Amalga oshirish mexanizmi yo‘q cheklov. Toshkentda yuk mashinalari bilan qanday “kurashiladi”?
Toshkent shahrida 1 martdan tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlandi. Xo‘sh, bu cheklovni joriy qilishda nimalar hisobga olingan? Uni amalga oshirish mexanizmlari qanday bo‘ladi? Eng muhimi, bu kutilgan natijani beradimi? Maqolada cheklovning zarurati va ochiq qolayotgan masalalar haqida so‘z yuritiladi.
Bu tartib prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2024 yilgi davlat dasturida aks etgan.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.
Keling, avval qanday toifadagi avtotransport vositalariga cheklovlar kiritilayotganini aniqlashtirib olaylik.
N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshiq, biroq 12 tonnadan ziyod bo‘lmagan transport vositalari. Bularga “Gazel”, “Isuzu” kabi kichikroq yuk tashuvchi avtomobillar kiradi
N3 toifasi — to‘liq vazni 12 tonnadan ziyod bo‘lgan yuk tashishga mo‘ljallangan avtomobillar. Bular sirasiga qurilish materiallari tashuvchi og‘ir samolsvallar, “Kamaz”, “MAN” kabi tirkamasiz yirik yuk tashuvchi transport vositalari kiradi.
O4 toifasi — umumiy massasi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan tirkamalar. Bular endi shalanda, fura, konteyner tashuvchi kabi uzun tirkamali yuk avtomobillaridir.
Farmonga ko‘ra, cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.
Farmon ijrosini bajarish yuzasidan Toshkent shahriga kiraverishdagi YPX statsionar postlarida 1 martdan tig‘iz vaqt oralig‘ida (soat 7:00 dan 10:00 gacha) yuk mashinalarining harakatini Toshkent halqa avtomobil yo‘li orqali tashkil etish boshlangani, haydovchilarga bu borada tushuntirish ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida lavha ham e’lon qilindi.
Tig‘iz vaqt qachon o‘zi?
Albatta, bu yangilik Toshkent shahrida keyingi vaqtlarda odatiy holga aylanib ulgurgan yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olish maqsadida joriy etilgan. Shu sababli yuk mashinalarining shahar ichkarisida harakatlanishiga cheklov faqat tig‘iz vaqtlarga taalluqli bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Ammo tig‘iz vaqt degan tushuncha juda mavhumroq bo‘lib turibdi va u aynan qaysi soatlarda bo‘lishi belgilab qo‘yilmagan.
Aytaylik, 1 mart kuni tarqatilgan xabarlarda ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha tig‘iz vaqtda yuk mashinalari shaharning ichki yo‘llariga qo‘yilmay, aylanma yo‘llarga yo‘naltirilayotgani qayd etilgan.
Barchamiz bilamizki, poytaxtimiz Toshkent shahriga yoki boshqa yirik shaharlarimizda ham tig‘iz vaqt ertalab odamlarning ishga borishida va kechqurun ishdan qaytayotgan chog‘da ro‘y beradi. Shuningdek, tushlik vaqtida ham ko‘chalarda tirbandlik ko‘payadi.
Xo‘sh, ertalabgi tig‘iz vaqt soatlarida shaharga qo‘yilmayotgan uchta toifadagi yuk mashinalari kechqurun ham qo‘yilmaydimi? O‘zi u qanday qilib aniqlanmoqda. Tig‘iz vaqt diapazoni har kun (aytaylik, ish kuni uchun) ma’lum bir vaqtlar qat’iy qilib qanday aniqlanishi muhim. Yuk mashinalari haydovchilari bu yangilikni doim yodda saqlashlari va shunga qarab o‘z ishlarini rejalashtirishlari uchun u doimiy bo‘lishi va kim(lar)ningdir xohishiga qarab o‘zgarib turmasligi kerak.
Umuman, yuk avtomobillarining shahardagi tirbandlikka ta’siri borasida qandaydir ilmiy asos bormi? Aytaylik, bir soatda qancha yuk mashinasi kirib chiqishi, qanaqa tezlikda harakatlanib chorrahalarda tiqilinch hosil qilishi borasida. Yoki taklif “shularni yo‘q qilsak, ko‘chalar ancha bo‘shab qolar”, degan xayolda shunchaki taxminiy baholashlar bilan qabul qilindimi?
Keyin, bu amaliyot qo‘llana boshlansa, tirbandlik darajasi qanchaga kamayadi? Yoki ekologiya masalasiga qanchalik ta’sir qiladi? Bular hisoblab chiqilganmi?
Qolaversa, sanab o‘tilgan yuk mashinalari tig‘iz vaqti shaharga kira olmasa, ayni shu vaqtda harakatlanish uchun muqobil yo‘llar bormi? Xaritalar qilinganmi? Cheklov bundan buyog‘iga doimiy xarakterga ega bo‘ladimi yoki ma’lum bir vaqtda amal qiladimi?
Mutasaddilarga bu kabi savollar juda ko‘p. Qolaversa, yuqoridagi amaliyot mavjud muammolarga to‘liq yechim emas.
Urbanist nima deydi?
Shaharlarimiz ko‘chalaridagi transport oqimini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab chiqish qilib ketayotgan yosh urbanistlarimizdan Iskandar Soliyevga ayrim savollar bidan murojaat qildik.
— Umuman, bu cheklovlarning yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishga ta’siri bormi?
— Tirbandliknining oldini olish borasida ko‘plab shaharlarda amalga oshirilgan izlanishlarini qaraydigan bo‘lsak, natijalar ijobiy. Hatto yo‘l-transport hodisalari soni ham kamaygan. Umuman olganda, uzoqqa bormasdan, Moskvani misol keltirsa bo‘ladi. U yerda ham soat 7:00–23:00 oralig‘ida shaharga kirish uchun cheklov mavjud. Moskvada ham cheklovlar joriy qilinganidan so‘ng tirbandliklarda va havoga zaharli chiqindilar ajralib chiqishi borasida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgan.
Albatta, ta’kidlash kerakki, bu bilan tirbandlik umuman yo‘qoladi, deb bo‘lmaydi. Bu faqat bartaraf etish uchun choralardan biri bo‘ladi oladi, xolos. Qolaversa, adashmasam, bizda hozir yuk mashinalari uchun aniq koridorlar xaritasi mavjud emas. Bu holatda shunday xarita juda zarur.
— Modomiki, cheklovning foydasi bo‘lar ekan, Toshkentda tig‘iz vaqt qachondan qachonga belgilanishi kerak? Ertalab va kechqurunmi yoki faqat ertalab?
— Ko‘plab shaharlarda cheklov kun bo‘yi, ya’ni ertalab 7:00 dan tungi 23:00 gacha davom etadi. Ba’zi shaharlarga esa yuk mashinalari umuman kirgizilmaydi. Umuman olganda, bu qaror to‘g‘ri deb bilaman. Ko‘pchilikda “unda logistika masalasi nima bo‘ladi?” degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Cheklov joriy etilgan boshqa shaharlarda katta va besunaqay yuk mashinalari o‘rnini nisbatan kichikroq – 3,5 tonnadan yuqori bo‘lmagan avtomobillar yoki velosipedlar egallagan va bu bilan ularda tijorat to‘xtab qolgani yo‘q. Bizda esa menimcha maxsus ruxsatnomalar berish kerakdir. Balkim qurilish va savdo bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar aniq bir jadvallar bilan ishlashni o‘rganishi kerak bo‘ladi. Yuk mashinalari yuradigan yo‘llar xaritasini tuzish bilan yanada tartiblashtirsa bo‘ladi.
— Bunaqa amaliyot xorijiy davlatlarda ham bormi?
— Ko‘plab davlatlarda yuk mashinalari umuman shahar ichiga kiritilmaydi. Faqat maxsus ruxsatnoma bilan amalga oshirilmasa, buning aslo iloji yo‘q. Nisbatan yaqin shaharlardan misol qilsam, yuqorida aytganimdek, Moskvada soat 7:00 dan 23:00 gacha cheklov. Og‘ir yuk mashinalar esa umuman kira olmaydi. Moskva juda ulkan shahar, lekin cheklov bilan shahar hayoti to‘xtab qolmadi, aksincha, Rossiyada ijobiy natijalarga erishilgan.
Yaqin xorijdagi tajribalar
Bunday choralar 2018 yilda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida ham vaqtinchalik joriy etilgan. Shahar hokimligi bunday qaror qabul qilinishiga sabab qilib yuk mashinalarining poytaxtdagi transport oqimi tezligini pasaytirayotganini ko‘rsatgan.
O‘shanda shaharda 200 dan ortiq qurilish obektlariga kirib chiqayotgan yuk mashinalari tezlanish olishi pastligi, yirik gabaritlari, ularning beso‘naqayligi yo‘llarda avariyaviy xavfli vaziyatlar keltirib chiqarayotgani bosh sabab qilingan.
Ostonada 2018 yilning 14 mayidan boshlab 31 dekabrgacha ish kunlari ertalab soat 7:00 dan 9:00 gacha, kechki 17:30 dan 20:00 gacha vazni 3,5 tonnadan ortiq mashinalar harakatiga cheklov kiritilgan.
Rossiya poytaxti Moskva shahrida ham N2, N3 va O4 toifasidagi yuk avtomobillarining kirishi 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab taqiqlangan. Qozog‘iston va O‘zbekistondagidan farqli o‘laroq, N2 toifasidagi avtomobillar ertalab soat 7:00 dan tungi soat 23:00 gacha Moskva halqa avtomobil yo‘lidan ichkariga kira olmasa, N3 va O4 toifadagi avtomobillarga sutkaning istalgan soatiga kirish taqiqlangan.
Amerikada trak haydovchi o‘zbekistonliklar ham ko‘pi shaharlarning aholi istiqomat qiluvchi qismiga og‘ir yuk mashinalarining kunduz kuni kirishi taqiqlangani haqida xabarlarini shaxsan o‘zim eshitganman.
Yevropa davlatlarida ham yuk avtomobillariga cheklovlar o‘rnatilgan. Yuqoridagi xaritada tunda yuk avtomobillarining harakatiga o‘rnatilgan taqiqlar tasvirlangan. Turli davlatlarda 50 kundan 365 kungacha cheklovlar o‘rnatilgan. Bularda endi bu tirbandlik emas, shovqinga qarshi kurash bo‘lsa kerak. Bizda hali shovqinga qarshi kurashish kun tartibida ham yo‘q.
Javobgarlik masalasi ham ochiq
Cheklov joriy etilgani bilan unga amal qilmagan haydovchiga nisbatan chora ko‘rib bo‘lmaydi. Boisi tig‘iz payt vaqtida harakatlangani uchun yuk avtomobili haydovchisiga ma’muriy chora ko‘rishni nazarda tutuvchi norma hali qonunchilikda mavjud emas. Shunday ekan, hozircha bu cheklov faqat “qo‘l mehnati”, ya’ni YHXB xodimlarining jismoniy buyruq va ko‘rsatmalari orqali ta’minlanadi.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
Mavzuga oid
23:47 / 26.11.2024
Toshkentda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Isuzu haydovchisi halok bo‘ldi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
21:02 / 26.11.2024
Toshkent shahridagi ayrim avtobuslar harakati yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartiriladi
22:20 / 25.11.2024