10:04 / 15.12.2022
16887

«Asosiy tarkibdagi o‘rnimni berib qo‘ymayman» - Masharipov «An Nasr»dagi kelajagi, o‘yin uslubi, Ronaldu va 7-raqam haqida

«An Nasr» klubi hamda O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda bir qator savollarga javob berdi.

Foto: Al Nassr FC

— Ayni paytda klubdagi holatingiz: shartnoma muddati, yangi kelishuv, ijara masalasi bordir, balki. Asosiy tarkibdagi o‘rningizni yo‘qotib qo‘ymadingizmi?

— Klubdagi holatim juda yaxshi. Jarohatdan qaytganimdan so‘ng Ispaniya va Saudiya klublariga qarshi ikki o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. Shu bahslardan murabbiylarning ishonchiga 70 foiz kirib oldim. Ispaniya klubiga qarshi o‘yindan keyin murabbiylar oldimga kelib, harakatlarimdan qoniqayotganini aytishdi. 

Bosh murabbiy Rudi Garsiyaning ishonchi oshdi. O‘rnimni yo‘qotib qo‘ymadim, asosiy tarkibga qaytib oldim. 16 dekabrda chempionatda «Ar Riyod»ga qarshi o‘yinimiz bor. O‘sha bahsda ham asosiyda o‘ynayman, Xudo xohlasa.

— «An Nasr» ambitsiyalariga ko‘ra «Al Hilol», «Al Ahli» yoki «Al Ittihod» bilan raqobat qila oladimi? Bayonotlar, harakatlar bordek, amalda-chi?

— Chempionatda 2-o‘rinda ketyapmiz, «Ash Shabob» peshqadam. Bu yil ancha kuchaydik. Maqsad — chempionlik. Buning uchun jamoada hamma narsa bor.

— Klub Ronalduga taklif yuborgani rostmi? Matbuotda aytilayotgan 200 mln funt va 2,5 yillik shartnoma-chi? Siz 7-raqamni aynan Krishtianu uchun berdingizmi?

— Klub Ronalduga taklif bilan chiqqani rost. Taklif qilingan pullar miqdori va shartnoma muddati ham bor gap. Menga klub rahbariyati murojaat qildi: «Jaloliddin, raqamingni olsak, xafa bo‘lmaysanmi? Biz Ronalduga taklif yubordik, u taklifni qabul qilsa va jamoaga kelishni ixtiyor qilsa, unga bu raqamni bo‘shatib qo‘ymoqchimiz», — deyishdi. Men esa «Muammo yo‘q, menga 77-raqamni beringlar», — dedim. Agar Ronaldu taklifni qabul qilmasa, kelasi mavsumdan yana 7-raqamda o‘ynayveraman. 

U jamoaga kelsa, bundan faqat xursand bo‘laman, chunki bu nafaqat klub va Saudiya futboli, balki men uchun ham katta voqelik bo‘ladi. Bunday kalibrdagi futbolchi bilan birga to‘p tepish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ochig‘i, uning kelishini o‘zim ham kutyapman. Birga o‘ynash nasib qilsa, undan o‘rganadigan narsalarim ko‘p. Bu rivojlanishimga ham yordam beradi. Uning «Nasr»ga kelishi shaxsan mening kareramdagi yana bir yangi sahifa bo‘ladi.

— O‘yin uslubingizni o‘zgartirishga urinmaganmisiz? Ko‘pchilik sizni jamoa uchun o‘ynash kerak bo‘lgan joyda o‘zingizni o‘ylashingiz, ayrim hollarda vaziyatlarni ko‘kka sovurishingizni tanqid qiladi. Xarakter bo‘yicha maksimalist va lidersiz, biroq o‘yin borasida pasayish bo‘mayaptimi? O‘zingizga sezilmayaptimi?

— O‘yin uslubimni o‘zgartirish haqida hech qachon o‘ylab ko‘rmaganman, o‘ylamayman ham. Uslubim nafaqat o‘zimga, ko‘pchilikka ham yoqadi. Qachon to‘pni saqlab turish, qayerda uzatishni juda yaxshi bilaman. Chetda o‘tirib gapirish oson, maydonda o‘ynaydigan — bizlar. Asosiy o‘yinlarda hech qachon to‘pni uzoq saqlab turmayman, chunki kichik detallar ham bahs masalasini hal qiladi. O‘ylaymanki, o‘yinimni o‘zgartirishim shart emas. Shu uslubim bilan yoshlikdan o‘ynab keldim, bir necha bor O‘zbekiston chempionati va Kubogida g‘olib chiqdim, eng yaxshi futbolchi bo‘ldim.

Menda «pijon»lik xarakteri yo‘q. Chetdan shunaqa ko‘rinishi mumkin. Ammo aslida unaqa emas. O‘zimni ko‘p tahlil qilaman. 

O‘zbekmiz — osonlikcha taslim bo‘lmaymiz. Mening xarakterim ham shunday. Shukr, o‘tgan ikki o‘yinda o‘z darajamni ko‘rsata oldim. Buyog‘iga ham shunaqa bo‘ladi, hech qachon joyimni osonlik berib qo‘ymayman.

 Bobur Akmalov suhbatlashdi

Top