09:50 / 10.11.2021
1559

Andijonda 6 nafar aliment to‘lamagan ota jazoga tortildi

Ular farzandi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan alimentlarni o‘z vaqtida to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, qarzdor A.A. fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan R.M. foydasiga bir nafar farzandi ta'minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor A.A. aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamasdan kelgan. 

Alimentdan 3 607 992 so‘m qarzdorligi yig‘ilib qolgan mas'uliyatsiz otaga sudda chora ko‘rilib, 15 sutka ma'muriy qamoq chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor J.Z. ham bir nafar farzandi ta'minoti uchun aliment to‘lashi yuklatilgan. O‘z farzandining moddiy ta'minotidan bo‘yin tovlab yurgan J.Z.ning ham qarzi yig‘ilib, 8 738 000 so‘mni tashkil  etgan. Sud majlisida ushbu qarzdorga ham ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Xuddi shu kuni jami 6 nafar aliment to‘lovchi shaxslarning ishi sudda ko‘rib chiqilib, farzandlari ta'minotidan qochib, aliment to‘lovlarini amalga oshirmay yurganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-4-moddasiga asosan ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Top