Muhokamadagi ibn Sino, 20 yilga kesilgan Yovvoyi Arman va gazetadagi prezident suratlari
Yakuniga yetayotgan haftada Tojikiston madaniyat vazirining CNN telekanali materialida ibn Sinoning o‘zbek deyilganiga g‘azablanishi muhokama bo‘ldi. Qozog‘istonda kriminal avtoritet Yovvoyi Arman qamalgan bo‘lsa, Qirg‘iziston qonunchilari serhasham to‘y qilganlarni jazolamoqchi. Turkmanistonda esa prezident va uning oilasi suratlari bor gazetalarni bo‘lar-bo‘lmas ishlarga ishlatmaslik belgilandi.

Tojikiston madaniyat vaziri CNN’dan norozi
Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon Abu Ali ibn Sinoning tojik ekaniga da’vo qilib, CNN e’lon qilgan materialdan jahli chiqdi. Vazirga ko‘ra, bu haqiqatni buzib ko‘rsatish. CNN materialiga diplomatik, lekin qat’iy munosabat bildirish lozim, deydi vazir. Tarixiy manbalarni e’tiborsiz qoldirib, tojik xalqining ilm-fan va adabiyot daholarini hamda adabiy merosimizni boshqa millatga o‘zlashtirish holatlari kuzatilmoqda. Bu, afsuski, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lyapti, deya qo‘shimcha qiladi Tojikiston hukumati a’zosi.
U tojik olimlari va ziyolilarini “milliy madaniyat va adabiyot o‘g‘rilariga” rad etib bo‘lmas dalillarga tayanib, munosib javob qaytarishga chaqirdi. Bu nafaqat tojik xalqi, balki butun jahon fors adabiyoti tarixi va madaniyatini tahqirlashdir. Ishonchim komilki, bunga fors madaniy-adabiy doirasiga mansub mamlakatlar olimlari va tarixchilari, albatta, munosabat bildiradilar, dedi Matlubaxon Sattoriyon. Vazir O‘zbekistondan emas, balki ushbu telekanalda jahli chiqqanini yumshoq qilib aytib o‘tgan. Bu qo‘shni davlat rasmiy bayonoti emas, shunchaki tarixiy faktlarga asoslanmagan telekanal materialidir, deydi u.
CNN ibn Sino haqida material tayyorlab, uni o‘zbek deya tanishtirgan. Materialda o‘rta asr mutafakkir olimi Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi, yaxshi uyqu va zulukning foydalari haqida yozib qoldirgan fikrlari to‘g‘risida so‘z borgan. Tojikiston vazirining gap-so‘zlariga O‘zbekiston rasmiy hukumati biror nima degani yo‘q. Chunki ikki davlat bugun aloqalarining eng yaxshi davrida yashamoqda, ortiqcha gap ortiqcha.
Lekin O‘zbekiston sha’niga aytilgan gaplarga javob qaytarishda faol bo‘lganlar buni javobsiz qoldirmadi. Masalan, «Yuksalish» raisi Bobur Bekmurodov fikricha, ibn Sino merosi butun mintaqa va dunyoga tegishli. Bahslar emas, hamkorlik muhim, deydi deputat. Shu narsani eslatib o‘tish kerakki, ibn Sino yashagan XI asrda na O‘zbekiston, na Tojikiston nomi bo‘lmagan. Olim G‘aznaviylar davlati boshqaruvida bo‘lgan Movarounnahrda yashagan.
Turkmanistonda prezident va oilasi rasmlari bor gazetalar e’zozda
Turkmanistonda prezident surati tushirilgan gazetalarni bemaqsad ishlatish taqiqlandi. Endi qo‘shni davlat fuqarolari bunday gazetalarni hojatxona qog‘ozi sifatida ishlatolmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, hukumat davlat nashrlari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaror qilgan. Bu haqida bir nechta xorijiy nashrlar xabar berdi.
Qayd qilinishicha, davlat xodimlari va talabalar mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhammedov va uning oila a’zolari surati tushirilgan «gazeta sahifalarini saqlab qolish» haqidagi majburiyatni imzolagan.
