21:42 / 30.01.2022
45968

«Axir men diktatorman, demokratiyani tushunmayman» – Lukashenko millatga murojaatida nimalar dedi?

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat xalqi va Milliy majlisga murojaat qildi. Nutqi davomida Lukashenko G‘arbning nomaqbul harakatlariga vaqtida qarshilik qila olmagani uchun kechirim so‘radi, yoshlarga esa non daraxtda o‘smasligini uqtirdi.

PAVEL ORLOVSKY/TASS

Bu gal Belarus prezidentining murojaati odatdagidan boshqacha o‘tdi. Unga turli kasb vakillari: siyosatchilar, iqtisodchilar, o‘qituvchilar va jurnalistlar taklif etildi. Prezidentning aytishicha, keyingi murojaatlar shunday formatda o‘tadi.

Belarus Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etadimi?

Lukashenko nutqi davomida bir necha marta Ukrainadagi ehtimoliy urush mavzusiga to‘xtaldi. Bu haqda G‘arb nashrlari o‘tgan yil oktyabridan buyon ogohlantirib keladi. Ular Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ortiq qo‘shin to‘plaganini aytishadi. G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga hujum Belarus hududidan ham boshlanishi mumkin. AQSh Davlat departamenti Belarusni o‘z hududidan bosqin uyushtirilishiga imkon bersa, jiddiy choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan.

Rasmiy Moskva va Minsk Belarusda fevral oyida qo‘shma harbiy mashg‘ulot boshlanishini e’lon qilgan. Lukashenko urushning ehtimoliy holatlari haqida gapirar ekan, u ikki holatda sodir bo‘lishini aytgan: yoki Belarusga to‘g‘ridan to‘g‘ri agressiya amalga oshirilsa yoki Belarusning ittifoqchisi Rossiyaga hujum qilinsa.

«Bularni shunchaki istisno sifatida aytdim. Ammo juda-juda umid qilamanki, bu ikki holatda ham urush qilishga majbur bo‘lmaymiz», dedi Lukashenko.

«O‘g‘illaringizni urushga yuborasizmi?»

Murojaat vaqtida Lukashenkoga zaldagilar ham savol berishdi. Mogilyovlik o‘qituvchi shunday savol bilan murojaat qildi: «Urush boshlansa, frontga o‘g‘illaringizni yuborasizmi?»

Bunga javoban Lukashenko o‘zining ham, boshqalarning ham farzandini urushga yuborish maqsadi yo‘qligini aytdi.

Mustaqillik masalasi

Lukashenko nutqi davomida mamlakat mustaqilligi va suvereniteti haqida ko‘p gapirdi. U belaruslar milliy davlatchilikni qo‘lga kiritish uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tgani va ularda ikkinchi imkoniyat bo‘lmasligini ta’kidladi. Lukashenko ayni damda mamlakat mustaqilligiga jiddiy tahdid xavf solayotganini aytdi.

«2020 yil avgustida nima bo‘ldi? Belarus xalqi evolyutsiyasini yo‘qotishga urinish bo‘ldi», dedi Lukashenko prezidentlik saylovida uning g‘alaba qozonganidan norozi bo‘lgan minglab odamlar ko‘chaga chiqqan namoyishlar haqida gapirar ekan. Lukashenko saylovda o‘zi g‘alaba qozonganini iddao qilib, namoyishlar noqonuniy bo‘lganini aytib keladi.

Belarus prezidentining iddaosicha, namoyishchilar mamlakatni tizzalatib, tashqi kuchlar ta’siriga tushib qolishi uchun harakat qilgan. Lukashenkoga ko‘ra, mamlakatdagi tartibsizliklarni yuzaga keltirishga 6 milliard dollar sarflangan, G‘arb turli dasturlar, seminarlar orqali insonlar fikrini o‘zgartirgan.

