Jahon | 12:22 / 21.05.2024
14311
16 daqiqa o‘qiladi

Erondagi halokat: siyosiy tahlilchilar qanday fikrda?

19 may kuni Eron va Ozarboyjon o‘rtasidagi to‘g‘on ochilishiga borgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Tehronga qaytishda, Tabriz shahri yaqinida aviahalokatga uchrab vafot etdi. Siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Bektosh Berdiyev Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida hodisa haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

— Hodisadan keyin o‘tgan vaqt davomidagi xabarlar oqimini kuzatgan holda, shaxsiy fikrlaringiz qanaqa? Asosiy savol: voqeani baxtsiz hodisa deyish mumkinmi?

Farhod Karimov: — Avvalambor, Eron xalqiga o‘z ta’ziyamizni bildiramiz. Har qanday xalq, jamiyat uchun og‘ir bu.

Eron tashqi siyosatida og‘ir kunlar kuzatilayotgan edi, rivojlangan davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlari havas qilgulik emas, sanksiyalar ostida edi, G‘azodagi holat ortidan Isroil bilan munosabatlari yana ham murakkablashib qolgan edi. Shunday sharoitda bu halokat bo‘ldi va turli versiyalar bo‘lishi tabiiy. Lekin avvalo rasmiy munosabatga e’tibor qaratish kerak, rasmiylar halokatning asosiy sababi tumanli noqulay ob-havo, ya’ni baxtsiz hodisa, deyapti. Ko‘rish imkoniyati past bo‘lgani uchun vertolyot pastlab uchgan va qoyaga urilgan, degan versiya aytilyapti va biz shuni qabul qilamiz rasman. Lekin geosiyosiy va Eron ichidagi vaziyat boshqa bir versiyalarni ham oldimizga qo‘yadi.

Ichki vaziyat versiyasidan boshlasak. Eron ichida hammasi ham barqaror emasdi oxirgi yillarda. Yaqinda Qishloq xo‘jaligi vaziri qo‘lga olindi, uning 4 mlrd AQSh dollarga yaqin o‘zlashtirishi voqealari fonida Raisiy hukumatiga nisbatan ishonchsizlik ortib bordi turli kuchlar tomonidan, bundan tashqari, u yerdagi liberallar va konservatorlar o‘rtasidagi raqobat kuchayib ketib, qaysidir ma’noda ijtimoiy-siyosiy klanlar o‘rtasidagi kurash boshlangani ham aytilgandi. Raisiy Eron Oliy sudi rahbari bo‘lib turgan paytda Ruhoniyning yaqin odamlari hibsga olinishi ortidan ham klanlar o‘rtasidagi kurash ko‘tarilgandi. Mana shu ichki siyosiy beqarorlik ham diversiya qilishga sabab bo‘lishi mumkin, degan taxmin ham bor tahlilchilar tomonidan. Bundan tashqari, Raisiyni Xominaiyning vorisi sifatida ham ko‘rishayotgan edi.

— Ko‘prik ochilishiga 3 ta vertolyotda delegatsiya borgan va faqat Raisiyning vertolyoti shunday hodisaga uchragan, shu bo‘yicha ham fikringiz?

Farhod Karimov: — Bu masala ham bahsli. Davlat rahbari uchayotgan bort jiddiy texnik tekshiruvlardan o‘tkaziladi, kuchli mutaxassislar tekshiradi va ularning xato qilish ehtimoli kam. Qolgan ikkita vertolyotning vazifasi birinchi raqamli vertolyotni kuzatish, radarlardan yo‘qolishi bilan bosh shtabga xabar berishi kerak edi. Qidiruvlar 5 soat davom etdi, nega o‘sha yo‘qolib qolgan joydagi kordinatalar berilmagan, degan savollar bor va bular turli versiyalarni vujudga keltiryapti.

— Eron aviatsiyasi ancha eski ekani aytiladi. G‘arb sanksiyalari Eronning xorijdan yangi samolyotlar sotib olishiga, mavjudlarini ta’mirlashiga qanday ta’sir ko‘rsatgan? Chunki samolyotlar asosan G‘arb davlatlarida ishlab chiqariladi.

Farhod Karimov: — Vertolyotlar eski, lekin doimiy ta’mirlanib tursa kerak, davlat rahbari uchadi chunki. Texnik nosoz vertolyot deyishga ham asoslar kam, chunki Eron harbiy sohada ham eng oldi davlatlardan biri o‘z mintaqasida, Rossiya kabi davlatlarga dronlar taqdim eta olyapti. Yevropa sanksiyalari ostida bo‘lsa ham, Rossiya, Xitoy bilan munosabatlari yaxshi, bu omillar aviatsiyasi og‘ir ahvolda qolgan, degan masalani savol ostida qoldiradi. Texnik jihozlar yetmagan, degan gap bor, lekin nega shunday vertolyotga davlat rahbarini chiqarishadi? Shuning uchun texnik nosoz degan versiya ehtimolini past baholagan bo‘lardim.