Mansabdor shaxslardan «rasmli gazeta va jurnallar sahifalarini saqlab qolish» talab qilingan. Taqiqni buzganlik, masalan, gazetalarni o‘rama sifatida ishlatish, olov yoqish yoki hojatxona qog‘ozi sifatida foydalanish oqibatida fuqarolar ishdan bo‘shatib yuborilishi mumkin. Davlat xizmatchilari va talabalar har yili davlat gazeta va jurnallariga obuna bo‘lishga ham majburlanadi.
Eslatib o‘tamiz, «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotiga ko‘ra, Turkmaniston matbuot erkinligi reytingida doimiy ravishda oxirgi o‘rinlarda turadi. 2024 yilda mamlakat 180 mamlakat ichida 175-o‘rinni egalladi.
Yovvoyi Arman 20 yilga kesildi
Qozog‘istonlik kriminal avtoritet, Yovvoyi Arman laqabi bilan tanilgan Arman Jumageldiyev Olmaota sudining hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U yanvar voqealari tashkilotchiligida hamda jinoiy guruh tuzishda ayblanmoqda. Unga homiylik qilgan Qozog‘iston MXQ sobiq xodimi esa 15,5 yilga qamaldi.
Sud xujjatlariga tayanib, mahalliy OAV tarqatgan xabarga ko‘ra, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimi Ruslan Iskaqov ko‘p yillar davomida Arman Jumageldiyevning uyushgan jinoiy guruhini himoya qilib kelgan. Hatto u bilan raqobatlashadigan guruhlarni yo‘q qilgan. Sobiq MXQ xodimi Arman Jumageldiyevning «psixologik jihatdan barqaror qo‘rqmas sportchilar»dan uyushgan jinoiy guruh tuzishga ko‘ndirgan.
Jumageldiyev 2017 yildan boshlab Turkiyadan turib guruhni boshqarib kelgan hamda yanvar voqealaridan 1 oy oldin, 2021 yil dekabrda Qozog‘istonga qaytib kelgan.
Sudda aytilishicha, 7 yanvarga kelib tartibsizliklar uyushtirish rejasi barbod bo‘lganini bilgach, Armanning guruhi simulyatsiyaga o‘tadi. Ya’ni ommaviy tartibsizliklarda qatnashgan aholini qo‘lga olib, «jazolagan». Bu topshiriqlarni unga Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Ruslan Iskaqov berib kelgan.
Olmaota sudi 2022 yil yanvar voqealari bo‘yicha «Yovvoyi Arman» nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyevga nisbatan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha hukm chiqardi.
27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayoniga jamoatchilik va matbuotga kirish imkoni berilmagan hamda yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. OAV vakillariga sud zalini onlayn kuzatishga ruxsat berildi.
«Yovvoyi Arman» va unga aloqador shaxslar 2024 yilning fevral oyida Olmaota va Chimkent shaharlarida qo‘lga olingan edi. Qozog‘iston hukumati Jumageldiyevni yanvar oyidagi namoyishlar yetakchilaridan biri deb atagan.
Japarov Tojikiston bilan chegara masalasini 2 yilda to‘liq yopadi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qo‘shni Tojikiston bilan chegara masalasi yaqin 1-2 yil ichida hal bo‘lishini aytdi.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, chegara masalasi deyarli hal bo‘lgan. Hozirda hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama ishlar olib borilmoqda.
“Bu ishlar yakunlangach, hukumatlararo komissiyalar, keyin esa tashqi ishlar vazirlari imzo qo‘yadi. So‘ng kelishuv ikki mamlakat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Shundan so‘ng hujjatni biz, ikki mamlakat prezidentlari imzolaymiz. Keyin notalar almashinuvi bo‘lib o‘tadi. 1-2 yil demarkatsiya ishlari olib boriladi. Shundan keyingina jarayon to‘liq yakunlanadi. Eng muhimi, ikki tomonlama kelishuvga erishdik”, dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Japarov chegara nizolarini hal qilishda faqat bir tomon manfaatlari inobatga olinmasligini aytdi.
“Qaror faqat ikkala tomon manfaatlari hisobga olingan taqdirdagina qabul qilinadi. Chegaralarimiz uzunligi ming kilometrga yaqin. Ko‘pgina uchastkalarda bahsli hududlar mavjud edi. Ba’zi hollarda bu maydonlar teng taqsimlangan. Bundan tashqari, bizda shaxmat taxtasidek joylashgan, aralash uylardan iborat chegaradosh qishloqlar bor. Bu masalani ham hal etdik. Aks holda chegarani qo‘riqlash har ikki tomon uchun katta noqulayliklar keltirib chiqargan bo‘lardi.
