O‘zbekiston | 11:43 / 09.09.2022
7013
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari aksariyat hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi

Bugun kunduz kuni O‘zbekiston hududi katta qismida 32-35 daraja atrofida bo‘lgan harorat bilan quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublika g‘arbi bo‘yicha Volgabo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib kelishi davom etadi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari havo massasi kirib kelishi respublika barcha hududlariga tarqaladi va hafta oxirida kuzgi salqin sifatida o‘zini namoyon etadi.

11 sentabrda osmonda kuzgi bulutlar paydo bo‘ladi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor. 11-12 sentabrda Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda va respublika tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘adi.

Front kirib kelishida 10-11 sentabr kunlari shamol 15-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatiladi, shanba kuni Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida shamol kuchayishi ba’zi joylarda 20-23 m/s ga yetishi mumkin.

Respublika hududi katta qismida havo harorati pasayadi va yakshanba kuniga kelib kunduz kungi harorat 23-28 daraja issiqqacha tushadi. Dushanba kuniga kelib tungi harorat o‘z minimumiga yetadi, bunda termometr ko‘rsatkichi 10-13 daraja iliqqacha tushadi.

Mavzuga oid