O‘zbekiston | 15:04 / 05.12.2023
37693
11 daqiqa o‘qiladi

Oxiri ko‘rinmayotgan mojaro – adolat sari yurayotgan “To‘dako‘l ishi” yana to‘siqlarga uchramoqda

Navoiy viloyatida joylashgan To‘dako‘l suv havzasi so‘nggi 5 yilda respublika ichki bozoriga baliq yetkazib berayotgan yirik baliqchilik bazasidan “quruq” ko‘lga aylantirildi: “To‘dako‘l balig‘i” degan brend yo‘q qilindi. Bu ishlar ko‘l 2018 yil “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining noqonuniy tenderi orqali 15 yillik yirik korxonadan 15 kunlik firmaga “olib berilishi” ortidan yuzaga kelgan. Mazkur ishda avval boshidan boshlangan adolatsizlik bugunga kelib sud jarayonlarida ham “bo‘y ko‘rsatyapti”.

Tadbirkordan “tortib olingan” ko‘l

2004 yilda “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasi tenderda To‘dako‘l suv havzasini 18 yil muddatga ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritgan. Ko‘lda baliqchilik tizimini yaratish ayni shu yildan boshlangan: qo‘shma korxona katta xarajatlar evaziga To‘dako‘lda baliqchilikni rivojlantirgan, 700 nafarga yaqin ish o‘rni yaratgan.

“Aqua-Tudakul” egalik qilgan davrda ko‘lga har yili 125 tonna chovoq tashlanib, baliqlantirib borilgan. Buning natijasida ichki va tashqi bozorga tonnalab baliq yetkazib berilgan.

“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasining ijara muddati 2022 yilda tugashi kerak edi. Ammo prezidentning 2017 yil may oyidagi tegishli qarori bilan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil qilinadi hamda tabiiy suv havzalari uyushma balansiga o‘tkaziladi. Shu sababli, “O‘zbekbaliqsanoat” To‘dako‘lni ijaraga berish uchun 2018 yil yanvar oyida qayta tender o‘tkazgan. 4 ta firma o‘z takliflari bilan qatnashgan tenderda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi yana g‘olib bo‘ladi hamda 2018 yil 23 yanvarda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan 10 yillik shartnoma imzolaydi.

Biroq ko‘p o‘tmay ko‘l soxta hujjatlar asosida o‘tkazilgan tender orqali qo‘shma korxonadan “tortib olingan”.

15 yillik yirik korxonadan, 15 kunlik firmaga...

“O‘zbekbaliqsanoat” turli asoslantirilmagan vajlar bilan 2018 yil 17 aprel kuni uyushma va qo‘shma korxona o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qiladi. May oyida esa qayta tanlov o‘tkazadi.

To‘dako‘l suv havzasini ijaraga berish uchun o‘tkazilgan qayta tenderda “Golden Lake Fish” MChJ g‘olib deb topilgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, “Golden Lake Fish” MChJ tender o‘tkazilishidan bor-yo‘g‘i 16 kun oldin, 2018 yil 7 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu esa MChJning baliqchilik sohasidagi imkoniyatlari va tajribasini baholash talablariga javob berishini jiddiy shubha ostiga qo‘yadi.

Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2022 yilning 15 avgust kunidagi hukmiga ko‘ra, “Golden Lake Fish” MChJ rahbari Panjiqul Ro‘ziqulov tenderga qalbaki hujjatlar tayyorlab taqdim qilgan va g‘olib bo‘lgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 192 va 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topgan. Biroq u jazoga tortish muddati o‘tib ketganligi uchun javobgarlikdan ozod etilgan.

Mazkur sud hukmi 2018 yil 17 aprel kungi tender noqonuniy o‘tkazilganligiga dalil aslida. Lekin negadir tender natijasi bekor qilinib, ko‘l “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga qaytarilmagan.

“Jackpot”

To‘dako‘l suv havzasidan ijara asosida foydalanish huquqi “Golden Lake Fish” MChJga o‘tganida ko‘lda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga tegishli 34,7 mlrd so‘mlik yetishtirilgan baliq bo‘lgan. Bu qo‘shma korxonaning soliq va statistika hisobotlarida ham aks ettirilgan.

“Xolis baholash xizmati” MChJning baholash xulosasi bilan 2018 yil 18 aprel holatiga ko‘lda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga tegishli jami 34,76 mlrd so‘mlik baliq zaxirasi mavjud bo‘lgani tasdiqlangan.

Zaxira balig‘i na tenderda, na “O‘zbekbaliqsanoat”ning boshqa hujjatlarida tilga olinmasdan, tanlov g‘olibi “Golden Lake Fish” MChJ ixtiyoriga o‘tib ketgan. Qo‘shma korxona mutasaddilari tomonidan zaxirada qolgan baliqni ovlab olish bo‘yicha qilingan murojaatlarga esa “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rad javobini bergan.

Ko‘lda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasidan qolgan zaxira balig‘i yangi ega - “Golden Lake Fish” MChJ uchun lotoreyaga chiqqan “jackpot”day gap edi. Ammo mazkur holat – katta miqdordagi zararni qoplash bo‘yicha 2021 yilda boshlangan sud ishiga 2023 yilning 1 avgust kuni nuqta qo‘yildi: sud qarori bilan “Golden Lake Fish” MChJdan “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga 34 mlrd 763 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.

