17:21 / 24.08.2022
26548

«Oldin tinchlik degan edik. Endi g‘alaba demoqdamiz» - Zelenskiy Ukraina mustaqilligi kunida o‘z xalqiga murojaat qildi

Volodimir Zelenskiy mustaqillik kuni munosabati bilan qilgan murojaatida Ukraina urush to‘xtashi evaziga o‘z hududlarini topshirmasligini aytdi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevda yakson etilgan rus tanklari fonida mamlakat aholisini mustaqillik kuni bilan muborakbod etdi.

Mustaqil Ukrainaning ozod xalqi!

Shu so‘zlarning o‘zi kifoya qiladi. Faqat to‘rtta so‘z, lekin bugungi kunda ularning tagida qancha ma’no bor. To‘laqonli urushning 182-kuni. Bu so‘zlarda qancha ramz va ma’no, jasorat va qurbonlar, quvonch va azob bor. Eng muhimi, ularda qanchalik haqiqat bor. Bizning haqiqatimiz. Hozirgi kunimiz haqidagi haqiqat, undan shubhalanib bo‘lmaydi, chunki ko‘rmaslik va tan olmaslikning iloji yo‘q. Biz mustaqil Ukrainaning ozod xalqimiz. Olti oy davomida bizni yo‘q qilishga urinishdi, biz esa mustaqil Ukrainaning ozod xalqimiz. Bu kelajagimiz to‘g‘risidagi haqiqat. Mustaqil Ukrainaning ozod xalqi.

Yarim yil oldin Rossiya bizga urush e’lon qildi. 24 fevral kuni butun Ukraina portlash va otishma ovozlarini eshitdi. 24 avgust kuni u «Mustaqillik kuningiz muborak bo‘lsin» degan so‘zlarni eshitmasligi kerak edi. 24 fevral kuni bizga: «Sizda hech qanday imkoniyat yo‘q», deyishdi. 24 avgust kuni biz: «Mustaqillik kuni bilan, Ukraina!», demoqdamiz.

6 oy ichida biz tarixni o‘zgartirdik, dunyoni o‘zgartirdik va o‘zimizni o‘zgartirdik. Endi biz kim haqiqatan ham birodarimiz va do‘stimiz ekanini, kim hatto oddiy tanish emasligini aniq bilamiz. Kim o‘z nomi va obro‘sini yo‘qotmaganini, kim terrorchilar obro‘si uchun xavotirlanganini bilamiz. Kimga kerak emasligimizni va qaysi eshiklar biz uchun ochiqligini bilamiz. Biz kimning kim ekanini tushundik. Butun dunyo ham ukrainaliklar kimligini, Ukraina qanday mamlakat ekanini bilib oldi. Endi hech kim u haqda: «O‘sha taraflarda, Rossiyaga yaqin joyda» deb gapirmaydi.

Biz o‘zimizni hurmat qila boshladik. Har qanday yordam va qo‘llab-quvvatlashga qaramay, mustaqilligimiz uchun bizdan boshqa hech kim kurashmasligini angladik. Va biz birlashdik.

Bizda hali «Haymarslar» yo‘q edi, lekin qo‘llari bilan tanklarni to‘xtatishga tayyor odamlar bor edi. Biz uchun osmonni yopishga tayyor emasdilar, lekin bizda ona yurtini tanasi bilan yopishga tayyor odamlar bor edi.

Ukraina xalqi va uning jasorati butun dunyoni ilhomlantirdi. Adolat hali dunyoni to‘la tark etmagani haqida insoniyatga umid berdi. Unga kuch emas, balki haqiqat g‘alaba qozonishi, pul emas, qadriyatlar ustun kelishi, neft emas, odamlar zafar quchishi haqidagi umidni berdi.

Kechagina dunyo tarqoq edi. COVID-19 aniq ko‘rsatdi: har kim o‘zi uchun kurashadi. Olti oy o‘tgach, Ukraina buni o‘zgartirdi. Jahon tarixining barcha darsliklarida «Ukraina dunyoni birlashtirgan davr» degan bob bo‘ladi. Demokratiya tishlari yana o‘sib chiqmoqda. Zolim o‘zi tushunadigan tilda javob olmoqda.

