17:19 / 29.06.2022
37006

Uning “tanka”si bormi? Navoiy ko‘chasida noqonuniy qurilish bo‘lyapti

Toshkentdagi Chorsu bozori yaqinida, sobiq “GUM”ning ro‘parasida ketma-ket kitob do‘konlari joylashgan. Uzoq yillardan beri bu yerda kitoblar va o‘quv qurollari sotiladi. Yaqinda noma’lum firma ana shu do‘konlar qatorini to‘sib, beruxsat konstruksiya qurgan; hozir esa uni buzish haqida kadastr organining talabini bajarmayapti.

Boshlangan qurilish bu yerda anchadan beri ishlab kelayotgan do‘kondorlarda e’tiroz uyg‘otyapti. Oq soyabonga o‘xshash konstruksiya ichida allaqachon boshqa savdogarlar joylashib, savdosini boshlagan.

“Bunaqangi soyabonlar ko‘payib, butun bir qatorni egallab oladi-ku, shunday bo‘lsa, bizning do‘konlar to‘sib qo‘yiladi”, – deydi o‘sha yerda kitob sotish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkor.

“Bu qurilishni qilayotganlar kitob sohasiga yaqin tijoratchilar emasligi ko‘rinib turibdi. Buning ustiga qurilish noqonuniy, chunki hech qayerdan ruxsat olinmagan. Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga murojaat qildik, ular bu qurilishga ruxsat bermagan. Kadastr agentligiga ham murojaat qilganmiz, ular ham bu qurilishning hech qanday hujjatsiz ekanini tasdiqlashdi.

Buzilishi uchun vaqt berishdi. Buzishga berilgan muhlat tugab bo‘ldi, buzilishidan esa darak yo‘q. Vaholanki, agar hozir oldimga qurut sotadigan “budka”ni qo‘ysam, bir kunga qolmay hamma tashkilotlardan odamlar kelib, bu ishim noqonuniy ekanini isbotlab berib, o‘zimni jarimaga tortib, yana bu qurilmamni o‘zimning hisobimdan buzdiradi, shunday bo‘lishiga aminman. Qonun nima sababdandir shular (soyabonni qurganlar)ga ishlamay qolishi g‘alati”, – deydi tadbirkor Jamoliddin Muhammadjon.

“Yangi “budka” qurib, yangi ish o‘rinlarini yaratish mumkindir, lekin eski ish o‘rinlari nima bo‘ladi? Bu narsa paydo bo‘lgani uchun 7 yildan beri ishlayotgan ish o‘rinlari qisqartirilishi kerakmi? Soliq to‘lab turgan tashkilotlar yopilishi kerakmi?

Agar bu qurilish amalga oshsa, biz xuddi ombordek bo‘lib qolamiz. Bu yerga aholi o‘tmaydi, savdo ham qila olmaymiz, axir bir xil narsa sotamiz”, – deb ta’kidlaydi boshqa bir mahalliy tadbirkor.

“Zebiniso” kitob do‘konida ishlayman, shu vaqtgacha xalqimizga kitob ulashib kelyapmiz. Kitob savdosi bilan shug‘ullanamiz. Do‘konimiz yonida shu hamkasblar bilan birga “yashil hudud” barpo qildik. Lekin oldimizda noqonuniy obekt qurishmoqchi, buning oqibatida bizning do‘konlar to‘silib qoladi, ish faoliyatimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun biz bu narsaga juda qarshimiz”, – deydi kitob sotuvchilaridan biri.

Kun.uz kitob do‘konlarining oldidagi qurilish qanchalik qonuniy ekani, qolaversa, yerning kimning balansida-yu, tadbirkor qanday hujjat asosida u yerda qurilish boshlaganini bilish maqsadida Kadastr agentligining Shayxontohur tumani bo‘limi hamda tuman hokimiyati qurilish bo‘limi vakillari bilan suhbatlashdi.

Azizbek To‘lqinov, Shayxontohur tumani kadastr bo‘limi yetakchi inspektori:

— Chorsu mavzesi 42-uy oldida yuridik shaxs tomonidan soyabon qurilgani aniqlangan. Bu bo‘yicha fuqarolarning murojaati kelib tushgan. Holat yuzasidan joyiga chiqib o‘rganish natijasida o‘zboshimchalik bilan egallangan joyda noqonuniy tarzda soyabon qurilayotgani aniqlangan.

Soyabon qurilgan joy davlat balansidagi yer hisoblanadi. U yer hech kimga tegishli emas, hech qanday ruxsat va huquqiy hujjatsiz soyabon qurilgan. Hozirda atroflari yopilib, do‘kon sifatida foydalanish harakatida ekan.

Ayni vaqtda sud qarorini kutyapmiz, shunga asosan chora ko‘rilishi ko‘zlangan. Biz ularga nisbatan ogohlantirish berganmiz, bu muammo bartaraf etilishi uchun 15 kun muhlat berganmiz, lekin 15 kun ichida bartaraf etilmagani uchun sudga da’vo arizasi kiritilgan, shu qarorga asosan tegishli choralar ko‘riladi.

Kun.uz bog‘langan Shayxontohur tuman hokimligining qurilish bo‘limi vakili poytaxt markazidagi bu noqonuniy qurilish egalari haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Dilshoda Shomirzayeva,
Muhiddin Nido,
Kun.uz

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top