Sut yetishtiruvchi tadbirkorlar nimadan xavotirda?
Tadbirkorlar soha qiyin ahvolda qolgani, davlatning qo‘llovi tadbirkorlargacha yetib bormayotgani, sutning ulgurji narxi tushib ketgani, tartibli tizimning yo‘qligi, byurokratiya va boshqa qator noqulayliklar ortidan soha jar yoqasiga kelib qolganini aytishdi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan onlayn muloqotda, sut yetishtiruvchi tadbirkorlar soliqqa tortish, yerga egalik va byurokratiya bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganliklarini aytishdi. Sutchi fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ularnnig vaqti ko‘proq huquqiy muammolarni hal qilishga ketyapti.
Qizig‘i shundaki, qo‘mita raisi o‘rinbosari savol va talablarga javob qaytarar ekan, yig‘ilganlardan uni videotasvirga olmaslikni so‘radi.
Tilga olingan muammolar qatorida chorvadorlar chorvachilikni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yetarli emasligi, soha zamonga, bozor tamoyillariga mos fundamental tadbirlarga muhtoj ekanini qayd etishdi.
Shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli ko‘plab fermerlar bir bosh qoramol uchun lozim bo‘lgan yer normativlariga mos ravishda yerga ega bo‘lolmayotganliklarini, bozor munosabatlariga tugal o‘tish yo‘lida to‘siqlar borligini, tadbirkor ishiga byurokratik aralashuv yo‘llari hamon mavjudligi, natija o‘laroq fermerlar rasmiyatchilik va o‘z huquqlarini himoya qilish masalalari bilan ovora bo‘lib qolayotganlarini aytishdi.
Davlat tomonidan sohani subsidiyalash choralari yetarli emasligi natijasida o‘zbek fermeri chet el fermerlari – o‘z davlatidan katta subsidiyalar oladigan chorvadorlar bilan o‘z yurtida raqobatda yutqazayotgani, davlat subsidiyasini olish masalasi byurokrat irodasiga (qo‘l qo‘yish-qo‘ymasligiga) bog‘liq bo‘lib qolayotgani, subsidiya olish jarayoni tezda, inson faktorisiz amalga oshishi lozimligi ta’kidlandi.
Paxta va bug‘doyga ixtisoslashgan fermerlardan farqli o‘laroq, chorvadorlar uchun elektr energiyasi iste’moli uchun kompensatsiyalar joriy qilinmagan. Shuningdek, mahalliy hokimlar tomonidan chorvadorlarning o‘zlariga ajratib berilgan yerda paxta va bug‘doy yetishtirishga majburlanayotgan holatlar ham bor.
Fermerlarni noqonuniy ravishda qo‘shimcha ishchi olishga majburlab, hisobot «yaxshilanayotgani» va «soliq yig‘ish muammosi hal qilinayotgani», bunday holatlar hatto fermerga aytilmasdan qilinayotgani ham tilga olib o‘tildi.
Tadbirkorlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan fermerlar o‘rtasida konstruktiv aloqa yo‘lga qo‘yilmagani, chorva yuqumli kasalliklari mamlakatga kirib kelishining oldini olish choralari kuchaytirilishi lozimligini aytishdi.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
20:28 / 01.11.2024