21:42 / 30.04.2021
11252

Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari may oyida uchrashishga kelishib oldi

Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon telefon orqali suhbat o‘tkazib, chegaradagi vaziyatni tezroq tartibga solishga qaratilgan choralarni muhokama qilishdi. Shuningdek, ular may oyining ikkinchi yarmida uchrashishga kelishib oldi.  

Imomali Rahmon va Sadir Japarov

«Sadir Japarov Qirg‘iziston davlatlararo masalalarni muloqot yo‘li bilan hal qilish va qirg‘iz-tojik chegarasida barqaror vaziyatni saqlash tarafdori ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi. U Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bundan keyin ham ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida sermahsul rivojlanishiga ishonch bildirdi», deb ma'lum qilingan Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatida.

 Ta'kidlanishicha, ikki davlat rahbari yuzaga kelgan vaziyatni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga kelishib oldi. Shuningdek, Botken viloyati hududida 1 may kuni ikki tomonning qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya va demarkatsiyalash bo‘yicha hukumat delegatsiyalari muzokaralari bo‘lib o‘tishiga qaror qilindi.

 Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ermek Kishtobayevning ma'lum qilishicha, ikki davlat chegarada yuz bergan qurolli mojaro bo‘yicha bir-biriga norozilik bildirmagan.

 28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, 29 aprelda esa u qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

 Mojaro Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi «Bosh» suv taqsimlash punktida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyati politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Tomonlar bir to‘xtamga kela olmagani mojaroning avj olishiga olib kelgan. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

 Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 31 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 154 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Tojikiston hozircha bu boradagi ma'lumotlarni keltirmagan. Biroq mahalliy OAVning xabar berishicha, mojaro vaqtida Tojikistonning 10ga yaqin fuqarosi halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i jabrlangan.   

Mavzu
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma ro‘y berdi. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda.
Barchasi
Top