17:08 / 02.11.2021
6997

O‘zbekistonda 17 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi vaqtinchalik ro‘yxatga olingan - IIV mas'uli

Hozirda ularni majburan qaytarib yuborish holatlari yo‘q. Amaldagi tartibga binoan, Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekistonga faqat viza bilan kirishi mumkin.

Afg‘onistonda hokimiyat almashishi ortidan minglab afg‘onlar o‘z yurtini tark etishga urinmoqda, biroq qator mamlakatlar, xususan qo‘shni O‘zbekiston ham afg‘on qochqinlarini qabul qilmasligini bildirdi.

Kun.uz Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilib, Afg‘oniston fuqarolarining O‘zbekistonda bo‘lish tartibi haqida ma'lumot so‘radi.

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Azizxon Rahmatullayev

Bosh boshqarma bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Azizxon Rahmatullayevning ma'lum qilishicha, Afg‘oniston – fuqarolari O‘zbekistonda 30 kun davomida vizasiz yurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kirmaydi.

Afg‘oniston fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi bo‘yicha alohida tartib o‘rnatilmagan. Afg‘oniston va O‘zbekiston imzolagan xalqaro va ikki tomonlama shartnomalarga muvofiq ikki davlat hududida fuqarolar, boshqa xorijiy davlatlar bilan bo‘lgani kabi faqatgina viza orqali harakatlanishi belgilangan.

“O‘zbekistonga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan Afg‘oniston fuqarolari Kobul va Mozori Sharifdagi konsulxonalarimizga murojaat qiladi. Ayni vaqtda Surxondaryodagi chegaralarimiz orqali afg‘on fuqarolari bemalol chiqib ketishlari mumkin. Kirish esa faqatgina 3 toifadagi viza asosida amalga oshirilmoqda. Bular: biznes, ishchi va mehmon vizalar”, – dedi IIV mas'uli.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 17 446 nafar Afg‘oniston fuqarosi vaqtinchalik, 626 nafari esa doimiy ro‘yxatda turibdi.

Hozirda ularni O‘zbekistondan o‘z yurtiga majburan qaytarib yuborish holatlari yo‘q. Afg‘oniston fuqarolari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vizalari muddatini uzaytirish bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekistonga kirib kelgan afg‘onistonliklar vaqtinchalik ro‘yxatga turish uchun mehmonxonada va hostellarda bo‘lsa 2 kun ichida, qarindoshlarining uyida bo‘lsa 3 kun ichida IIV MvFRBBga murojaat qilishi kerak.

Agar chet el fuqarosi 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda qolsa, E-Mehmon elektron tizimi orqali ham vaqtinchalik ro‘yxatga turishi mumkin.

Doimiy ro‘yxatda turmoqchi bo‘lgan xorijliklar o‘sha hududdagi IIV MvFRBBga murojaat qiladi. Ularga 5 yil muddatga ID-karta berilishi mumkin.

“Chet elliklarni vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatga qo‘yish masalasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kelishuv asosida amalga oshiriladi. Agar ajnabiy fuqaroning O‘zbekistonda qolishi maqsadga muvofiq emas deb topilsa, unga avtomatik ravishda chiqish vizasi rasmiylashtirib beriladi. Nima uchun maqsadga muvofiq emas deb topilishi bo‘yicha izoh berilmaydi”, – deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan podpolkovnik Azizxon Rahmatullayev.

Uning eslatishicha, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasiga muvofiq, chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzishiga nisbatan jarima va 3 yilgacha mamlakatga kirish huquqini cheklab, O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborishgacha bo‘lgan jazo turlari qo‘llanadi.

Mavzuga oid
Top