Nuqtayi nazar | 14:47 / 07.06.2023
319854
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning tashqi obrazi qanday bo‘lishi kerak?

Qatar amirining ilk marta O‘zbekistonga kelishi – global siyosatda o‘z so‘ziga ega davlatning O‘zbekistonga, uning umuminsoniy va islomiy qadriyatlarga hurmati borligiga ishonishini anglatadi. Siyosiy elita xalqaro maydondagi bunday reputatsiyasini yo‘qotmaslik uchun huquqiy va erkin davlatchilik qurishga intilishini saqlab qolishi lozim.

Foto: Prezident matbuot xizmati

5-6 iyun kunlari Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Samarqandda bo‘ldi. Bu – Qatar amirining O‘zbekistonga birinchi tashrifi edi. O‘tgan 31 yil davomida, Qatar amirlari O‘zbekistonga biron marta ham kelmagandi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti I.Karimov 2010 yil noyabrida bir marta davlat tashrifi bilan Qatarda bo‘lgandi. Ammo, javob tashrifi mana endi amalga oshirildi.

Qatar, geografik va aholi soniga ko‘ra “kichik” davlat bo‘lgani bilan, xalqaro maydonda, ayniqsa, global geosiyosatda salohiyatli, ta’siri nomutanosib ravishda katta davlatlardan biri hisoblanadi.

Xo‘sh, nega shu paytga qadar Qatar O‘zbekiston bilan aloqalarni yuqori darajaga ko‘tarib, mamlakat rahbari davlat tashrifi bilan yurtimizga kelmagan edi? Sabablari ko‘p. Nafaqat iqtisodiy, balki, eng avvalo, geomafkuraviy degan fikrdaman.

Tashqi siyosat – ichki siyosatning davomi hisoblanadi. O‘zbekiston, 2016 yilga qadar tashqi dunyoda “diniy ekstremizm”, “din bilan bog‘liq terrorizm” kabi atamalarni nihoyatda ko‘p ishlatadigan, real amaliyotda ham diniy qadriyatlarda tahdid ko‘radigan va din bilan kurashayotgan davlat sifatida qabul qilinar edi.

Qatar kabi davlatlar, O‘zbekistonning bu reputatsiyasini inobatga olmasligi mumkin emasdi. Shuning uchun ham, garchi, O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasining o‘choqlaridan biri bo‘lsa-da, dinni tahdid sifatida talqin qilayotgan, erkin bo‘lmagan, huquqiy bo‘lmagan davlat sifatida, cheklangan munosabatlarni taqozo qiluvchi davlat sifatida baholandi.

Qatar amirini Samarqandda kutib ola turib, prezident Mirziyoyev “Imom Al-Buxoriy yurtiga xush kelibsiz!” deya uni qutladi. O‘zbekiston uchun, tarixiy meros – juda katta geosiyosiy kapital hisoblanadi.

O‘zbekiston – dunyoviy davlat. Dunyoviylikning asosiy tamoyillari – din va vijdon masalalarida, jabr-zulmlardan xoli bo‘lish va ziddiyatlar bo‘lganda, hokimiyatning neytral bo‘lishi hisoblanadi. Lekin ayni paytda, diniy qadriyatlar – mutlaq ko‘pchilikning dunyoqarashini belgilovchi omildir. Qatar amiri O‘zbekistonga kelishining sabablaridan biri – bugungi O‘zbekistonning umuminson va islomiy qadriyatlarga hurmati borligiga ishonchining mustahkamligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston uchun ijobiy reputatsiya – juda qimmatli resurs. Reputatsiya – kichik g‘ishtchalardan, voqea-xodisalardan qurib boriladi. O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zi istagan tomonlar bilan erkin, tengma-teng, manfaatli munosabatlar qura olishi uchun, ichki siyosatda huquqiy davlatchilik intilishini yanada kuchaytirish kerak.

O‘zbekiston siyosiy tizimi ichida, ikkita katta qadriyat o‘zaro kurashyapti. Bu qadriyatlar har bir mulozim va siyosatchining ongida ham kurashmoqda. Bir tomondan, huquqiy davlatchilik, erkinlik, ratsionallik bo‘lsa, ikkinchi tomondan – xavfsizlik va barqarorlik. 2016 yilga qadar, xavfsizlik va barqarorlik – mutlaq monopolist qadriyatlar bo‘ldi, ratsionalizmni ham, huquqiy davlatchilikni ham asirga oldi, tutqinda ushlab turdi. 2016 yildan keyin, ratsionalizm va huquqiy davlatchilikka intilish ancha jo‘shqin o‘sishdi. Lekin, bugunga kelib, koridorlarda yana xavfsizlik va barqarorlik qadriyatlari serqatnov bo‘lib boshladi.

Xavfsizlik va barqarorlik – fundamental qadriyatlardir. Lekin bu qadriyatlar ratsionalizm va huquqiy davlatchilikdan uzilganda, repressiv va qo‘poruvchi qadriyatga aylanishadi.

Davlat o‘z tafakkuri doirasida huquqiy davlatchilik, ratsionalizm va erkinlikka moyilligini qanchalik saqlab qola oladi, parvarishlay oladi – mana shu keyingi yillardagi O‘zbekiston siyosiy tizimi oldida turadigan eng katta chaqiriqdir.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid