18:52 / 10.11.2021
15249

Qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘proq, Yevropa yana pandemiya markazi. Koronavirusga oid so‘nggi xabarlar

Rossiyada o‘lim holatlari bo‘yicha navbatdagi antirekord qayd etildi, YeI Ukrainani kasallik va o‘lim holatlari avj olgani uchun «yashil ro‘yxat»dan chiqardi, nemis shifokorlari koronavirusga chalinganlar ko‘pligi sababli rejali operatsiyalarni bekor qilishmoqda. Singapurda emlanishdan bosh tortgan koronavirus bemorlariga tibbiy xizmatlar pulli bo‘ladi.

Foto: SERGEI KARPUKHIN/TASS

Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida Covid-19 bilan kasallanish holatlari soni 250 milliondan, vafot etganlar soni 5 milliondan ortgan.

Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda har 90 kunda o‘rtacha 50 million kishi virusdan zararlanmoqda. Pandemiyaning dastlabki yilidagi jami kasallanish holatlari taxminan shuncha bo‘lgandi. Kasallik tez tarqalishining asosiy sababi sifatida olimlar hamon «Delta» shtammi nisbatan oson yuquvchi ekanini keltirishmoqda.

Shu bilan birga, vaksinatsiya kampaniyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan rivojlangan mamlakatlarda kovidga chalinish bilan bog‘liq kunlik holatlar taxminan 35 foizga qisqargan.

Economist: pandemiyadagi o‘lim holatlari jiddiy kamaytirib ko‘rsatilgan

Filippindagi qabristonlar kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida ziyoratchilar uchun yopib qo‘yilgan.
Foto: Ryan Eduard Benaid/NurPhoto via Getty Images

Economist jurnalining tahlil bo‘limining hisoblashicha, butun dunyoda koronavirus qurbonlarining haqiqiy soni rasmiy statistikada ko‘rsatilganidek 5 mln emas, 17 mln bo‘lishi mumkin.

Jurnalistlar o‘lim holatlarini hisoblashdagi g‘alati holatlarga ilk bor 2020 yil martida e'tibor qaratishgandi. O‘shanda Italiyaning Bergamo provinsiyasidagi qator tumanlarda 1140 o‘lim qayd etilgan, Italiya statistika byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, bu vaqtda undan oldingi yilning shu davrida qayd etilgan o‘lim holatlari soniga nisbatan 2420taga ko‘proq o‘lim ro‘y bergan.

Shu bilan birga, tabiiy holatlar tufayli ro‘y bergan o‘lim holatlari deyarli o‘zgarishsiz qolgandi. Shu tariqa, tushunarsiz ravishda 1300ga yaqin ortiqcha o‘lim kuzatilgan.

Keyinroq Economist tahlilchilari Buyuk Britaniya, AQSh, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda hisobga olinmagan o‘lim holatlari bo‘yicha ma'lumotlar e'lon qilishdi.

Nashr bunday nomutanosiblikning bir necha sabablarini sanagan. Birinchidan, ko‘plab mamlakatlarda o‘lim ko‘rsatkichlari qayd etilishi bemor test qilinganiga bog‘liq va statistikaga faqat hayotligida Covid-19 tashxisi qo‘yilganlar kiritiladi. Koronavirusga chalingan, lekin tashxis qo‘yilmagan va boshqa sabablar oqibatida vafot etganlar alohida statistik toifada qayd etiladi.

Ikkinchidan, ko‘plab mamlakatlarda shunchaki aniq statistika yuritish imkoni yo‘q yoki aniq ma'lumotlarni ochiqlashni istashmaydi. Masalan, Yevropaning rivojlanishda bir qadar ortda qolgan davlati Bolgariyada, Economist ma'lumotlariga ko‘ra, kovid-o‘lim holatlari statistikada aslidagidan kamida ikki barobar past qilib ko‘rsatilgan.

Rossiyada bunday statistik xatolik 3,5 barobar, Hindistonda - 10.

Nashrning yozishicha, yuzaga kelgan kartinada asosan pandemiyaga qarshi kurashda yetarli resurslarga ega bo‘lmagan mamlakatlarda ko‘rsatkichlar pasaytirib ko‘rsatilgan. Bu, o‘z navbatida, dunyoning boshqa qismlaridagilarga pandemiyaning haqiqiy ko‘lami va uning inson hayotining barcha jabhalariga qanchalik ta'sir ko‘rsatganini tushunishga xalal bergan.

17 mln kishi o‘limi haqidagi o‘z hisoblarini chiqarishda Economist avvaldan ma'lum bo‘lgan, urushlardagi qurbonlar sonini hisoblashda qo‘llab kelingan metodga tayangan.

«Tadqiqotchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri tanasiga o‘q tekkanlarni hisoblamaydi, balki shu davrdagi o‘lim holatlari sonini avvalgi davrlardagi bilan solishtiradi», - deya izohlaydi nashr.

Covid-19 epimarkazi - Yevropada

Ruminiya kasallanish holatlari keskin ko‘paygan davlatlardan biri. REUTERS

Reuters agentligi Covid-19 bo‘yicha ma'lumotlarni o‘rganuvchi markaziga asoslanib xabar qilishicha, dunyo bo‘ylab yangi qayd etilayotgan holatlarning yarmidan ko‘proq qismi Yevropa mamlakatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiya, Gretsiya, Turkiya va Ukrainada kunlik holatlar pandemiya davridagi maksimumlarni qayd etmoqda, Germaniyada ham keskin o‘sish kuzatilgan.

9 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi o‘zining epidemiologik vaziyati qulay bo‘lgan mamlakatlar «yashil ro‘yxati»dan Ukrainani chiqarib yuborgani ma'lum bo‘ldi. So‘nggi 28 kun ichida u yerda 14,6 ming kishi vafot etdi. Pandemiya davrida jami o‘lim ko‘rsatkichi 78 ming kishini tashkil qilmoqda.

«Yashil ro‘yxat»ga kiritilgan mamlakatlar aholisi uchun YeI hukumati majburiy bo‘lmagan sayohatlar, ya'ni turistik sayohatlarga cheklovlarni bekor qilishni tavsiya etadi; endilikda bunday sayohatlarni cheklash tavsiya etilmoqda. Biroq YeI hukumati va Ukraina tashqi ishlar vazirligining tushuntirishicha, ukrainlar endilikda Yevropaga vizasiz sayohatlar huquqini avtomatik ravishda yo‘qotadi. Bu borada har bir mamlakat alohida qaror qabul qiladi. Hozircha YeIning ko‘plab davlatlari xalqaro tan olingan dori vositalari bilan to‘liq emlangan ukrainaliklarning mamlakatga kirishiga ruxsat beryapti.

«Ukraina YeIning «yashil ro‘yxati»dan chiqarilgach, Yevropa Ittifoqining chegaralari to‘liq yopilmaydi. Bu tavsiya, yakuniy qarorni har bir mamlakatning o‘zi qabul qiladi. Ukraina TIV ukrainlar uchun erkin sayohatlarni ta'minlash uchun hamkorlar bilan ishlamoqda», - deb yozdi Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba.

Ukraina shifoxonalaridagi intensiv terapiya bo‘limlari shitob bilan to‘lib bormoqda. AFP

Jahonning ko‘plab yetakchi siyosatchilari JSST va farmatsevtika firmalaridan vaksinalarni qashshoq va endi rivojlanayotgan mamlakatlar ham oson erishishi mumkin darajada chiqarishni so‘ramoqda. Ayrim hisoblarga ko‘ra, sayyora aholisining yarmi hali vaksinaning ilk dozasini ham olmagan.

JSST «Katta yigirmatalik» davlatlariga murojaat qilib, qashshoq davlatlar yil davomida vaksinalar, test va dori-darmonlar bilan ta'minlanishi uchun 23,4 mlrd dollar ajratishga chaqirdi.

Vaksinatsiya masalasi shu hafta Yangi Zelandiya raisligida o‘tkaziladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi virtual sammitida ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

Rossiyada ketma-ket rekordlar

Rossiyada o‘tgan bir sutkada 1239 kishi koronavirus tufayli vafot etdi. Bu pandemiya boshidan buyon mamlakatda qayd etilgan kunlik o‘limlarning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Bir kun oldin 1211 kishi koronavirus oqibatida vafot etgani qayd etilgan va bu ham navbatdagi antirekord bo‘lgandi.

Tezkor shtab ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada koronavirus qurbonlarining jami soni 250 454 kishiga yetdi. O‘tgan kun davomida mamlakatda yana 38 058 kishida kasallik aniqlandi — bu 27 oktyabrdan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich. Rossiyada butun pandemiya davrida jami 8 911 713 kishi koronavirus bilan kasallangan.

Shtab ma'lumotlari Rosstatnikidan farq qiladi, Rosstat 2020 yil aprelidan 2021 yil sentyabriga qadar mamlakatda 460 mingdan ortiq bemor shu kasallikdan vafot etganini qayd etgan (statistikadagi farq ma'lumotlar yig‘ishdagi turlicha metodlar bilan izohlanadi).

Rossiyada kunlik kasallanish va o‘lim holatlari sentabr oyi oxiridan o‘sa boshlagandi. Hukumat bu o‘sishni vaksinatsiya juda past sur'atlarda olib borilayotgani bilan izohlagan. Kasallanish zanjirini uzish maqsadida noyabr oyi boshida prezident farmoni bilan mamlakat bo‘ylab ishlanmaydigan haftalik e'lon qilingandi.

Ishlanmaydigan kunlar muddatini uzaytirmagan hukumat (faqat besh region mustaqil qaror qabul qilib, lokdaunni uzaytirdi) Covid-19ga chalinish holatlari darhol kamayishini kutish to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida ogohlantirgan.

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko esa cheklov choralari va ishlanmaydigan kunlar vaziyatni o‘zgartirishiga ishonch bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtgacha 62 million rossiyalik vaksinaning kamida birinchi dozasini qabul qilgan (mamlakat aholisi 146 mln kishi atrofida).

AQSh chegaralarini ochdi

GETTY IMAGES

Dushanba kunidan AQSh xalqaro darajada tan olingan koronavirusga qarshi vaksinalar bilan to‘liq emlangan xorijliklar uchun o‘z chegaralarini ochdi. Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi esa ma'qullangan vaksinalar qatoriga hali kiritilmagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozircha rasman «Sputnik V»ni foydalanish uchun tavsiya etmagan, uning sertifikatlashtirish bo‘yicha jarayon hali davom etmoqda.

Rossiyalik siyosatchilar avvalroq buni «vaksina diskriminatsiyasi» deb atashgan va bu ishni paysalga solishning siyosiy sabablari borligini tusmol qilishgan. Xalqaro ekspertlar esa buni texnik sabablar bilan izohlaydi, xususan, Rossiya tomoni o‘z vaqtida vaksina sinovi bo‘yicha zarur ma'lumotlarni taqdim etmagan.

E'tiborli jihati, pandemiyaning pik davrida «Sputnik V» bilan emlangan rossiyaliklarni AQShga kiritishayotgandi: 2020 yilda mamlakatga Rossiyaning 300 mingga yaqin fuqarosi kirgan (ammo ularning barchasi safar uchun arzirli sabab ko‘rsatishi talab etilardi). Keyinroq Amerika hukumati «Sputnik V»ni ishonchli vaksina deb tan olishdan bosh tortdi va bunday qarorga preparat JSST tomonidan ro‘yxatga olinmaganini asos qilib ko‘rsatdi.

AQShga xorijliklar kirishi bo‘yicha taqiq Donald Tramp prezidentligi davrida joriy etilgan va 2020 yil martidan buyon amalda. Koronavirus tarqalishi boshlangan Xitoy fuqarolariga nisbatan taqiq esa undan avvalroq joriy etilgandi.

Turli aviakompaniyalar va sayyohlik agentliklari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, taqiq bekor qilingani haqidagi xabardan keyin yuz minglab kishilar AQShga reyslar va ushbu mamlakatdagi mehmonxonalardan nomerlar buyurtma qilishgan.

Emlanganlik to‘g‘risidagi pasportdan tashqari, turistlar so‘nggi 72 soat ichida topshirilgan PsR-testning manfiy natijasini ham taqdim etishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ular kasallanish holatlarini kuzatish tizimi uchun kontakt ma'lumotlarini to‘liq berishga majbur. AQShga borganda karantinda o‘tirish ko‘zda tutilmagan.

Amerika hukumati mamlakat eshiklari AQSh ma'muriyati yoki JSST tomonidan ma'qullangan preparatlar bilan emlanganlar uchungina ochiqligini bildirgan. Bu shuni anglatadiki, Johnson & Johnson vaksinasining bir dozasi yoki quyidagi vaksinalarning ikki dozasini qabul qilganlargina mamlakatga kirishga muvaffaq bo‘ladi:

  • Pfizer-BioNTech
  • Moderna
  • AstraZeneca
  • Covaxin
  • Covishield
  • BIBP/Sinopharm
  • Sinovac

Amerikaliklar ham ko‘p vaqt davomida boshqa mamlakatlarga bora olishmadi, ammo ularning kirishiga nisbatan taqiqlar avvalroq yechilgandi. Masalan, Yevroittifoq mamlakatlari iyun oyidayoq AQShdan uchib keluvchilarni qabul qila boshlagan, Britaniya esa - iyul oyi oxirida.

AQShning Kanada va Meksika bilan quruqlikdagi chegaralari ham to‘liq vaksinalanganlar uchun ochiq. Xabar qilishlaricha, Meksika chegarasining ayrim uchastkalarida bu yumshashdan foydalanish maqsadidagi minglab kishilar to‘plangan.

Pandemiya vaqtida minglab meksikalik oilalar bir-biridan ayro qolishdi. Ammo ularning ko‘pchiligi hamon muammolarga duch kelishi mumkin, chunki Meksikada Lotin Amerikasining boshqa qator mamlakatlari singari aholining bir qismi «Sputnik V» bilan emlangan.