Kimdir: «Endi Yevropaning ta’siri kamaydi. Zaif, tarqoq, passiv va uyquchi» dedi. Ukraina butun qit’ani tetiklashtirdi. Yevropa maydonlarga chiqmoqda. Katta sanksiyalar joriy qilmoqda. Yevropa bir ovozdan tan olmoqda: Ukraina – Yevropa Ittifoqining kelajakdagi a’zosi.

Katta biznes pulning hidi borligini, undan qon, tutun va o‘lim hidi kelishini tushundi. Korporatsiyalar va brendlar Rossiya bozorini tark etmoqda, ehtimoliy zarardan ko‘ra, odamlar muhim ekanini tushunmoqda.

Dunyoda hech qachon jamiyatning fikri siyosatchilarga bunchalik ta’sir ko‘rsatmagan. Bugungi kunda odamlar trendlar va axloq qoidalarini hokimiyatga yetkazmoqda. Befarq, harakatsiz, sust bo‘lish – uyat. Qat’iyatsiz va juda ehtiyotkor bo‘lish – uyat. Bo‘shashgan holda, noaniq va juda diplomatik tarzda gapirish – uyat. Ukrainani qo‘llab-quvvatlamaslik – uyat. Ukraina charchatyapti deyish – uyat. Bu juda qulay pozitsiya: charchoq – ko‘zni yumish uchun qopqoq. Bugun biz dunyo yetakchilari va oddiy fuqarolardan: «Siz bilan oxirigacha, g‘alabaga qadar birga bo‘lamiz» degan gaplarni eshityapmiz.

Aziz xalqim!

Biz istiqlol uchun kurashgan barcha jangchilarni doimo ulug‘lab, bu kunni asosiy bayram, ko‘k-sariq bayroqni muqaddas deb ataganmiz. Qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, madhiyani kuylar ekanmiz, g‘urur bilan «Ukrainaga shon-sharaflar!» va «Qahramonlarga shon-sharaflar!», deganmiz.

24 fevral kuni so‘zlarni amallar bilan tasdiqlashga to‘g‘ri keldi. Shu kuni ikkinchi umumdavlat «referendumi» bo‘lib o‘tdi. Asosiy savol – mustaqillikka qog‘ozda emas, balki qalb va vijdon bilan «ha» deyish kerak edi. Saylov uchastkalariga emas, harbiy qo‘mitalarga, hududiy mudofaaga, ko‘ngillilar harakatiga, axborot qo‘shinlariga borishga yoki shunchaki, umumiy maqsad yo‘lida, o‘z ish o‘rnida qat’iyat va vijdonan, to‘liq kuch bilan mehnat qilishga to‘g‘ri keldi.

Hammamiz o‘zgardik. Ba’zilar ikkinchi marta tug‘ildi. Inson, shaxs, fuqaro, vatanparvar yoki shunchaki oddiy ukrainalik sifatida. Albatta, bu yaxshi yangilik. Kimdir g‘oyib bo‘ldi. Halok bo‘lmadi, o‘lmadi, shunchaki yo‘qolib ketdi. Inson, shaxs, fuqaro, ukrainalik sifatida. Bu ham yomon yangilik emas. Biz endi bir-birimizga halaqit qilmaymiz.

Biz tanladik. Ba’zilar Mariupolni, ba’zilar Monakoni. Ammo kimlar ko‘proq ekanini bilamiz. Nihoyat biz haqiqatan ham birlashdik. 24 fevral kuni ertalab soat 4 da yangi millat tug‘ildi. Qayta tug‘ildi. Yig‘lamagan, baqirmagan, qo‘rqmagan xalq. Qochmadi. Taslim bo‘lmadi. Unutmadi.

Bu bayroqni haqli joylarimizning hammasida o‘rnatamiz. Donbassda ham, Qrimda ham. Dushman gullar va shampan bilan kutib olinishini o‘ylagan edi. O‘rniga dafn gulchambarlari va Molotov kokteyllarini oldi. Qarsaklarni kutgan edi, endi portlash ovozlarini eshitmoqda.

Bosqinchi bir necha kundan keyin poytaxtimiz markazida parad o‘tkazishiga ishondi. Bugun Kreshchatik maydonida ushbu «parad»ni ko‘rish mumkin. Dushman texnikasi Kiyev markazida faqat shunday shaklda, yoqib yuborilgan, vayron qilingan va yo‘q qilingan holatda paydo bo‘lishi mumkinligi isbotlandi.

Armiyamiz qandayligi muhim emas, yerimiz qandayligi muhim. Biz uning uchun oxirigacha kurashamiz.

Biz olti oydan beri kurashyapmiz. Bizga qiyin, lekin mushtimizni tugib, taqdirimiz uchun kurashyapmiz. Har bir yangi kun taslim bo‘lmaslik uchun yangi sababdir. Chunki, ko‘p narsalarni boshdan kechirganimiz uchun oxiriga yetmaslikka haqqimiz yo‘q. Urushning oxiri biz uchun nimani anglatadi? Avval tinchlik degandik. Endi esa g‘alaba haqida gapiramiz.

Biz terrorchilar bilan muzokaraga intilmaymiz. Vaholanki, ular «himoya qilgani» kelgan rus tilini yaxshi tushunamiz. Ular go‘yo «ozod qilish» uchun kelishdi, ammo minglab insonlarni o‘ldirishdi.

Bizga rusiyzabon qotillar, zo‘ravonlar va talonchilardan ko‘ra inglizcha so‘zlaydigan Jonson ancha tushunarli va yaqinroq.

Biz qo‘rquv tufayli, o‘qtalgan to‘pponcha ostida muzokara stoliga o‘tirmaymiz. Biz uchun eng dahshatli temir – raketalar, samolyotlar, tanklar emas, balki zanjirlardir. Xandaqlar emas, balki kishanlar.

Biz faqat bir marta qo‘limizni ko‘taramiz – g‘alabamizni nishonlaganda. Butun Ukraina bo‘ylab. Chunki o‘z yerimiz va xalqimizni sotmaymiz. Barcha hududlarimiz biz uchun Ukrainadir. Barcha 25 ta mintaqa, hech qanday yon berish va murosasiz. Biz bu so‘zlarni bilmaymiz, ular 24 fevral kuni raketalar bilan yo‘q qilingan.

Donbass – Ukrainaniki. Yo‘l qanday bo‘lishidan qat’i nazar, biz uni qaytarib olamiz. Qrim – Ukrainaniki. Uni ham qaytarib olamiz. Askarlaringiz o‘lishini xohlamaysizmi? Yerlarimizni tark eting. Onalaringiz yig‘lashini xohlamaysizmi? Yerlarimizdan chiqib keting. Bu bizning oddiy va tushunarli shartlarimiz.

Mustaqil Ukrainaning ozod xalqi!

Biz bu kunni turli joylarda nishonlayapmiz. Ba’zilar xandaqlar, tanklar va jangovar mashinalarda, dengizda va havoda. Oldingi safda mustaqillik uchun kurashayotganda. Ba’zilar yo‘lda, avtomobillarda, yuk mashinalarida va poyezdlarda. Oldingi safdagilarga zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib berish jarayonida. Kimdir smartfonda yoki kompyuter oldida. Oldingi safdagilar uchun mablag‘ yig‘ish jarayonida – bu ham mustaqillik uchun kurash.

Biz bu kunni turli holat va sharoitlarda, hatto turli vaqt zonalarida nishonlayapmiz, lekin maqsad yagona – Ukrainaning mustaqilligini saqlab qolish va g‘alaba qozonish.

Biz birlashdik!

Mustaqillik kuni bilan, Ukraina!

Ukrainaga shon-sharaf!

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top