O‘zbekiston | 19:10 / 17.03.2023
14088
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yagona to‘lov tizimini yaratishni taklif qildi 

Bu tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun mintaqaviy platformaga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

17 mart kuni Samarqand shahrida AQSh Savdo vakili idorasi (USTR) va Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) Departamenti ko‘magida tashkil qilingan AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha Hadli bitim (TIFA) Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Pokistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov o‘z so‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, ishga solinmagan resurs va imkoniyatlardan foydalangan holda birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini birxillashtirish va yagona mustaqil arbitraj tizimini yaratish, yagona to‘lov tizimiga ega bo‘lgan tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun mintaqaviy platformani yaratish, xatarlarni prognozlash va boshqarish maqsadida Data-markazlar hamda eksport va import qiluvchilarning bazalarini yaratish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash taklif etildi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlashning elektron tizimlarini, CLDP tavsiyalariga asoslangan bojxona qoida va tartibotlarini joriy etish, fitosanitariya talablarini uyg‘unlashtirish, ilg‘or tajriba almashish, mintaqada xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbus bildirildi.

O‘z navbatida, AQSh Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Brendan Linch O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dinamikasini, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bir-birini to‘ldirish tamoyillari asosida sezilarli darajada yaxshilanganini yuqori baholadi va AQShning mintaqa mamlakatlari bilan iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo, sarmoyaviy va maslahat yordamini ko‘rsatishda davom etishga sodiqligini ta’kidladi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Yig‘ilish chog‘ida delegatsiyalar rahbarlarining chiqishlari bo‘lib otdi, raqamli savdo, sanitariya/fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqlari, bojxona masalalari, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ishchi guruhlarning tavsiyalari muhokama qilindi, shuningdek, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha umumiy qarashlari, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari o‘z ifodasini topgan qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Mavzuga oid