O‘zbekiston | 12:34 / 29.06.2016
33641
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbuldagi terakt vaqtida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonlik ayol bor

29 iyunga o‘tar kechasi Istanbul shahridagi Otaturk xalqaro aeroportida sodir etilgan portlashlar tufayli jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi bor. Bu haqda kun.uz saytiga Istanbuldagi shifoxonaga jarohat olgan holda yotqizilgan o‘zbekistonlik ayolning o‘zi ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, 28 iyun oqshomida Toshkentdan Istanbulga HY274 reysi amalga oshirilgan. Bu samolyot Istanbul vaqti bilan soat 23:55da Toshkentga qaytish reysiga chiqishi kerak bo‘lgan.

Terrorchilar hujumidan so‘ng aeroportda samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish to‘xtatilgan. Mahalliy vaqt bilan bugun soat 02:00da esa parvozlar qaytadan yo‘lga qo‘yildi. Lekin hali HY274 reysi hali O‘zbekistonga qaytmadi.

Hozircha "O‘zbekiston havo yo‘llari" AK saytida bu hodisa bo‘yicha ma'lumot berilmadi. Kompaniya matbuot xizmatida bugun Toshkentdan yana bir reys Istanbulga parvoz qilgani, 28 iyun oqshomida ortga qaytishi kerak bo‘lgan HY274 reysi taqdiri keyinroq ma'lum bo‘lishi haqida aytildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bu terakt vaqtida o‘zbekistonliklar jabrlangan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlarini bildirishgan. Hodisa joyida olingan suratlardan birida tashqi ko‘rinishi o‘zbekistonliklarni eslatuvchi oila ko‘rinadi.

Qayd etish kerakki, Anqara va Istanbul shaharlarida shu yilning bahorida yuz bergan portlashlar haqida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatgandi. Yaqin vaqt ichida vazirlik saytida bu galgi terakt haqida ham ma'lumot e'lon qilinishi va terakt jabrlanuvchilari orasida O‘zbekiston fuqarolari bor yoki yo‘qligiga rasman aniqlik kiritilishi kutilmoqda.

28 iyun oqshomida, mahalliy vaqt bilan soat 22:00ga yaqin aeroportning umumiy foydalanish qismida birinchi portlash sodir etildi. Shundan so‘ng yana 2 terminalda portlash yuz berdi.

Aeroport hududiga bostirib kirgan 3 nafar jangari o‘t ochishi va yuz bergan portlashlar oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, 147 kishi jarohatlangan. Qurbonlar soni ortishi va jarohatlanganlar soni rasmiy ma'lumotlardagidan ko‘p bo‘lishi mumkinligi istisno etilmayapti.

Assoshieyted Press xabariga ko‘ra, qurbonlar soni 50 nafar atrofida.