— Ozarbayjon va Eron o‘rtasidagi To‘g‘on ochilishi prezidentlar ishtirok etadigan darajada katta voqelikmi?

Bektosh Berdiyev: — Tashrif asosli bo‘lishi mumkin, to‘g‘on ochilishiga borsa ham, boshqa masalalar ham muhokama qilinadi. Millatlararo ziddiyatlar murakkablashib borayotgan mintaqa Tabriz, u yerda ko‘proq ozarboyjonlar yashaydi. Bundan tashqari, chegara muammosi bor edi so‘nggi paytlarda. Umuman, Ozarboyjon bilan Eron munosabatlari har doim yaxshi emas, keskinliklar ham bo‘lib turadi. Texnologik katastrofa hisoblanayotgan bu vaziyatda qandaydir aralashuv bor, ayrim ekspertlar fikricha. Eng murakkab mintaqada sodir bo‘ldi, tashqi aralashuv ehtimoli katta deb baholash mumkin. Lekin yuqorida aytilgandek, birinchi raqamli bortda texnik nosozlik bo‘lishi qiyin, uni tekshiradigan ekspertlar, kerak bo‘lsa qulash vaqtida davlat rahbari bilan sakrashi kerak bo‘lgan qo‘riqchilar bo‘lishi kerak edi. Nega shunday bo‘lmadi? Nega chegaraga yaqin joyda bo‘ldi? Bu ssenariyni qilganlar chegara yaqinida bo‘ldi, tashqi aralashuv bor, degan fikr yaratmoqchi bo‘lgandir.

Raisiyning oxirgi vaqtlardagi faoliyatiga qarasak, u ko‘proq bosiqlik asosida siyosat olib borayotgan edi. Lekin Yaqin Sharqda bosiq siyosat ketmaydi, qaynoq nuqta bu mintaqa. Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik o‘rnataman, degan yetakchilarning aksariyati falokat bilan yakunlagan, bu ham shu zanjirning bir ko‘rinishidir. Aytilgandek, Raisiy Xominaiyning vorisi bo‘lishi mumkin edi, lekin Xominaiyning o‘g‘lini siyosiy maydonga olib chiqmoqchi bo‘lgan kuchlar ham bor, ularning ishi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, millatlararo, diniy ziddiyatlar bor. Umuman olganda, Raisiy faoliyatiga qarshi nafaqat tashqi kuchlar, balki ichki kuchlar bor edi va ular katta qudratga, shu kabi halokatlarni uyushtira olish kuchiga ega ekanini ham aytish kerak.

Farhod Karimov: — To‘g‘on ochilishi Ozarboyjon OAVida juda katta loyiha sifatida ko‘rsatildi bu. Mintaqada aholini energetika bilan ta’minlay oladigan to‘g‘on. Bu, aslida, Eron va Ozarboyjon o‘rtasida bahsli masala edi, shu muammoni hal qila oldik, bu loyiha bo‘lishini kutmaganlar bor edi, deb Ozarboyjon prezidenti ham aytdi. Shuning uchun ham davlat rahbarlari darajasida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu loyihada Eron kompaniyalari ham ishtirok etgandi, ya’ni oddiy loyiha emasdi.

Yana bir masala, Tehrondagi Ozarboyjon elchixonasiga terroristik akt bo‘lgandi va buning ortidan munosabatlar yana sovigandi, shuni iliqlashtirish uchun ham Ozarboyjon tomoni harakat qildi. Bugungi Ozarboyjon 10 yil oldingi Ozarboyjon emas, geosiyosiy siyosatni boshlash arafasidagi davlat, iqtisodiy imkoniyatlari yetarl. Shu sabab ham bu uchrashuvga boshqacha rakursdan qarash kerakligini ta’kidlangan edi.

— Eron prezidenti davlat rahbari emas, hukumat rahbari ekanini inobatga olsak, uning vafoti Eronning ichki va tashqi siyosatiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hisoblasa bo‘ladimi?

