Jahon | 18:14 / 29.05.2024
14247
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an AQSh va G‘arb davlatlarini G‘azoda «insoniyatni yo‘q qilganlikda» aybladi 

«Hoy, Amerika davlati, bu qon sizning qo‘lingizda. Yevropa davlatlari va hukumat rahbarlari, siz bu vampirizmga sherik bo‘ldingiz!» – dedi Turkiya prezidenti.

Foto: TRT Haber

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh va G‘arb davlatlarini G‘azo sektoridagi xunrezlik va «Isroil vampirizmi»da, BMTni esa harakatsizlikda aybladi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

«Isroil xalqaro huquq nazoratiga o‘tmaguncha va o‘zini xalqaro huquq bilan bog‘langan deb hisoblamaguncha hech bir davlat xavfsiz bo‘lmaydi. Dunyo televideniye orqali Netanyahu ismli vampirning vahshiyligini tomosha qilmoqda. Isroil G‘azoda insoniyatni yo‘q qildi. Hoy, Amerika davlati, bu qon sizning qo‘lingizda. Yevropa davlatlari va hukumat rahbarlari, siz bu vampirizmga sherik bo‘ldingiz!» – dedi Erdo‘g‘an parlamentda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti, agar siz butun insoniyat jonli efirda tomosha qilayotgan genotsidni to‘xtata olmasangiz, XXI asrda sizga nima kerak?», dedi Erdo‘g‘an va BMT ruhi G‘azoda o‘lganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u Isroilni mintaqada sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishga chaqirganini yana bir bor ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Falastinni Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya tomonidan tan olinishini ijobiy deb atadi va boshqa davlatlarni ham ulardan o‘rnak olishga chaqirdi.

«Hozir 147 davlat Falastinni davlat sifatida tan olgan. Ularning qarorini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi va Xavfsizlik Kengashi besh a’zosining o‘zboshimchaliklariga qo‘yib bo‘lmaydi. Insoniyatning umumiy vijdoni beshta [davlatdan] kattaroqdir. Isroil va uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar G‘azodagi genotsid unutiladi, deb o‘ylamoqda. Yo‘q, na genotsid, na vahshiylik unutilmaydi», dedi Turkiya prezidenti.

Mavzuga oid