18:06 / 11.01.2021
11273

Yo‘lovchi talashgan haydovchilarning mushtlashuvi aks etgan video tarqaldi. «Toshshahartransxizmat» holatga oydinlik kiritdi 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida avtobus haydovchilari yo‘lovchi talashib, rulda o‘tirgan haydovchini kaltaklagani to‘g‘risida videolavha tarqaldi. "Toshshahartransxizmat" AJ axborot xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, videodagi holat bundan ikki yil avval, 2019 yil yanvar oyida Toshkent shahri Olmazor tumani Qoraqamish 2/4 dahasidagi avtoshohbekatda sodir bo‘lgan.

Ikkala haydovchi "18-Avtobus saroyi" MChJ tasarrufidagi 87-sonli yo‘nalishda xizmat ko‘rsatib kelgan. Haydovchilar avtobus shohbekatiga yetib kelganidan so‘ng, 87-sonli avtobus haydovchi A.S. hamkasbi Sh.E.ning avtobusiga chiqqan va haqoratlab, janjal yuzaga keltirgan hamda o‘rtada mushtlashuv sodir bo‘lgan. 

Rasmiy munosabatda aytilishicha, janjalning kelib chiqishiga 87-sonli yo‘nalishda haydovchilarning harakatlanishi uchun belgilangan jadval buzilishi sabab bo‘lganligi aniqlangan. 

“18-Avtobus saroyi” MChJ tomonidan haydovchi Sh.E. bilan 2019 yil 19 yanvardagi 192-sonli hamda haydovchi A.S. bilan 2019 yil 11 fevraldagi 215-sonli buyruqlarga asosan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Yuqorida keltirilgan ikkala haydovchi 2019 yildan buyon “18-Avtobus saroyi” MChJda xizmat ko‘rsatmasligi ma'lum qilingan.

Top