Jahon | 22:44 / 20.06.2024
37091
3 daqiqa o‘qiladi

Putin: «G‘arb Zelenskiyni kelasi yil yarmiga qadar almashtiradi»

U Rossiya jang maydonida taslim bo‘lmasligi, «o‘z mavjudligini yo‘qotmaslik uchun oxirigacha borishi»ni ta’kidladi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vetnamga tashrifi doirasida rossiyalik jurnalistlar ishtirokida brifingda qatnashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb urushdagi barcha muvaffaqiyatsizlikni Zelenskiyning zimmasiga qo‘yib, uni ketkazadi.

«G‘arb barcha o‘xshamagan qarorlar uchun aybni Zelenskiyning bo‘yniga ilib, uni 2025 yil birinchi yarmiga qadar almashtiradi», deya Putinning so‘zlarini keltirgan «RIA Novosti».

Shuningdek, Putin G‘arbda urush yakuni sifatida Rossiyani jang maydonida taslim etishni ko‘rishayotgani, Moskva uchun esa bu mamlakat mavjudligining yakunlanishi ekanini aytgan.

«Bunaqada nimadan qo‘rqamiz? Yaxshisi oxirigacha boramiz», dedi Putin Rossiya jang maydonida taslim bo‘lmasligini aytar ekan.

Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning legitimligi yakunlangani haqida may oyi oxiridan buyon gapirib keladi. Chunki 20 may kuni chindan Zelenskiyning birinchi prezidentlik muddati tugagandi. Ukraina hukumati esa urush ketayotgani sabab prezidentlik saylovlari o‘tkazilmasligini ma’lum qilgan. Shundan buyon Rossiyada Zelenskiyni Ukrainaning nolegitim rahbari deb atab kelishadi.

Ukraina konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat urush holatida bo‘lganda faqat Oliy Rada uchun saylovlar o‘tkazilmasligi belgilangan, prezidentlik saylovlari haqida esa hech narsa deyilmagan. Shu bois, Putin Oliy Radani qonuniy parlament deb hisoblashini aytgan. Rossiya tomoni agar tinchlik kelishuvi imzolansa ham, uni Zelenskiy bilan emas, aynan Oliy Rada bilan imzolashi haqida gapirib keladi.

Shimoliy Koreya bilan kelishuv haqida

Putin Vetnamdagi brifingda oldinroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risida kelishuv haqidagi savolga ham javob qaytardi. Ushbu kelishuvda tomonlardan biriga kimdir hujum qilsa, boshqa tomon o‘zida bor vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatishi qayd etilgandi. Bu kelishuv hatto Rossiya va KXDR bir-biriga qo‘shin yuborishini ham nazarda tutadi.

Putin kelishuvning shu bandini izohlar ekan, Shimoliy Koreya harbiylarini Ukrainadagi urushga jalb qilish ehtiyoji yo‘qligini aytdi. «Seulda Shimoliy Koreyaga hujum qilish rejasi bo‘lmasa, hech nimadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Shuningdek, Seul Kiyevga qurol yetkazib berishi katta xato bo‘ladi. Aks holda Moskva Seulga yoqmaydigan qarorlar qabul qilishi mumkin», dedi Putin.

Mavzuga oid