12:29 / 19.03.2021
5268

Vazir Uchko‘prik tumani xalq ta'limi bo‘limi mudirini ishdan olishga tavsiya bergan. Uning o‘rniga o‘rinbosar ishdan olindi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov 2021 yilning fevral oyida Farg‘ona viloyatida bo‘lib, viloyatning tuman va shaharlaridagi ta'lim sifati bilan yaqindan tanishgan, hududlardagi xalq ta'limi bo‘limi xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi. O‘rganishlar natijasida vazir yutuqlarga erishgan ta'lim xodimlarini taqdirlagan va o‘z navbatida ta'limni orqaga tortayotgan rahbarlarni ishdan bo‘shatish masalasini ham ko‘targan edi. 

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Uchko‘prik tumaniga qilgan safari yakunida tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Dilafruz Ayyupovani ishdan olish bo‘yicha topshiriq bergan. Biroq ushbu xabardan so‘ng tuman XTB mudiri o‘ziga kasallik varaqasi ochtirib, davolanish ta'tiliga chiqib ketgan. 

Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan Uchko‘prik tumanidagi ta'lim sifatini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv tayinlanadi. Mas'ullar tumandagi 20 dan ortiq maktab faoliyatini o‘rganadi. O‘rganishlar yakunida esa tuman XTBning birinchi rahbari Ayyupova davolanish ta'tilida bo‘lgani sababli, uning o‘rinbosari Soyibjon Sultonov ishdan olingani aytilmoqda.  

Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida, Kun.uz muxbiri Farg‘ona viloyati XTB axborot xizmati rahbari Odiljon Jalolov bilan bog‘landi. 

Axborot xizmati rahbarining ma'lum qilishicha, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Farg‘ona viloyatiga qilgan safari jarayonida Uchko‘prik tumanidagi 12-umumta'lim maktabida bo‘lgan. Vazir maktabda isitish tizimi ishlamasligi, maktabdagi internet sifati pastligi, bu bo‘yicha esa amaliy sa'y-harakatlar bajarilmaganini qattiq tanqid qilgan. Shundan so‘ng Uchko‘prik tumani XTB mudiri Dilafruz Ayyupovani ishdan olish bo‘yicha tavsiya bergan. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda mudir o‘rinbosari Soyibjon Sultonov nohaq ishdan olingani aytilmoqda. Men bir narsani bildirib o‘tmoqchiman, biz, ya'ni viloyat XTB rahbariyati uning faoliyatidan qoniqqanmiz. Unga hech qanday e'tirozlarimiz yo‘q. U o‘z xohishi bilan Uchko‘prik tumanidagi 9-umumta'lim maktabiga direktorlikka o‘tib ketdi”, – deya ta'kidladi Odiljon Jalolov. 

Shu kunlarda Uchko‘prik tumani XTB mudiri D.Ayyupova davolanish ta'tili tugab, ish faoliyatiga qaytgan. Mazkur holat viloyat hokimligi, Xalq ta'limi vazirligining nazoratida ekanligi ta'kidlandi. 

Bugun O‘zbekistonda ta'lim tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator islohotlar olib borilmoqda. Biroq bu singari holatlar soha xodimlariga salbiy ta'sir o‘tkazib, ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. 

Vaziyat Farg‘ona viloyat hokimligi nazoratida ekanligi aytilayotgan Uchko‘prikdagi holatga balki, viloyat hokimligi axborot xizmati ham munosabat berib o‘tar. Rasmiylardan izoh kutib qolamiz.

Top