20:26 / 21.02.2023
18352

O‘zbekiston va Misr «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston rahbari ko‘hna va betakror Misr zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Misr rahbariyati va xalqining ulkan yutuqlari O‘zbekistonni xursand qilayotganini aytdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar - Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning «Yangi Respublika» dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.

«Biz prezident janoblari bilan ochiq, do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan muloqotimiz davomida keng ko‘lamli hamkorligimizni rivojlantirishni muhokama qildik. Qarashlarimiz, yo‘nalishlarimiz birligini tasdiqladi.  Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida ko‘p qirrali aloqalarimizni kengaytirish masalalari bo‘yicha ham kelishib oldik. 

Tashrif doirasida gaz-kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmatsevtika, zargarlik kabi istiqbolli sohalarda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lishini alohida qayd etdik. Mana shu fursatdan foydalanib, misrlik hamkorlarimizga o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligimizni yana bir bor sizning yoningizda ham aytib o‘tmoqchiman.

Albatta, xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash qadriyatlar va azaliy do‘stlik rishtalari chambarchas bog‘lab turadi. Bugun ikki birodar xalq o‘rtasidagi mushtarak ma’naviy rishtalarni qayta tiklayapmiz desak, haqiqat. Ko‘p masalalar bo‘yicha biz ilm-fan, ta’lim bo‘yicha juda katta muloqot qildik. Kelajakda ishlarimiz bardavom bo‘lishi uchun ham juda katta asos borligini yana bir marta ko‘rdik», dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni ko‘paytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Birgalikda «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

O‘zbekiston rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olindi. Yetakchilar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytirmaslik zarurligini ta’kidladi.

«Xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Shu munosabat bilan ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shu ma’noda, ikki mamlakat shoir va adiblari, san’atkorlari va madaniyat arboblarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston rahbari buyuk alloma Ahmad Farg‘oniyning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining do‘stlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

U o‘z nutqi yakunida O‘zbekiston-Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlar farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashiga qat’iy ishonch bildirdi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Qohira aeroportida oliy martabali mehmonni Misr savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. O‘zbekiston rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Mavzuga oid
Top