Hindistondagi vaziyat: har kuni minglab odam o‘lmoqda, dafn gulxanlari tun-u kun yonmoqda
Hindistonda qatorasiga to‘rtinchi kun koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kunlik holatlar rekord qayd etdi - so‘nggi bir kunda 360 mingdan ortiq yangi holatlar aniqlandi. Mamlakatda har kuni minglab kishilar kasallik qurboni bo‘lmoqda. Rasmiy ma'lumotlarda bu raqam - uch mingga yaqin, ammo mahalliy aholi ko‘rsatkichlar bundan ham yomonroqligini aytmoqda.
Dehli va boshqa yirik shaharlarda o‘layotganlar soni shu qadar ko‘pki, jasadlarni kunduzi ham, kechasi ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chalarda yoqishga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘cha krematoriylaridan birining xodimi, yuzaga kelgan vaziyat urushni eslatishini aytib o‘tgan.
Hindistonda aprel oyi boshida koronavirus infeksiyasiga chalinish ko‘rsatkichlari keskin o‘sib ketdi. Mart oyi oxirida aholisi 1,4 milliard kishini tashkil etuvchi ushbu mamlakatda kuniga COVID-19 bilan bog‘liq 70 ming holat qayd etilayotgandi, aprel oyi boshida kunlik o‘sish 100 mingdan oshdi, 22 aprelga kelib bu ko‘rsatkich ilk bor 300 mingdan oshdi — 314 835, bu pandemiya boshidan buyon dunyo rekordi edi. Shuningdek, shu kuni kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari 2 mingdan oshdi va muttasil oshishda davom etmoqda.
Hindiston shifoxonalarida nimalar bo‘lmoqda?
Mamlakatdagi shifoxonalarda koykalar va kislorod yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Kasalxonalar bemorlarni qaytarmoqda, ayrim oilalar dori-darmon uchun «qora bozor»ga murojaat qilmoqda. BBC muxbiri aniqlashicha, bunday joylarda dorilarni rasmiy narxidan besh barobar yuqori narxlarda taklif etishmoqda.
Dehli shahri ma'muriyati rahbari o‘rinbosari Manisha Sisodiyaning aytishicha, poytaxtdagi shifoxonalarda kislorod umuman qolmagan.
Dehlida oliy sud hukumatni shahardagi shifoxonalarga kislorod ballonlari yetkazib bera olmagani uchun layoqatsizlikda aybladi.
Shuningdek, sud federal hukumat butun mamlakat bo‘ylab kislorod ballonlarini ishlab chiqaruvchilardan shifoxonalarga uzluksiz ta'minlab berishi shartligi haqida hukm chiqardi. Hukumat bunga javoban shundoq ham shtatlarga kislorod ballonlari uzluksiz yetkazib berilayotganini ma'lum qildi.
Hindiston epidemiyani qanday jilovlab kelayotgandi?
O‘tgan yili Hindistonda butun mamlakat bo‘ylab umummilliy karantin joriy etilgandi. Bu yil esa bu masala har bir shtatning o‘ziga havola qilindi.
Dehlida o‘tgan hafta oxirida bir haftalik karantin joriy etilgandi. Faqat eng zarur mahsulotlar sotiladigan do‘konlar, dorixonalar va kasalxonalar ochiq qoldirilgan.
Pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan Maxarashtra shtati rasmiylari ham yangi cheklov choralari joriy etgan. Bu shtatda kunlik kasallanish holatlari keskin o‘sa boshlagach, 14 apreldayoq karantin choralari qat'iylashtirilgandi.
Maxarashtra - Hindistonning eng boy shtati, uning hududida mamlakatning moliyaviy markazi - Mumbay joylashgan. Mamlakatdagi jami kasallanish holatlarining to‘rtdan bir qismi shu shtat hissasiga to‘g‘ri keladi. 200 mingga yaqin o‘lim holatining uchdan bir qismi shu shtatda qayd etilgan.
Hindistonda vaksinatsiya jarayoni qanday kechmoqda?
Qariyb bir yarim milliard aholiga ega bo‘lgan Hindistonda bugungi kunga kelib 140 millionga yaqin kishi vaksina qabul qilgan. Hozircha faqat sog‘liqni saqlash sohasi va shoshilinch xizmatlarning 45 yoshdan katta bo‘lgan xodimlari va surunkali kasalligi bor shaxslar emlanmoqda.
22 aprel kuni Pfizer Hindiston hukumati bilan arzonlashtirilgan baholarda Covid-19ga qarshi vaksinalar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qilgandi.
1 may kunidan vaksina 18 yoshdan kattalarning barchasi uchun mumkin bo‘lishi kutilmoqda. Ammo vaksinalarni yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli vaksinatsiya dasturi yanada sekinlashishi mumkin.
AQSh hukumati Hindistonda koronavirus infeksiyasiga chalinish darajasining keskin o‘sishi munosabati bilan mamlakatga qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatadi.
«Biz COVID-19’ning dahshatli avj nuqtasiga kelib qolgan Hindiston xalqiga hamdardlik bildiramiz. Sheriklarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz va biz Hindiston xalqiga va sog‘liqni saqlash xizmatlaridagi qahramonlarga qo‘shimcha yordam ko‘rsatamiz», deb yozdi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken tvitterida.
Ikkinchi to‘lqinga nima sabab bo‘ldi?
O‘tgan oyda Hindistonda kunlik kasallanish holatlari tez sur'atlarda osha boshladi. Buning bir necha sabablari keltirilmoqda: birinchidan, yanvar oyida kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari 10 mingdan pasaygach, aholi umumiy xavfsizlik choralariga rioya etishni to‘xtatishdi, yosh hindlar test topshirmay qo‘yishdi. Ikkinchidan, hukumat karantin choralarini yumshatdi va ommaviy tadbirlarga ruxsat berib yubordi, bahorda hindlarning diniy bayramlari - Kumbxa Mela va Xoli bayramlari keng nishonlandi. Bu tadbirlarda yuz millionlab kishilar ishtirok etdi, natijada virus mutatsiyaga uchrab, hindcha shtamm paydo bo‘ldi - uni ikkilangan mutant deb atashmoqda.
Milliy virusologiya instituti ma'lumotlariga ko‘ra, Maxarashtra shtatida musbat natija bergan test namunalarining 61 foizi shu shtamm bilan bog‘liq.
Tanqidchilar ikkinchi to‘lqin sabablaridan yana biri sifatida vaksinatsiya kampaniyasi tartibsizlik bilan olib borilayotganini, shuningdek, hukumat saylovlarni keyinga qoldirmaslikka qaror qilganini ko‘rsatishmoqda. Rasmiylar saylovoldi mitinglarini bekor qilmadi, hozirda G‘arbiy Bengaliya shtatida ko‘p bosqichli saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.
Dafn idoralari tinim bilmay ishlamoqda, jasadlarni yoqishga ulgurishmayapti
Mavzuga oid
17:36 / 14.11.2024
Hindiston xalqaro aeroportida havoning ifloslanishi tufayli 200 dan ortiq reyslar kechiktirildi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
20:33 / 07.11.2024