Belarus prezidenti ikki yil avval avgustda sodir bo‘lgan voqealarda G‘arbni ayblar ekan, ularning nomaqbul harakatlarini noto‘g‘ri baholab, kech chora ko‘rgani uchun kechirim so‘radi. Lukashenkoning aytishicha, xorijiy agentlar Belarusga ekolog, huquq faoli va jurnalist sifatida kelgan. U esa o‘sha vaqtda «iqtisod bilan band bo‘lgan».

Belarus rus tilidan voz kechish (u bizning rus tilimiz deb gapirdi), yodgorliklarni buzish, NATOga intilish kabi g‘oyalarni ilgari surish Belarusdagi holatni izdan chiqarish uchun targ‘ib qilingan. Ichki holat izdan chiqishi, milliy mustaqillik yo‘qotilishi va tarixning qayta yozilishiga Lukashenko Ukrainani misol qilib keltirib, o‘z mamlakatida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

Lukashenko mamlakatda davlat boshqacharoq bo‘lishini istaydigan odamlar borligini tan olib, ularning ham talablari inobatga olinishiga va’da berdi. Qizig‘i, keyinroq Lukashenko «o‘zgacha davlat tuzishga intilish»ni banditizm deb atadi.

«Demokratiya bu – intizom»

Lukashenkoga zaldagilardan biri belaruscha demokratiyani qanday tushunishi haqida savol berdi. Bu savolga javob bergan Lukashenko yana bir marta o‘zining diktator ekanini tan olishdan uyalmadi: «Axir men diktatorman, demokratiya nimaligini tushunmayman». Lukashenkoning bu gapini kulgi bilan qarshi olishdi.

Lukashenkoning fikricha, demokratiya bu tartib intizom demak, Yevropada bo‘lgani kabi «haddan oshishga imkon beradigan» anarxiya emas. Uning fikricha, G‘arb demokratiyasi obro‘sizlanib bo‘ldi va o‘rnak bo‘lgulik emas. «Demokratiya va so‘z erkinligi vatani ekanini iddao qiladigan Amerikada butun boshli mamlakat prezidentining «og‘zini yopishdi» (katta ehtimol bilan Trampning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari bloklangani nazarda tutilmoqda). Trampni qamashlariga sal qoldi», dedi u G‘arb demokratiyasining havas qilarli emasligini aytar ekan.

Lukashenko prezidentlik muddati haqidagi savolga ham javob berdi va maksimum ikkita muddatga ruxsat berilishi tarafdori emasligini aytdi. «Bilaman, ko‘pchilikning joniga tegdim, dazmolni yoqsa ham, Lukashenko chiqib kelaveradi», dedi Belarus prezidenti. Ammo uning aytishicha, o‘shanda (2020 yil avgustda) holat unga lavozimini tark etish imkonini bermagan.

Lukashenko oxirgi saylovlarda keyinchalik uning hukumatini qoralamasliklari uchun rozi bo‘lganini aytdi. Uning aytishicha, hech qanaqa Babarikoni qamatmagan, lekin barcha nomzodlar firibgar bo‘lgan.

Belarus prezidenti mamlakatda shaxsga sig‘inishni targ‘ib qilmaganini aytdi. «Men haykalga aylanganim yo‘q, gapingizni o‘zimga aytishingiz mumkin», dedi Lukashenko mamlakatdagi norozi kayfiyatda bo‘lganlarni tashqaridan prezidentga nima qilishni o‘rgatadigan noshukrlarga qo‘shilmaslikka chaqirar ekan.

Konstitutsiya bo‘yicha taklif

Lukashenkoning bu safargi murojaati «xalqchil» formatda o‘tdi. 2,5 mingga yaqin kishi orasida Belarus hayotining barcha jabhalariga mansub odamlar bor edi. PAVEL ORLOVSKY/TASS

Lukashenko xalq yangi konstitutsiyani tasdiqlasa, birinchilardan bo‘lib fuqarolik jamiyati bo‘yicha qonun qabul qilinishiga va’da berdi. Uning fikricha, xorijdagi qochoqlar odamlarning bu boradagi fikrini o‘zgartirib yuborgan.

