Qoidabuzarlarga tezkor imtihon, 100 foiz ovoz olgan Imomali va daladagi turkmanlar – Markaziy Osiyo hafta ichida
Qirg‘izistonda endi yo‘l-harakati qoidasini buzgan ondayoq haydovchilarning bilimi tekshiriladi va testdan o‘ta olmaganlardan guvohnoma olib qo‘yiladi. Qozog‘istonda deputatlar kriptobank ochish tashabbusi bilan chiqdi. Xalqaro mehnat tashkiloti Turkmaniston haqida hisobot chiqardi, odamlar yana paxta terimiga majburiy jalb qilingan. Afg‘oniston muvaqqat hukumati AQShni Kobuldagi elchixonasini qayta ochishga chaqirdi, Vashingtondagi elchixonani esa «Tolibon»ga berishni so‘radi.
Qozog‘istonda kriptobank ochish taklif qilinmoqda
Qozog‘istonda parlament deputati Azat Peruashev davlatda kriptobankni tashkil etish taklifini bildirdi.
Deputat bosh vazir nomiga yuborgan so‘rovida prezidentning topshirig‘ini eslatgan. To‘qayev “raqamli aktivlar sohasini liberallashtirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligi” to‘g‘risida topshiriq bergan.
Deputat so‘nggi yillarda kriptovaluta global moliya tizimining ajralmas qismiga aylanganini aytdi. U tobora ko‘proq qozog‘istonliklar raqamli valutalarga qiziqish bildirayotgani, ularga investitsiya vositasi sifatida qarayotganini ta’kidladi.
Ammo mamlakatda bunday aktivlardan qonuniy foydalanish uchun huquqiy infratuzilma yo‘q. Buning o‘rniga kriptovalutalar aylanishiga taqiq qo‘yilmoqda, bu esa kripto bozorining davlat tomonidan tartibga solinmasligiga, raqamli kapitallarni noqonuniy aylantirish va yashirin iqtisodiyot uchun foydalanishga olib keladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda kriptovalutalar bilan operatsiyalarning 90 foizi qonun doirasidan tashqarida amalga oshiriladi, dedi Peruashev.
Unga ko‘ra, kriptovalutadan foydalanishga qo‘yilgan taqiq yashirin bozorning o‘sishiga, noqonuniy ayirboshlash va kulrang sxemalarning paydo bo‘lishiga, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga va noqonuniy faoliyatni moliyalashtirishga olib kelgan.
Bundan tashqari, Peruashev qozog‘istonliklar kriptofurushlar, noqonuniy platformalar, moliyaviy piramidalar va firibgarlik loyihalari tufayli katta mablag‘ yo‘qotayotganini aytdi. Milliardlab kriptovalutalar noqonuniy ravishda chet elga olib chiqib ketilmoqda va davlat bu operatsiyalarni nazorat qilmaydi, deydi u.
Bundan tashqari, yana bir deputat Yekaterina Smishlyayeva ham bosh vazirga shunday so‘rov bilan murojaat qildi. U Qozog‘istonda raqamli aktivlarni tartibga solish tizimini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Ushbu sohani rivojlantirish innovatsion iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi ekanini aytdi.
Qirg‘izistonda esa kriptobank ochilishi xabar qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, shu yil yanvar oyida “Kriptobanklarni tashkil etish to‘g‘risi”dagi qonun loyihasi Jogorku Keneshga kelib tushgan. Tashabbuskorning so‘zlariga ko‘ra, hujjat Qirg‘izistonda kriptobank ochish maqsadida ishlab chiqilgan. Iqtisodiyot vazirligi ham jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida kriptovalutalarga qiziqish oshganini ma’lum qilgan.
Qirg‘izistonda yo‘l harakatini buzganlarning darhol bilimi tekshiriladi
Qirg‘izistonda yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarning bilimi endi joyida tekshiriladi. Prezident Japarovning matbuot kotibi Asqat Alagozov bu haqida ma’lum qildi. Aytilishicha, 2025 yilning 1 sentabridan bu amaliyot kuchga kiradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus prezident topshirig‘i bilan amalga oshirilmoqda. Agar haydovchi inspektorning savollariga to‘g‘ri javob bera olmasa, uning guvohnomasi olib qo‘yiladi. Haydovchi qayta sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsagina, hujjat qaytariladi.
