Jahon | 16:51 / 18.12.2024
10659
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada biznes urush oqibatlarini his qila boshladi

So‘nggi ikki yil davomida Rossiyaning ko‘plab kompaniyalari Ukrainadagi urushga qaramay barqaror faoliyat yuritib keldi. Hukumatning mudofaa xarajatlarini oshirishi va subsidiyalar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlab turdi. Ammo hozirga kelib, aksariyat biznes sub’yektlari uchun vaziyat yomonlasha boshlagan, deya yozadi The Economist.

Foto: Getty Images

Nashrning qayd etishicha, yuqori foiz stavkalari, rublning qadrsizlanishi va ishchi kuchi yetishmasligi kompaniyalar oldida katta muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Rossiya Markaziy banki inflatsiyaga qarshi turish uchun asosiy stavkani 21 foizga ko‘tardi, bu esa kompaniyalar uchun qarz olishni yanada qimmatlashtirib yubordi. Ayniqsa, suzuvchi stavka bo‘yicha kreditlarga ega kompaniyalar qiyinchilikka duch kelmoqda. Hatto Rossiya temiryo‘llari kabi yirik davlat korxonalari ham investitsiyalarni qisqartirishga majbur bo‘lmoqda.

Kichik va o‘rta biznes esa hukumatdan arzon kreditlar berish va qarzlarni restrukturizatsiya qilishni so‘rayapti. Aks holda, ular bankrotlikka yuz tutishi mumkin.

Rublning qadrsizlanishi import mahsulotlar narxi oshishiga olib kelyapti, bu esa kompaniyalarning foydasini kamaytirmoqda. Ishlab chiqaruvchilar xomashyo narxi oshgani va yetkazib berish muddatlari uzayayotganidan norozi.

Boshqa tomondan, ishchi kuchi yetishmasligi muammosi mudofaa sanoatiga asosiy urg‘u qaratilayotgani tufayli yanada kuchayyapti. Ishsizlik darajasi 2,3 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, bu boshqa sohalarda ish samaradorligining pasayishi hisobiga bo‘lmoqda.

Hukumat budjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun soliqlarni oshirish harakatida. Kelasi yildan kompaniyalar uchun foyda solig‘i 20 foizdan 25 foizga ko‘tariladi, bu esa biznes uchun yanada og‘ir yuk bo‘ladi. Ekspertlar kelgusi oylarda bankrotlik holatlarining keskin oshishini kutishmoqda.

Siyosiy izolyatsiya ham jiddiy muammoga aylangan. Sanksiyalar sun’iy intellekt chiplari kabi ilg‘or texnologiyalarga kirishni cheklab qo‘ydi, bu esa innovatsiyalarni sekinlashtirmoqda. Umuman, urushning davom etishi Rossiya biznesi uchun iqtisodiy va siyosiy noaniqliklarni kuchaytirib, ilgarigi barqarorlik o‘rnini borgan sari ko‘proq chigalliklar egallab boryapti.

Mavzuga oid