14:11 / 09.12.2020
7559

Tanzila Norboyeva rahbarligida aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 9 dekabr kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rahbarligida oila qonunchiligini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Yig‘ilish davomida oilaviy ajrimlarning oldini olish, farzand ta'lim-tarbiyasida ota-ona mas'uliyatini oshirish, aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilindi.

Yoshlarning mustaqil hayotga moddiy va ruhiy tomondan tayyor bo‘lmasdan oila qurishi, bepushtlik, yoshlarning reproduktiv salomatligidagi muammolar, er-xotinning oilaviy masalalarda o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini turli shaxslar tomonidan cheklash kabilar oilaviy ajrimlarning asosiy sabablari sifatida ko‘rsatildi.

 

Shuningdek, aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha fikr almashilib, aliment undirishdan asosiy maqsad ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ajralishning salbiy oqibatlarini kamaytirish ekanligi ta'kidlandi.

Yig‘ilish davomida adliya vaziri Ruslanbek Davletov aliment to‘lash amaliyoti bo‘yicha joriy holat hamda ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini tahliliy qiyoslab, sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surdi.

Yig‘ilish natijalariga ko‘ra, soha mutaxassislari tomonidan oilaga tayyorlov kurslarini bepul asosda joriy etish, nikohlanuvchi shaxslarni bepul asosda reproduktiv salomatligi yuzasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, aliment tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq masalalarni taraflar ajrashish haqida sudga murojaat qilgan paytda hal qilish, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan yangi samarali ta'sir choralarini qo‘llash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Top