Agar bizning tomonimizda Tojikiston fuqarolariga tegishli uylar bo‘lsa, Tojikiston tomoni ularni ko‘chiradi. Agar uylarimiz ularning tomonida bo‘lsa, fuqarolarimizni ko‘chiramiz. Ularga boshqa joyda uylar qurib beramiz, bunda yer maydonlarining o‘lchamlari inobatga olinadi. Shunday qilib, masalalar har bir metr yerni hisobga olgan holda hal qilingan. Demarkatsiya ishlari boshlanganidan so‘ng to‘liq ma’lumot taqdim etiladi”, dedi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi umumiy chegarani belgilash bo‘yicha muzokaralar 2002 yilda boshlangan. 2022 yilgacha ular muntazam bo‘lmagan va uzoq tanaffuslar bilan o‘tkazilgan. O‘sha paytda chegaraning 972 kilometr umumiy uzunligidan tomonlar atigi 50 foizdan sal ko‘prog‘ini aniqlay olgandi.
Qirg‘izistonda serhasham to‘ychilar jazolanishi mumkin
Qirg‘izistonda to‘y va dafn marosimlarida ortiqcha xarajat qilganlar 100 ming somdan 300 ming somgacha (ya’ni salkam 15 million so‘mdan 45 million so‘mgacha) jarimaga tortilishi mumkin. Jogorku Kenesh qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Gap “An’analar, marosimlar va tantanalarni o‘tkazishda isrofgarchilikni cheklash to‘g‘risida”gi va “Qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihalari haqida ketmoqda. Deputatlar Zamirbek Mamasodiqov, Shairbek Tashiyev qonun loyihalari tashabbuskorlari hisoblanadi.
Qonunchilar loyihaning maqsadi an’analar, marosimlar va tantanalarni o‘tkazishda ortiqcha sarf-xarajatlarni cheklash ekanini aytmoqda.
Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritish taklif etilyapti. Unda oilaviy tantanalar va urf-odatlarni o‘tkazishda ijtimoiy manfaatlarni ta’minlash qoidalarini buzish haqida so‘z boradi. Tantanani tashkil qilgan odam ham, uni o‘tkazishga rozi bo‘lgan restoran yoki umumiy ovqatlanish muassasasi egasi ham jarimaga tortiladi. Dafn va xotirlash marosimlarini tashkil etish hamda o‘tkazishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yganlar ham jarimadan chetda qolmaydi.
Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Toshkentga kelib ketdi
Yakuniga yetayotgan hafta davomida O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ko‘rishib, muzokara o‘tkazdi hamda ikki muhim hujjatni imzoladi. Muloqot 27 yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan, imzolangan hujjatlar esa 2025—2026 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi, shuningdek, shartnomaviy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish va takomillashtirish to‘g‘risida protokol.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlarda bir-birlarining nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida notalar almashdi. Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov shu kuni Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi.
Imzolangan ikki hujjat nimaga xizmat qilishi xususida esa tashqi ishlar vazirligi aniq izohni taqdim etmagan.
Tojik maktablarida o‘qituvchi yetishmayapti
Tojikiston ta’lim tizimi o‘qituvchilarga muhtoj, yana 4 ming pedagog kerak. Hozirdanoq maktablarda 300 ga yaqin o‘qituvchiga ehtiyoj bor. Davlat ta’lim tizimiga umuman 4301 nafar o‘qituvchi kerak, deydi Tojikiston ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda 31 yanvar kungi matbuot anjumanida.
Ayniqsa, respublikaga bo‘ysunuvchi shahar va tumanlardagi maktablarda o‘qituvchilarning yetishmovchiligi yaqqol sezilmoqda. Poytaxt Dushanbeda kadrlar taqchilligi yo‘q. Ammo respublikaga bo‘ysunuvchi shahar va tumanlarda 184 nafar, Xatlon viloyatida 65 nafar, So‘g‘d viloyatida ikki nafar o‘qituvchi yetishmayapti, deydi Saidzoda.