27 fevral kuni Belarusda yangi konstitutsiya bo‘yicha umummilliy ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Unda prezident vakolatlari, daxlsizligi va u o‘ldirilgan taqdirda qanday harakat qilish bandlari kiritilishi taklif qilingan. Yangi konstitutsiyada nikoh faqat erkak va ayol o‘rtasida tuzilishi, mamlakatda tinch atom harakatini rivojlantirish, yadro qurolidan xoli hudud bo‘lish statusini bekor qilish kabi takliflar mavjud.

Lukashenko mamlakat mustaqilligi bebaho narsa ekanini aytar ekan, belaruslar bu uchun borini berishga tayyorligiga ishonch bildirdi. «Mustaqillik uchun nimalarga tayyorsiz? Bu borada javobingizni referendum kuni bilib olaman», dedi prezident.

«Eng yuqorini maqsad qilmang»

Nutqi davomida mamlakat yoshlariga murojaat qilgan Lukashenko ularni mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishlarini so‘radi, ammo eng yuqorini ko‘zlash shart emasligini aytdi. O‘zining yosh prezident bo‘lishi tasodif ekanini aytgan Lukashenko ortiq bunday bo‘lmasligiga va’da berdi.

U yoshlarga non va hamburger daraxtda o‘smasligini aytdi: «Hamma narsa mehnatdan keladi, buni men o‘ylab topmaganman». Lukashenko yoshlarga ko‘p maosh kerakligi, ammo ularni maqtash zararli ekanini aytdi.

Lukashenko belaruslarning umrini uzaytirish uchun qo‘lidan kelganini qilishini aytdi. Prezident tibbiyotning butun kuchi erta diagnostikaga qaratilishini ta’kidladi: «Nima qilsangiz, qiling, lekin odamlarni davolang. Istasangiz davlat buyurtmasi asosida qiling», dedi Lukashenko mamlakat sog‘liqni saqlash vaziriga qarata. U G‘arbda hech bir davlat odamlarni bepul davolamasligini ham eslatdi.

«Aqlsizlik nazorat ostida»

Lukashenko Belarus dunyoni siyosiy qayta qurish jarayoni epimarkazida turganini ta’kidladi. © Pavel Orlovskiy/BelTA/TASS

Mamlakatning iqtisodiy rejalari haqida gapirgan Lukashenko «choraklik», «besh yillik» iboralarini tez-tez ishlatdi. Uning fikricha, «g‘alamislar har qanday inqirozda hukumatni ayblamasligi uchun» iqtisodiy infratuzilmani tiklash siyosiy vazifa. U Rossiya bilan yaqinlik iqtisodiyotning asosi ekani, shu sabab Moskva bilan munosabatlar yanada yaqinlashishini aytdi.

«Rossiya Belarusni «yutib yubormoqchi» degan safsatani bas qiling, bu bo‘lmagan gap», dedi Lukashenko. U Xitoy bilan hamkorlikni ham iqtisodiy va siyosiy masala deb atadi. Lukashenko xalqaro sanksiyalardan qo‘rqmasligini aytdi. Uning fikricha, mamlakat juda ko‘p eksport qilmaydi va milliardlab odam yashaydigan hamkorlari borligi tashqi savdo aylanmasi borasida rejalarni to‘ldirish uchun kifoya qiladi.

Qo‘shni davlatlarga, xususan, Litvaga Lukashenko Belarus bilan iqtisodiy urushni to‘xtatishni tavsiya qildi. Uning fikricha, keyingi bosqichda haqiqiy urush boshlanib ketadi. «Aqlsizlik hali jilovda bo‘lgan vaqtda» yuzini saqlab qolishni maslahat berdi.

Mavzuga oid
Top