeroportda birinchi tijoriy reyslar esa 1960 yildan amalga oshirila boshlangan. O‘shanda Air France Tegelga muntazam reyslarni bajarishni boshlagan.

Berlin rahbariyati aeroportni 2011 yildayoq yopishni rejalashtirgan, biroq yangi aeroport ochilishi cho‘zilib ketgani sababli undan yana 9 yil davomida foydalanishga to‘g‘ri kelgan.

Tarixga aylanuvchi aeroport endilikda shahar texnologiyalari ilmiy-sanoat parkiga aylantiriladi. Biroq Tegel yangi aeroportda muammolar yuzaga kelishi holatiga yana yarim yil zaxirada ushlab turiladi.   

Avvalroq, 31 oktyabrda Berlinda 14 yillik qurilishdan keyin yangi Berlin-Brandenburg (BER) xalqaro aeroporti ochilgandi. 

Top