Jahon | 09:51 / 19.12.2024
6746
3 daqiqa o‘qiladi

Sudan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirishdan bosh tortdi

Sudan razvedkasi xodimining so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati Rossiyaning S-400 zenit-raketa majmuasini berish haqidagi taklifini bu AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining salbiy munosabatiga sabab bo‘lishidan qo‘rqib, rad etgan.

Foto: Vitaliy Timkiv/RIA Novosti

Rossiya o‘z harbiy-dengiz bazasini Qizil dengiz sohilida Sudanda joylashtirish urinishlaridan voz kechmayapti, biroq bu maqsadga hali erisha olmadi. Bu haqda 18 dekabr, chorshanba kuni The Moscow Times (MT) yozmoqda. Uning Sudan razvedkasi xodimiga tayanib yozishicha, Rossiya Federatsiyasi harbiy-dengiz bazasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun mahalliy hokimiyatga zamonaviy S-400 zenit-raketa majmuasi (ZRM)ni taklif qilgan. Biroq, bu taklif Sudan tomonidan AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining salbiy munosabatiga sabab bo‘lishidan qo‘rqib, rad etildi. Sudan razvedkachisining so‘zlarini amerikalik ikki amaldor ham tasdiqladi, deya aniqlik kiritadi MT.

Yangi harbiy-dengiz bazasini qo‘lga kiritish Rossiya uchun Suriyadagi so‘nggi voqealar nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda, u yerda hukmdor Bashar Asadning ag‘darilishi tufayli u bunday bazadan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqarolar urushi olib borilayotgan, hukumati Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Sudan (yaqingacha Suriyada bo‘lgani kabi) hali Moskva istaklarini qondirgani yo‘q. Biroq, MT qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasida Rossiya qurollari va neft mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzilgan. Xususan, yetti oylik tanaffusdan so‘ng yonilg‘i yetkazib berish qayta tiklandi: apreldan oktyabrgacha Rossiya Sudanga 2,8 million barrel dizel va benzin eksport qildi, bu Sudan importining deyarli yarmini tashkil etadi.

Rossiya HDFning Sudandagi bazasi haqidagi munozara besh yildan ortiq davom etmoqda

Port-Sudanda Rossiya harbiy-dengiz floti (HDF) bazasini qurish masalasi 2019 yilda muhokama qilingan va davlatlar bu borada kelishuvga erishgan edi. Ammo mamlakatda fuqarolar urushi boshlanganidan keyin u ratifikatsiya qilinmagan. The Moscow Times ta’kidlaganidek, dastlab Rossiya «Vagner» XHK orqali isyonchilar harakatiga yordam bergan, ammo keyinchalik hukumat qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlay boshlagan. 2024 yil fevral oyida Rossiyaning Sudandagi elchisi Andrey Chernovol baza qurilishi noma’lum muddatga qoldirilganini aytdi.

«Rossiyaga pul va Qizil dengizda harbiy-dengiz bazasi kerak, armiya bilan ittifoq esa ularga qurol sotish va Port-Sudanda obektga ega bo‘lish imkoniyatini anglatadi», — deya MT Conflict Observatory tadqiqotchisi Jastin Linchning so‘zlarini keltiradi. Sobiq SSSR davridan beri Afrikada birinchi harbiy-dengiz bazasini joylashtirish orqali Rossiya Suvaysh kanalidan o‘tadigan yo‘nalishni nazorat qilishi va possovet davrida yo‘qotilgan Hind okeanida doimiy mavjudligini ta’minlay oladi, deb yozadi nashr. harbiy ekspert Viktor Muraxovskiyga tayanib. 

Mavzuga oid