11:06 / 30.06.2022
10951

Filippinda diktator Markosning o‘g‘li prezident sifatida qasamyod keltirdi

Kichik Ferdinand Markos Filippinning 17-prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. Rodrigo Dutertening qizi Sara Duterte-Karpio vitse-prezident etib saylandi.

Foto: Picture Alliance

Filippinda sobiq diktator Ferdinand Markosning o‘g‘li Filippin prezidenti bo‘ldi. 30 iyun, payshanba kuni Bongbong Markos nomi bilan tanilgan kichik Ferdinand Markos 17-davlat rahbari sifatida qasamyod keltirdi. Tantanali marosim Maniladagi Milliy tasviriy san’at muzeyida yuzlab taniqli mehmonlar, jumladan, xorijdan kelganlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

64 yoshli kichik Markos 9 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozondi. Prezident Rodrigo Dutertening qizi Sara Duterte-Karpio vitse-prezident bo‘ldi va 9 iyun kuni qasamyod keltirib, 30 iyun kuni lavozimiga kirishdi.

Dutertening olti yillik avtoritar boshqaruvidan so‘ng, huquq himoyachilari, katolik cherkov vakillari va siyosatshunoslar kichik Markos prezidentlik lavozimida yanada avtoritar kursni tanlashi mumkinligidan xavfsiramoqda. Saylov kampaniyasida u oilasining o‘tmishdagi shafqatsizligi va korrupsiyasini qoralashdan bosh tortdi.

Katta Ferdinand Markos 1965-1986 yillarda Filippinning 10-prezidenti bo‘lgan. Xalq qo‘zg‘oloni natijasida u oilasi bilan AQShga qochib ketgan va u yerda ularga siyosiy boshpana berilgan. 1989 yilda sobiq diktator Havayida vafot etdi. 2016 yilda oila Filippinga qaytib kelgach, kichik Markos vitse-prezidentlik uchun saylovda qatnashdi va Leni Robredoga imkoniyatni boy berdi. Joriy saylovda diktatorning o‘g‘li o‘zining asosiy raqibi Robredodan ikki baravar ko‘p ovoz to‘plab, ishonchli g‘alabaga erishdi.

Ko‘plab shov-shuvli harakatlari va bayonotlari bilan tanilgan Rodrigo Duterte o‘tgan yilning oktyabr oyida siyosatdan ketishini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid
Top