Jahon | 17:13 / 10.12.2023
15022
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Filippin kemalari faoliyatiga to‘sqinlik qildi

Filippin hukumati Janubiy Xitoy dengizidagi Skarboro marjon qoyalari atrofidagi filippinlik dengizchilarga yonilg‘i yetkazib berishga uringan kemalariga Xitoy kemalari tomonidan suv purkagichlar qo‘llangani haqida ma’lum qildi. Bu hudud ko‘p yillardan buyon Xitoy va Filippin o‘rtasida hududiy bahsga sabab bo‘lib keladi.

Foto: Reuters

Filippin hukumati e’lon qilgan videoyozuvda Xitoy kemasi Filippinga tegishli kemaga xalal berish uchun kuchli vodomyotlardan foydalanganini ko‘rish mumkin.

Filippin hukumat agentligida e’lon qilingan bayonotda Xitoy chegara xizmati kemasi vodomyotlardan foydalangani va filippinliklar «noqonuniy tajovuzkor harakatni qat’iy qoralashi» aytilgan.

Pekin esa Xitoy hududiy suvlariga noqonuniy kirgan kemalarga qarshi «nazorat choralari» ko‘rilganini ma’lum qilgan.

2012 yilda Xitoy Skarboro marjon qoyalari ustidan nazorat o‘rnatilganini e’lon qildi va unga rasman Xunyan oroli deb nom berdi. Shundan keyin Xitoy kemalari bu hududda bir necha marta filippinliklarning baliq ovlovchi kemalari faoliyatiga xalaqit berishga urindi.

Bu hafta Filippin hukumati Janubiy Xitoy dengizida, jumladan Skarboro marjon qoyalari atrofida xitoyliklarning 135 dan ortiq harbiy kemalari jamlangani haqida xabar qilgandi.

Skarboro marjon qoyalari kimga tegishli ekani borasidagi bahslar ko‘p yillardan buyon davom etib keladi, ammo o‘tgan yili kichik Ferdinan Markos Filippin prezidenti bo‘lganidan keyin bu masala yana keskinlasha boshladi.

Noyabrda Filippin AQSh va Avstraliya bilan birgalikda bir necha havo va dengiz patrullarini amalga oshirgandi.

2016 yilda xalqaro tribunal Xitoyning Janubiy Xitoy dengizining 90 foiziga da’volarini bekor qilgandi, ammo Pekin bu qarorni tan olmagan va bahsli suvlarda sun’iy orollar barpo etishda davom etmoqda.

Janubiy Xitoy suvlariga egalik masalasi ham Xitoy va AQSh munosabatlarini murakkablashtiradi.

Oktyabr oyida Amerika prezidenti Jo Bayden Filippin hujumga uchragan taqdirda AQSh armiyasi unga yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgandi. U bu haqda Janubiy Xitoy dengizida filippinliklar va xitoyliklar kemasi ikki bor to‘qnashib ketganidan bir necha kun o‘tib aytib o‘tgandi.

Bu hududdagi ayrim suvlarga Tayvan, Malayziya, Viyetnam va Bruney ham da’vo qiladi.

Mavzuga oid