Farhod Karimov: — Eron prezidenti bosh vazir darajasida demagan bo‘lardim. Davlatning asosiy strategiyasini oliy diniy rahnamo belgilasa ham, asosiy ijrochi, taktik masalalarni, kadrlar masalasini hal qiluvchi, tashqi siyosatda Eron nomidan gapiruvchi prezident bo‘ladi. Eronning prezidentlari almashganda ichki va tashqi siyosatda anchagina o‘zgarishlar bo‘ladi (umumiy strategiyadan qochmagan holatda). Liberallar kelganda Eron iqtisodi yengillashib, tashqi davlatlar bilan ham yaxshi munosabatda bo‘ldi, 2016 yil Eron yadroviy dasturida Yevropaga yaqinlashish masalasi ko‘rilgandi, Eronga nisbatan sanksiyalar yechilish harakatlari bo‘lgandi. Ya’ni Xominaiyning 30 yildan oshiq faoliyatida tashqi siyosatda bir qancha o‘zgarishlar bo‘lgan, bularning hammasi prezident siyosatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan prezidentning tashqi va ichki siyosatda o‘rni katta.

Eronda institutlar ishlaydi, siyosiy tizim bor, iyerarxiyaga asoslangan mexanizm ishlaydi siyosatda. Kadrlar bilan bog‘liq muammolari yo‘q unchalik, davlat rahbarining vafot etishi Eron siyosiy tizimi qulaydi, degani emas. Diniy rahnamo bor, uning xalqni tinchlantirish, ta’sir qilish siyosatiga putur yetmaydi, qonunchiligi bor, vitse-prezident vaqtincha prezident bo‘ladi saylov o‘tguncha. To‘g‘ri, katta zarba bu, bir muddat shokka tushishadi, tashqaridagi Eron hamkorlari bor, Eron qo‘llayotgan “Hizbulloh”, husiylar kabi kuchlar bor, ular vaziyatni kuzatadi, bundan keyin bizga bo‘lgan munosabat qanday bo‘ladi, degan masala bo‘ladi. Liberallar mintaqada Eron yordam beradigan kuchlarni qo‘llashni unchalik yoqlamaydi, o‘zimizda qiyinchiliklar bo‘lgan bir paytda tashqaridagi kuchlarga yordam berish noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Shu ma’noda liberallardan prezident kelsa, tashqi siyosatda o‘zgarish bo‘ladi. Mana shu jihatdan ichki va tashqi siyosatga ta’sir qilishi mumkin, lekin mavjud siyosiy tizim qulamaydi. Kadrlar yetarlicha bor, ishlaydi, Xominaiy o‘rni ham mavjud.

— Voqeaga tashqi va ichki kuchlar fokusidan nazar solsak. Masalan, Isroil bu hodisaga aloqadorligini rad etdi.

Bektosh Berdiyev: — Bu yerda gap Isroil rad etgani yoki sharhlamaganida emas. Umumiy ritorika bo‘yicha ko‘pchilik Isroilning qo‘li bor, deydi, jamiyat shunga odatlangan. Lekin Raisiyning siyosati barqarorlashtirishga xizmat qilayotgan edi. Masalan, Xominaiy agressiv kayfiyatni mafkura darajasiga olib chiqadi, Isroilni yo‘q qilish, AQSh manfaatlariga zarba berish haqida katta g‘oyaviy gaplarni aytadi. Lekin Raisiy vaziyatni chigallashtirmaslik yo‘lidan ketayotgan edi. Shundoq ham sanksiyalar ostidagi holatda vaziyatni yanada murakkablashtirmaslik, mo‘’tadil siyosat olib borayotgan edi. Bu narsa Isroilga ham ma’qul keladi. Agar diniy rahnamo gaplarini amalga oshiradigan prezident bo‘lganda bugun Eron va Isroil katta urushga kirishgan bo‘lishi mumkin edi. Katta urush boshlanmaganida Raisiy o‘rni bor.

Farhod Karimov: — Raisiyning Suriyadagi konsullikka hujumdan keyingi bosiqligi ham katta ish bo‘ldi. Diniy elita urush haqida gapirayotgan edi. Aslida, vakolatxonaga hujum katta urush uchun yetarli sabab, lekin Raisiy javob zarbasi bilan cheklandi. Eronni urushga tortish bo‘yicha harakatlar yillar davomida bo‘layotgan edi va buni Raisiy tushunar edi. Eronning ortida turib beradigan kuch yo‘q bugun, shuning uchun provokatsiyalarga uchmay kelayotgan edi, ayniqsa, G‘azodagi urush boshlangach, Eronga nisbatan provokatsiyalar kuchaydi, Raisiyning siyosati esa bosiqlik bo‘ldi. Yangi keladigan prezidentning pozitsiyasiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.

