09:17 / 13.02.2021
10496

«Tashakkurlarimni prezidentimizga yetkazib qo‘yinglar...» – SSV mutaxassislari Namanganda yura olmay qolgan ayollarni muvaffaqiyatli operatsiya qilishdi

«Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostidagi salomatlik aksiyasi doirasida Namanganda bo‘lib turgan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari yura olmay qolgan ikki ayolni muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti orqali oyoqqa qo‘yishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Namangan shahridagi «Mashrab» mahallasi Yog‘du ko‘chasida istiqomat qiluvchi Dilbar Qodirova 19 yildirki mustaqil yurish imkoniyatidan mahrum edi. Chanoq son bo‘g‘imi sohasidagi suyakning yemirilishi oqibatida bir yildan beri qo‘ltiqtayoqqa mixlanib qolgandi. 

«Toshkent shahridan taniqli shifokorlarning uyimga kirib kelishlarini hech qachon kutmagan edim. Lekin bu tushim emas, o‘ngim edi. Poytaxtlik professorlar holatim bilan obdon tanishishdi. Kasallikni faqat jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkinligini aytishdi.

To‘g‘risi, men bu noyob operatsiya haqida  ilgari ham eshitgandim, lekin mablag‘imiz yetmagani sababli operatsiya qildirolmagandik. Turmush o‘rtog‘im «elektroset»da ishlaydi, 2 nafar farzandimiz bor. Ro‘zg‘ordan, bolalarning ehtiyojidan orttirolmadik. Shuning uchun qanchalik qiynalsam-da, qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolganman. Qo‘ltiqtayoqda yurish ham mayli, yurganimda ikkala oyog‘im ham zirqirab og‘riydiki, ko‘z yoshlarimni hatto yaqinlarimga ham ko‘rsatolmasdim.

Toshkentdan kelgan professor Murad Irismetov bizday ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga yurtboshimiz tomonidan juda keng imkoniyatlar yaratilgani, men uchun kerakli tibbiy amaliyot bepul o‘tkazilishini aytganlarida o‘zim, farzandlarim, ayniqsa, keksa ota-onam, barchamiz yig‘ladik. Quvonchdan yig‘ladik. Menga mustaqil yurish baxtini ulashish uchun xonadonimga tashrif buyurgan sog‘liqni saqlash xodimlarini tuni bilan duo qilib chiqdik.  

Bugun shifoxonaga joylashtirishdi. Amaliyot uchun kerakli tayyorgarliklarni ko‘rishyapti. Sanoqli daqiqalardan keyin operatsiya stolida bo‘laman, judayam hayajondaman, axir o‘n yillik orzularim ushalyapti, yurtimiz shifokorlari dardimga darmon bo‘layotganidan minnatdorman, iloji bo‘lsa tashakkurlarimni prezidentimizga yetkazib qo‘yinglar...», dedi Dilbarxon Qodirova SSV matbuot xizmati bilan suhbatda.

Dilbarxon Qodirova muvaffaqiyatli o‘tgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng.

Namangan shahridagi «Yangi hayot» mahallasi, Zarkent ko‘chasidagi 12-uyda yashovchi Yoqutxon Abdullaxonova 2020 yil 1 aprelida baxsiz tasodif tufayli yiqilib tushgan, uning oqibatida son suyagi sinib, bitmagan. Mana o‘n oydirki, to‘shakka mixlanib qolgan edi.

«Kecha uyimizga bir guruh shifokorlarning kirib kelishi meni judayam hayajonlantirdi. Ular hol-ahvolimni so‘rab, oyoqlarimni ko‘zdan kechirishdi. To‘g‘risi, o‘tgan yili yomg‘irda sirpanib ketib, yiqilib tushganimda, shifoxonada davolangandim. Keyin shifokorlar xorijdan sun'iy bo‘g‘im sotib olish kerakligini aytishdi, pulimiz yo‘qligi sababli operatsiya qildirolmadik. O‘g‘limning ham qo‘li kaltalik qildi. 

O‘shandan buyon siqilaman, tushkun ahvoldaman. Chunki 14 yildan buyon «Asnam Tekstil»da farrosh bo‘lib ishlayotgandim. Yolg‘iz o‘zim 2 nafar farzandimni voyaga yetkazgandim. Endigina pensiya yoshiga yetay deganimda, yiqilib tushib, to‘shakka yotib qoldim. Iltijolarim Allohga yetib bordi, vrachlar meni bepul operatsiya qilishlarini aytishganlarida hayratlandim. Axir, qimmatbaho operatsiya-ya!

Prezidentimizning yolg‘iz, ehtiyojmand, ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida televizorda eshitib, yuragim entikkandi. Lekin o‘zim ham ana shu mehr-u muhabbat, e'tibor va g‘amxo‘rlikka sazovor bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Bugun mendan baxtli ayol, mendan baxtli ona, mendan baxtli buvi bo‘lmasa kerak. Xaloskorlarim kasallikdan forig‘lantirish uchun o‘zlari uyimdan opkelishib, xizmatga shay turishibdi. Shifoxonadagi bir-biridan samimiy, shirinso‘z, mehridaryo beminnat shifokorlarni ko‘rgach, yuragimdagi qo‘rquv yo‘qolib, o‘zimga ishonchim ortyapti. 

Nasib qilsa, jarrohlik amaliyotidan oilam, farzandlarim bag‘riga o‘z oyoqlarim bilan eson-omon chiqib boraman», deydi u.

Yoqutxon Abdullaxonova

Darhaqiqat, inson hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan chanoq son bo‘g‘imi shikastlari va kasalliklari bilan og‘riganlarni operativ davolashning yagona usuli — shikastlangan joyni sun'iy bo‘g‘imga almashtirish. «Temir daftar»ga kiritilgan bemorlar Dilbar Qodirova va Yoqutxon Abdullaxonovaning hayot sifatini yaxshilash va sog‘lom hayotga qaytarish yuqori texnologik operatsiyani talab qilardi. 

«Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostidagi salomatlik aksiyasi doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali travmatologiya bo‘limida poytaxtlik mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan birgalikda D. Qodirovada «Koksaartroz, chap chanoq son bo‘g‘imini total endoprotezlash», Yo. Abdullaxonova esa «O‘ng son suyagi bo‘ynidan sinishidan keyingi soxta bo‘g‘imi» noyob amaliyotini o‘tkazishdi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murad Irismetov, markazning bo‘lim rahbari Aziz Alimovga RShTYoIM Namangan filiali travmatologiya bo‘limi mudiri Ne'matjon Yusupov, travmatologlar Shohrux Qobulov, Akmalxon Mamadaliyev hamrohlik qilishdi. Har ikki bemordagi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

Top