O‘zbekiston | 08:16 / 05.06.2024
9423
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzda tog‘-chang‘i majmuasi qurilishi boshlandi

Prezident Shahrisabz shahri va tumanida turizm klasteri tashkil etishni buyurdi. U yerda 3000 gektar maydonda tog‘-chang‘i kurorti qurilishi boshlandi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xorijiy investorlar tomonidan Shahrisabz tumani G‘yelon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarli tog‘-chang‘i majmuasi tashkil qilish boshlandi. Miraki qishlog‘i bo‘yicha ham master reja ishlab chiqilmoqda.

Bu tumanning tarixi ham, tabiati ham diqqatga sazovor. Qolaversa, Shahrisabz shahri Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining “2024 yildagi turizm poytaxti”, deb e’lon qilingan.

Shu bois u yerda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Birinchi galda Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida turizm klasteri tashkil qilinadi. 33 kilometrli Hisorak – G‘yelon va Hisorak – Sarchashma yo‘li kengaytirib, ta’mirlanadi. “Chiroqchi-Sho‘rquduq” avtomobil yo‘li yaxshilanib, Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqaradi.

G‘yelondan o‘tuvchi Oqsu daryosida quvvati 24 megavattli 3 ta gidro elektr stansiya ishga tushiriladi. Natijada turizm klasterida elektrdan muammo bo‘lmaydi. Shahrisabz turizm texnikumida Shveytsariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlanadi.

Bunday ishlarni Ohangaron, Urgut, Nurota, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Boysun, Sariosiyo, Baxmal, Farg‘ona kabi turizm salohiyati yuqori 20 ta tumanda ham qilish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda bu borada master reja ishlab chiqish topshirildi.

Mavzuga oid