Asia Plus Tajikistan’ning yozishicha, vazir aytgan kadrlar taqsimoti hozir yetishmayotgan 281 o‘rin bilan mos emas. U aytgan sonlar qo‘shilganda, jami 251 nafar o‘qituvchi yetmayotgani ko‘rinadi, lekin vazir 281 nafar o‘qituvchi demoqda, tushunarsiz, deb yozadi nashr.
2024 yil yozgi matbuot anjumanida vazir, shuningdek, ta’lim sohasiga 4301 nafar pedagog kadr kerak, bu 2023 yilga nisbatan 46 kishiga kam ekanini ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yilning birinchi yarmida, ya’ni 2023-2024 o‘quv yili tugaganidan keyin 2670 nafar o‘qituvchi yetishmasligi ma’lum bo‘lgan.
Keyin Ta’lim vazirligi «taqchillik» va o‘qituvchilarga «ehtiyoj» o‘rtasidagi farqni tushuntirdi. Kamchilik ma’lum fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarning yetishmasligini anglatadi, ehtiyoj esa o‘qituvchilarning nafaqaga chiqishi yoki tug‘uruq ta’tiliga chiqishi bilan bog‘liq, ammo ularning darslari vaqtincha boshqa o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi.
O‘tgan yili fevral oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rahim Saidzoda 2024 yil boshiga kelib, Tojikiston maktablarida 300 ga yaqin o‘qituvchi yetishmayotganini aytgan edi.
Vazirning ma’lum qilishicha, 1957 nafar to‘rtinchi va beshinchi kurs talabalari kadrlar taqchilligini bartaraf etish maqsadida maktablarga ishga qabul qilingan.
Afg‘oniston yanada kambag‘allashadi
Prezident Donald Trampning xalqaro yordamlarni to‘xtatish qarori – gumanitar qo‘llovga muhtoj davlatlarning taqdirini savol ostida qoldirdi. Xususan, BMT orqali AQShning Afg‘onistonga berayotgan yordami ham so‘roq ostida. Tolo news gaplashgan ekspertlarning aytishicha, davlat qoloqlik va qashshoqlikning yangi, og‘irroq bosqichi ostonasida.
UNICEF Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligi muammosi jiddiylashib borayotganidan ogohlantirdi. Iqtisodchi ekspertlar mamlakatda qashshoqlikni kamaytirish uchun ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli rejalar zarurligini ta’kidlamoqda. 2024 yilda Afg‘oniston aholisining 32 foizi hamon shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj ekani aniqlangan.
Mamlakatda qashshoqlik va ishsizlik ortib borar ekan, Kobul aholisi oilalarini boqish uchun ishga joylashishi kerakligini aytadi. Ayni paytda muvaqqat Afg‘oniston Iqtisodiyot vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha fundamental rejalari borligini aytadi, lekin qanday reja ekani noma’lum.
AQSh senatori Shelly Mur BMT orqali Vashingtonning afg‘onlarga yordamini cheklovchi qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, BMTning Afg‘onistonga naqd pul ko‘rinishidagi yordamlari ichida AQSh mablag‘lari yo‘qligini isbotlovchi hujjat berilmagunicha AQShning tashkilot orqali boshqa yordamlari ham to‘xtashi kerak. Global terroristik tashkilotlar ana shu mablag‘larni o‘zlashtirib keladi, deydi senator. «Tolibon» vakili, muvaqqat hukumatning Iqtisodiyot vazirligi Amerika pullarisiz ham yashay olishini aytadi. Vazir o‘rinbosari Abdul Latif Nazariy fikricha, bu qonun loyihasi Afg‘oniston taraqqiyotini to‘xtata olmaydi. Aslida bunday yordamlarni siyosiylashtirmaslik kerak.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Mavzuga oid

13:30 / 27.04.2025
Urush shov-shuvi, «Chashma» kelishuvi, chegaradan qaytgan turkman pomidori va safari qoldirilgan Meloni

11:30 / 20.04.2025
Qonuniylashtirilayotgan nasha, tahqirlangan migrantlar va muhokamadagi haj – Markaziy Osiyo hafta ichida

10:20 / 13.04.2025
Oldi olingan to‘ntarish, qayta tekshiriladigan GES va qimmatlagan go‘sht - Markaziy Osiyo hafta ichida

16:01 / 30.03.2025