“Haydovchi istalgan vaqtda avtotest topshirib, guvohnomasini qaytarib olishi mumkin. Agar birinchi urinishda sinovdan o‘tish imkoni bo‘lmasa, keyinroq qayta topshiradi”, deydi Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi.
Yangilik yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirishga qaratilgan. Rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilgacha haydovchilik guvohnomalarining katta qismi o‘qitilmasdan berilgan.
Ko‘pchilik xarid orqali guvohnomalarga ega bo‘ldi. Hozir bu amaliyot butunlay to‘xtatilgan va hamma o‘qigandan keyingina guvohnoma oladi. Biroq yo‘llarda hali ham elementar qoidalarni bilmaydiganlar bor, deydi rasmiylar.
Lekin bu yangi metod korrupsiyani ko‘paytirishi mumkin. Prezident matbuot kotibi esa test topshirish joyida videoga olinishini ham aytgan.
Turkmanistonda davlat xodimlari va bolalar majburan paxtaga chiqarilgan
Xalqaro mehnat tashkiloti Turkmanistondagi paxta terimida aholi yana majburiy mehnatga jalb qilingan deb topdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil kuzida mehnat tashkilotining 40 nafar mutaxassisi Turkmanistondagi paxta terimi davrida ishchilarni yollash va mehnat sharoitlari bo‘yicha mustaqil monitoring o‘tkazgan. Ular davlatning barcha besh viloyati, 472 paxta dalalarida bo‘lgan. 1762 nafar terimchi va 472 nafar fermerlar bilan suhbatlashgan. Shuningdek, kuzatuvchilar 379 ta davlat muassasasida bo‘lib, ularda 2047 nafar xodim va 385 nafar rahbar bilan suhbatlar o‘tkazgan. Monitoring natijalariga asoslangan holda hisobot tayyorlangan. Unda kelishicha, monitoring olib borish xalqaro tashkilot vakillari uchun oson kechmagan, qarshiliklar bo‘lgan.
Suhbatda qatnashgan fermerlarning 20 foizi terimchilar davlat idoralarining dalaga majburan chiqarilgan xodimlari ekanini tan olgan. Yana bir guruh fermerlar esa voyaga yetmagan bolalar, tibbiyot muassasasi xodimlari va farroshlar ham dalada ekanini tasdiqladi. Suhbat o‘tkazilgan terimchilarning 16 foizi davlat ishchisi ekani, dalaga majburan olib kelinganini shaxsiy ma’lumotlari sir qolishi sharti bilan aytgan.
Kimki paxtaga chiqmasa, maoshidan ushlab qolinishi bildirilgan, bunga ko‘nganlar ham bor. Bundan tashqari, ba’zi tashkilotlar paxtaga chiqmaganlarni ishdan haydash bilan qo‘rqitgan. Mehnat tashkiloti bilan gaplashgan davlat idoralari rahbarlarining 16 foizi rostdan ham xodimlar paxtaga jalb qilinganini tasdiqlagan. 2024 yilning iyul oyida Turkmaniston 18 yoshga to‘lmay, voyaga yetmaganlarni majburiy ravishda paxta terimiga jalb qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilgandi. Lekin paxta dalasidagi maktab o‘quvchilarini tashkilot vakillari ham, fermerlar ham ko‘rgan. Ma’lum bo‘lishicha, terimchilarning 90 foizi ayollar.
«Tolibon» AQShni Kobuldagi elchixonasini qayta ochishga chaqirdi
«Tolibon» Afg‘onistonda yopilgan AQSh elchixonasini qayta ochish bo‘yicha muzokara qilyapti. Muvaqqat hukumatning matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Vashingtondagi elchixonani «Tolibon»ga topshirish, Kobuldagi elchixonani qayta ochish bo‘yicha muloqot bo‘layotganini Al-Arabia nashriga ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, bu ikki masala Kobulga tashrif buyurgan Amerika delegatsiyasi bilan ko‘rib chiqildi. Toliblar ayni paytda Vashingtonning javobini kutmoqda.