Emlanmagan singapurliklar o‘z mablag‘lari hisobidan kasal bo‘ladi

Singapur aholisining katta qismini emlagan bo‘lsa-da, pandemiya davridagi eng kuchli kasallanish to‘lqinini boshdan kechirmoqda. NURPHOTO

Singapur hukumati dekabr oyidan boshlab, Covid-19’ga qarshi emlanmagan bemorlarga kasallik uchun shifoxona to‘lovlarini to‘lashni to‘xtatadi. Tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra emlanmaganlar bundan mustasno.

Singapur sog‘liqni saqlash tizimi davlat va xususiy sektordan iborat. Bepul tibbiyot singapurliklarning maxsus jamg‘armalarga majburiy badallar hisobidan qisman qoplanadi.

Biroq pandemiya boshlangach, hukumat koronavirus bilan kasallangan fuqarolarning tibbiy to‘lovlarini davlat tomonidan bevosita subsidiyalar (xorijga sayohatdan keyin kasallanganlardan tashqari) yo‘li bilan to‘lashga qaror qildi.

Endi ataylab emlanmaganlar uchun bu imtiyoz bekor qilinadi. Qat'iy chora mamlakatda kasallikning keskin avj olishi bilan bog‘liq. Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Singapur pandemiya davridagi eng jiddiy oqimni boshdan kechirmoqda: har kuni 2-3 ming kishi kasallanmoqda, o‘nlab bemorlar vafot etmoqda.

Singapurdagi emlash miqyosi dunyodagi eng ta'sirli ko‘rsatkichga ega: jami aholisi 5,5 mln kishini tashkil etuvchi mamlakat aholisining 85 foizi vaksinaning ikkala dozasini ham olgan.

AQShda vaksina bo‘yicha sud jarayoni

AQSh hukumati vaksinatsiya masalasida jamoatchilikning keskin qarshiligiga duch kelmoqda. «Majburiy vaksinatsiya noinsoniylikdir» deyiladi namoyishchilar ko‘targan bannerlardan birida.

Tibbiy va diniy sabablarga ko‘ra majburiy emlanishdan ozod bo‘lishga erishgan AQShning Boeing kompaniyasi xodimlari soni 11 ming kishiga yetdi. Bu esa kompaniyaning AQSh hududidagi jami xodimlarining 9 foizi. Boeing konsernda emlanishga qarshilar kampaniyasi pishib yetilayotganini bilardi, biroq bu darajada ommaviy tus olishini kutmagandi.

Avvalroq mamlakat bo‘ylab bir qator korxonalar, shuningdek, bir necha shtat prokuraturalari majburiy vaksina to‘g‘risidagi qarori sababli AQSh mehnat vazirligi ustidan shikoyat qilgandi. O‘tgan dam olish kunlari Yangi Orlean appelyatsion sudi bu talab amal qilishini to‘xtatdi.

Biroq sud jarayoni davom etmoqda. 8 noyabr kuni Jo Bayden administratsiyasi Oq uy xodimlar soni yuz va undan ortiq kishidan iborat kompaniyalar uchun majburiy emlanishni kiritish uchun yetarli vakolatga ega ekanini sudda ma'lum qildi.

Dunyoda yana nima gaplar?

GETTY IMAGES

Germaniyada ham kasallanish darajasi ortmoqda. Tibbiyot xodimlari yuzaga kelgan vaziyatda rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotlarini bekor qilish yoki keyinroqqa qoldirishga majbur ekanliklarini aytishmoqda.

Mamlakatdagi vaziyat bir necha haftadan beri yomon. Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 28 kun ichida Germaniyada qariyb yarim million kishi kasallangan. Emlash sur'atlari esa sekinlashdi.

9 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati sog‘liqni saqlash tizimining barcha xodimlari uchun majburiy emlanish haqida e'lon qildi. Qariyalar uyi va internatlar ishchilari uchun yil boshida emlanish majburiy qilingan edi.

Isroil hukumati yopiq eshiklar ortida bolalarni emlash uchun ruxsat berilishini muhokama qilmoqda. Mamlakatning ayrim shaharlarida kutilmagan norozilik namoyishlari o‘tkazildi.

Yangi Zelandiya parlament binosi atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. U yerda emlanganlik pasporti va mamlakatda epidemiologik vaziyat o‘zgarishi hisobga olinib, hali ham kiritilayotgan mahalliy lokdaunlarga qarshi bo‘lgan minglab odamlar yig‘ildi.

Yangi Zelandiya pandemiya boshida dunyoda birinchi bo‘lib tashqi chegaralarni yopdi va yalpi karantin joriy qildi. Mamlakat hukumati tezkorligi va qat'iyatliligi uchun xalqaro maydonda bir necha bor olqishlandi hamda aholi tomonidan hukumatga bo‘lgan ishonch qayd etildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top