09:50 / 08.10.2021
14853

Uyushgan jinoyatchilik darajasi bo‘yicha davlatlar reytingi e'lon qilindi. O‘zbekiston ro‘yxat o‘rtasida

Uyushgan jinoyatchilik darajasi bo‘yicha davlatlarning navbatdagi reytingi e'lon qilindi. Ushbu reyting Global Initiative against Transnational Organized Crime tashkiloti tomonidan tuziladi.

Foto: axis.com

Reyting mualliflari davlatlarni 3 mezon bo‘yicha baholashgan:

  • kriminal bozorlarning ko‘lami va ta'siri;
  • jinoyatchilikning 4 turi (mafiya, jinoiy tarmoqlar, davlat organlariga kirib olgan jinoiy tuzilmalar va xorijiy jinoiy tuzilmalar) strukturasi va ta'siri;
  • davlatlarning uyushgan jinoyatchilikka bardoshliligi.

Davlatlar har bir mezon bo‘yicha 1 dan 10 ballgacha baholangan, bunda 1 ball past darajadagi jinoyatchilik, hukumatning jinoiy doiralarga qarshilik ko‘rsatishga yuqori tayyorgarligini anglatadi.

Reytingda 193 ta davlatdan 1-o‘rinni Kongo Demokratik Respublikasi egallagan (7,75 ball). 2-o‘ringa Kolumbiya (7,66), 3-o‘ringa esa Myanma (7,59) qo‘yilgan. Shuningdek, antireytingning yuqori o‘ntaligiga Meksika, Nigeriya, Eron, Afg‘oniston, Iroq, MAR va Honduras kirgan.

O‘zbekiston ro‘yxatda 4,96 ball bilan 90-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston 62-o‘rinni (5,61), Qirg‘iziston 72-o‘rinni (5,33), Turkmaniston 113-o‘rinni (4,61) va Qozog‘iston 133-o‘rinni (4,26) egallagan. 

Uyushgan jinoyatchilik eng past darajada bo‘lgan davlat sifatida Tinch okeanidagi Tuvalu davlati e'tirof etilgan. U 1,54 ball bilan reytingning oxirgi pozitsiyasidan joy olgan.

Top