Bu muzokaralar – o‘zaro tushunishning boshlanishi. Ma’lumki, Kobulga kelgan delegatsiya ba’zi masalalar bilan AQShga qaytdi. Amerikaning keyingi qadamlari qanday bo‘lishini ko‘rishimiz kerak, degan Mujohid Al-Arabia nashriga. «Tolibon» jon-jahdi bilan AQShga yaxshi ko‘rinishga urinmoqda. Hukumat rasmiy vakili Kobul Vashington bilan urush bobini yopganini ham aytdi. U Kobul va Vashington o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va munosabatlarni rivojlantirish uchun AQShni Kobuldagi elchixonasini qayta ochishga chaqirdi.
Prezidentning o‘g‘li parlamentga 100 foiz ovoz bilan qayta saylandi
Tojikiston prezidentining o‘g‘li, Dushanbe meri Rustam Imomali 100 foiz ovoz bilan mamlakat parlamentiga qayta saylanib, yuqori palata a’zosi bo‘ldi. Uning nomzodini Dushanbe shahar deputatlari ilgari surgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Rustam Imomalining nomzodi yashirin ovoz berish yo‘li bilan parlament deputatligiga taklif etilgan. Okrug saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, prezidentning o‘g‘li deputatlarning 100 foiz ovozi bilan Milliy majlisga saylangan. Shahar yana 4 nomzodni deputatlikka ko‘rsatgan, ular ham 97-99 foiz ovoz bilan parlament a’zosiga aylandi.
37 yoshli Rustam Imomali davlatda prezident otasining siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘riladi. To‘qqiz farzandning kattasi hisoblangan Rustam 2020 yilning 17 aprelidan beri Parlament yuqori palatasi Milliy kengash raisi, 2017 yildan beri esa poytaxt Dushanbening hokimi hisoblanadi.
19 yoshida prezidentning Tojikiston xalq demokratik partiyasiga qo‘shilgan Rustam Imomali talabalik chog‘idayoq Tojikiston Iqtisodiyot vazirligining Jahon banki bo‘limi mutaxassisi bo‘lib ishlagan. Prezidentning o‘g‘li mediaga ochiq emas, uning chiqishlari va tadbirlardagi ishtiroki tinimsiz yoritiladi, ammo ovozi eshitilmaydi. Mediada uning gaplarini diktorlar o‘qiydi. Tojikistondagi matbuot Rustam otasidan omma oldida chiroyli nutq so‘zlash qobiliyatini ololmagan, deya gapirib keladi.
Ertaga, ya’ni 31 mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlarining uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tadi. Tarixda birinchi marta o‘tkaziladigan bunday siyosiy tadbir doirasida uch davlat chegara bo‘yicha muhim hujjatga imzo chekib, chegara masalalarini yopishi kutilmoqda. Undan avval, 29 mart kuni esa O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Olmaota shahrida ko‘rishib, muloqot qilgandi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ko‘rib chiqilgan.
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi
O‘zbekiston | 14:32
-
Dunyo parlamentlarida ayol siyosatchilarning soni va nufuzi ortmoqda - Martin Chungong
O‘zbekiston | 14:13
-
«Real» ham, «Barsa» ham chempionlik poygasida qoqildi. Kun o‘yinlari
Sport | 12:41
-
Go‘sht narxi oshishi: bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?
O‘zbekiston | 12:24
Mavzuga oid

11:05 / 23.03.2025
Amaldorlar qamoqxonada, tojiklar ham AES quradi, Qozog‘istonga Rossiya droni quladi – Markaziy Osiyo hafta ichida

11:43 / 16.03.2025
Chegara mojarosiga nuqta, Wizz air'dan norozi turkman va Dushanbeda sovet askari stellasi – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:00 / 09.03.2025
Norozi turkman dehqonlari, Tojikistonda kuzatuvchilarsiz saylov, aeroportdagi qahramonlik va “svet”siz Kobul – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:43 / 02.03.2025