— Eron Konstitutsiyasining 131-moddasiga ko‘ra, vitse-prezident Eron prezidentining vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni Muhammad Moxber Eron prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘ladi. Asosiy nomzodlar haqida taxminlar yoki ma’lumotlar bormi?

Farhod Karimov: — Raisiy siyosati asosiy siyosiy elitani qoniqtirgani sabab uning o‘rniga kimnidir taqdim etmayotgan edi partiyalar. Halokatdan so‘ng nomzodlar varianti chiqa boshladi, Xominaiyning o‘g‘li, Ahmadinejod, liberallar ham kimnidir ko‘rsatishi mumkin. Bilamizki, oxirgi qarorlarni diniy rahnamo qabul qiladi. 5 kunlik motam o‘tgach, zudlik bilan ro‘yxat shakllantiriladi. Endi klanlar o‘rtasidagi muammolar ham rol o‘ynaydi ichki siyosatda. Chunki Ruhoniy davridagi tozalash va 2023 yil oxiri va 2024 yil boshidagi tozalash ishlari ijtimoiy-siyosiy guruhlar o‘rtasidagi kurash edi va bu nomzodlarni olib chiqishda rol o‘ynaydi.

Lekin Eron diniy rahnamolari va siyosiy elita ham vaziyatni tushunishi kerak va tushunadi ham. Mintaqa oldingi mintaqa emas, Falastinda harbiy operatsiya, Suriya bilan Eron munosabatlari biroz sovuqlashgan, umuman, geosiyosiy tig‘izlik payti. Shuning uchun keskin ichki siyosiy beqarorlik keltirib chiqarish kerakmas. Shunday bir sharoitda bir-biriga keskin dushman bo‘lgan nomzodlar berilmasa kerak. Chunki shunday bo‘lishini kutib turgan kuchlar bor, ichkarida ham tashqaridan yordam olishga muhtoj kuchlar yo‘q emas. Pahlaviy davridan keyin siyosiy kuchga, kapitalga ega oilalar bor 40 dan ortiq. Bu oilalar asosan liberal kayfiyatda, ular xam nomzodini olib chiqadi. Lekin bu nomzod olib chiqish Eronning tashqi siyosatdagi obro‘si to‘kilishi yoki pozitsiyalari yo‘qotilishiga olib kelmasligi kerak va buni yaxshi tushunishadi. Shuning uchun ham 50 kun ichida ichkaridagi kuchlar o‘ziga xos konsolidatsiyaga keladi, Sharqning o‘ziga xos xususiyati ham shunda. Eron davlatchiligi minglab yillik tarixga ega, bunday holatlarga immuniteti bor. Shu sabab ichkarida qanday hokimiyat uchun kurash bo‘lsa ham, nomzod berishda baribir mo‘’tadil nomzodni berishadi, deb o‘ylayman.

Bektosh Berdiyev: — Kim bo‘lishidan qat’i nazar uning oldida murakkab tanlov bo‘ladi: Xominaiyning strategiyasini bajarish yoki xalqning manfaati. Eron sanksiyalar ostida bo‘lsa ham, katta resurslarni tashqi dunyodagi shialarni, turli guruhlarni qo‘llashga sarflayapti. Aytganimizdek, Raisiy Xominaiyga xo‘p desa ham, ko‘proq o‘zining mustaqil siyosatini amalga oshirayotgan edi. Ya’ni tashqariga sarflayotgan resurslarni cheklab, ichkaridagi muammolarga ham sarflayotgan edi. Unda xalq qo‘llovi ham bor edi. Endigi rahbar Xominaiyning mafkuraviy tashqi siyosatini amalga oshirishga yoki ichki siyosatni barqarorlashtirishga harakat qiladimi, degan masala bor.

Eron ichida tashqariga sarflayotgan resurslardan norozi kuchlar bor. Oldin ichki muammolarni hal qilaylik, deyishadi. Shuning uchun yangi rahbar oldida shunday tanlov bo‘ladi, shu tanlovdi mohirona yutib chiqish uchun populistroq odam kerak Ahmadinajot kabi, notiq, ma’lum ma’noda texnokrat. Hozirgi holatda Eronning davlat sifatida saqlanib qolishi muhim. Agar yangi rahbar AQSh va Isroilga nisbatan keskin siyosat olib borsa, Eron davlatchiligi xavf ostida qoladi. Shuning uchun uzoqni o‘ylaydigan, Eron manfaatlarini tushunadigan, bosiq siyosat olib boradigan nomzod bo‘lishi kerak va bunday nomzodni Eron elitasi topa olishiga ishonamiz.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid