O‘yinchoqlar va idishlardagi qora plastik saratonga olib kelishi mumkin - tadqiqot
Bir guruh olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijasida oshxona anjomlari, o‘yinchoqlar va oziq-ovqat idishlarida qora plastmassadan foydalanish bilan bog‘liq jiddiy muammo aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mahsulotlar tarkibida zaharli antipirenlarning (materiallarni yong‘indan himoya qilish uchun ularga shimdiriladigan modda) yuqori darajasi to‘plangan bo‘lishi mumkin. Bu moddalar elektron chiqindilarni qayta ishlash jarayonida mahsulotga tushadi.
Ayrim bolalar o‘yinchoqlari tarkibida antipirenlar haddan tashqari ko‘pligi aniqlangan. Ba’zilarida, masalan, qaroqchilar libosi uchun mo‘ljallangan plastmassa munchoqlarda bu miqdor o‘yinchoq og‘irligining 3 foiziga teng ekani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, chunki bolalar ko‘pincha bunday o‘yinchoqlar bilan uzoq vaqt o‘ynaydi. Bundan tashqari, tadqiqotchilar sushi uchun mo‘ljallangan qora plastmassa idishda ko‘p miqdorida dekabromdifenil efiri (decaBDE) mavjudligini aniqladi. Bu modda saraton xavfini oshiradi. decaBDE 2021 yilda taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, u tadqiqotda sinab ko‘rilgan namunalarning 70 foizida topildi.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ifloslangan qora plastik oshxona jihozlaridan foydalanish natijasida insonlar har kuni decaBDE ta’siriga uchrashi mumkin mumkin. Mutaxassislar oziq-ovqat mahsulotlarida qora plastikdan voz kechishni va bunday detallarga ega o‘yinchoqlarni sotib olmaslikni tavsiya qiladi.
Yong‘inlarning oldini olish uchun qo‘llaniladigan antipirenlar havoga chiqib, chang, oziq-ovqat va suvga tushishi mumkin. Mutaxassislar bu moddalarning ta’sirini kamaytirish uchun xonalarni muntazam tozalash, yaxshi shamollatish va qo‘llarni yuvishni tavsiya etadi.
Tadqiqotchilar zararli kimyoviy moddalardan foydalanishni cheklash hamda mahsulotlarni xavfsiz qayta ishlashni ta’minlash uchun davlat siyosati va korporativ qoidalarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Mavzuga oid
00:35 / 04.01.2025
Olimlar jigarni yog‘ bosishi saratonga olib kelishini aniqladi
21:17 / 30.12.2024
2024 yilda odamlar 2,5 oy vaqtini smartfonga sarflagan - tadqiqot
11:21 / 24.12.2024
Jazirama havo qarishni tezlashtiradi - tadqiqot
17:18 / 10.12.2024