Yangi ega ko‘p o‘tmay bankrot bo‘ldi

To‘dako‘l egaligi qo‘liga o‘tgach, “Golden Lake Fish” MChJ mutasaddilari tomonidan ko‘lda yo‘lga qo‘yilgan baliqchilik tizimi butunlay yo‘q qilinadi: “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasidan qolgan zaxira savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari qo‘pol buzilgan holda sotiladi, soliqlar to‘lanmaydi, brakonerlarga “erkinlik” beriladi va hokazo. Oxir-oqibat “Golden Lake Fish” MChJ bankrot holatiga kel(tiril)adi.

Karmana iqtisodiy sudining 2023 yil 8 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Golden Lake Fish” MChJ bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish boshlangan.

Sudning hal qiluv qarorida ko‘rinishicha, 2023 yilning 19 oktyabr holatiga “Golden Lake Fish” MChJning davlat bojidan 2 mlrd 848 mln so‘m, soliqlardan 3 mlrd 358 mln so‘m, “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasidan 34 mlrd 763 mln so‘m, boshqa tadbirkorlik sub’yektlari va tashkilotlardan ko‘plab qarzdorligi mavjud bo‘lgan.

Amal qilinmagan “uy qamog‘i”

2023 yilning avgust oyida Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan “Golden Lake Fish” MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblov xulosasida keltirilishicha, “Golden Lake Fish” MChJ ta’sischisi Azamat Xoliqov bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, qasddan bankrotlikka olib kelish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar, avtomototransport vositalari va tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir qilgan.

Jumladan, Azamat Xoliqov 2019 yilda 2 mlrd 694 mln so‘mlik, 2022 yilda 9 mlrd 636 mln so‘mlik baliq mahsulotlarini naqd pulga realizatsiya qilib, pul mablag‘larini nazorat-kassa mashinasiga kirim qilmasdan va bank hisob raqamlariga topshirmasdan o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Bu orqali u juda ko‘p miqdordagi savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini qasddan buzgan.

2023 yilning 10 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi ajrim chiqarib, “Golden Lake Fish” MChJ ta’sischisi Azamat Xoliqovga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llagan. Qo‘llanilgan ehtiyot chorasini Qiziltepa tumani, Oqsoch mahallasi, “Urganjiyon” qishlog‘idagi uyida o‘tash belgilangan. Shuningdek, unga nisbatan oila a’zolaridan tashqari boshqa shaxslar bilan uchrashish, surishtiruv, tergov va sud muhokamasi jarayonidan tashqari jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxslar bilan aloqada bo‘lish kabi bir nechta cheklovlar qo‘llanilgan.

Biroq “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi rahbari Shavqitdin Jamolov Kun.uz’ga qilgan murojaatida Azamat Xoliqov ehtiyot chorasiga amal qilmasdan, bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonlariga Toshkent shahridan videoaloqa orqali ishtirok etganligini, qo‘llanilgan cheklovlarga amal qilmaganligini, sudyalar esa bunga e’tibor qaratmaganligini ta’kidlagan.

“Qattiq” ayblovga “yumshoq” hukm

Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2023 yil 8 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Azamat Xoliqov Jinoyat kodeksining 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi hamda 184-moddasining (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan BHMning 300 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan hamda “uy qamog‘i” ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Ammo negadir sudda Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 181-1-moddasi (qasddan bankrotlikka olib kelish), 227-moddasi (hujjatlarni soxtalashtirish) va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan qo‘yilgan ayblovlar sudlanuvchilardan olib tashlangan.

Qolaversa, bu nuqtada ikkita sud go‘yoki bir-biriga qarshi chiqib qolgan: Karmana iqtisodiy sudining 2023 yil 8 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Golden Lake Fish” MChJ bankrot deb topilgan. Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining hukmida bunga “ko‘z yumilgan”.

To‘dako‘lga baliqchilik qaytadimi?

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yilda asoslanmagan vajlari asosida “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilgan. O‘sha paytda To‘dako‘lda baliqchilik tizimi yo‘lga qo‘yilgan, buning ortidan mingga yaqin ish o‘rni yaratilib, ichki bozorga tonnalab baliq yetkazib berilayotgan edi. O‘tgan yillarda mazkur tizim yo‘q qilindi, ko‘lda baliqchilikning kelajagi katta xavf ostida qoldi. Ammo negadir “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi yetarli asoslar bo‘lsa-da, 5 yil oldingisi kabi ijarachi bilan shartnomani bekor qilmasdan kelmoqda. Bu yuqoridagi ishlarda uyushmadagi ayrim mansabdorlarning ham “qo‘li borligi” haqidagi shubhalarni uyg‘otadi.

To‘dako‘l O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish, ichki bozorni baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish, qolaversa, respublikada baliqchilik maktabini yaratish mumkin bo‘lgan yirik suv havzasi. Shu sababli, ko‘lga baliqchilik qaytishi kerak. Buning uchun esa prokuratura va sud jarayonga adolatli baho berishi zarur.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid