O‘zbekiston | 12:25 / 15.08.2019
17956
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori loyihasi: O‘zbekistonda «Bahor» raqs ansambli faoliyati qayta tiklanadi

Foto: Anvar Ilyasov

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbek milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining davlat muassasasi shaklida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyatini tashkil etish haqidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekistonda raqs san'atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablarning an'analarini, buyuk baletmeyster, balet artistlari merosini qayta tiklash;

o‘zbek raqs san'atining mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlodni raqs san'ati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

raqs va xoreografiya san'ati sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishda ishtirok etish, yosh iste'dodli baletmeysterlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratish;

o‘zbek raqs va xoreografiyasi sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalari asosida zamonaviy raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirish;

o‘zbek raqs san'atini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda dunyo xalqlari raqslaridan iborat konsert dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

milliy raqs san'atini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i orqali O‘zbekiston va chet ellarda keng targ‘ib etish.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z tizimi uchun budjetdan ajratilgan yillik mablag‘lari doirasida doimiy ravishda “Toshkent radioeshittirish uyi”da ovoz yozish studiyalari va texnik vositalardan Davlat ansambli uchun bepul foydalanish va ansambl tomonidan ijro etiladigan raqslarga bastalangan musiqiy asarlarni yozib olishni ta'minlaydi.

Davlat raqs ansambli 2025 yilgacha barcha soliq to‘lovlaridan ozod etildi.

Belgilanishicha:

Davlat raqs ansambli qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziyani olmasdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyundagi 458-sonli qarori bilan “Davlat madaniyat muassasalari va  davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash haqida”gi qarorining 1-, 2- ilovalariga muvofiq Davlat raqs ansamblining administrativ-boshqaruv, badiiy-rahbariyat xodimlari, balet artistlari va sozandalar lavozim maoshlarini aniqlashda bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 1,12 koeffitsiyentga oshirilgan holda qo‘llaniladi;

Davlat raqs ansambliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 28 oktyabrdagi 415-son qarori tatbiq etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 20 oktyabrdagi PF-1280-son Farmoni tatbiq etiladigan Respublika teatr-konsert tashkilotlari, ta'lim va boshqa madaniy-ma'rifiy muassasalari ro‘yxatiga qo‘shiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Davlat raqs ansambliga 4 ta yengil avtomobil, 2 ta katta sig‘imli avtobus va 1 ta yuk avtomashinasini xarid qilish uchun mablag‘lar ajratadi.

Davlat raqs ansamblini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, o‘z daromadlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

2020-2025 yillarda Davlat raqs ansambli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chet eldan olib kelinadigan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan maxsus kiyim-kechak va uskunalar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, Davlat raqs ansamblining ijrochi direktori, badiiy rahbar-bosh baletmeysteri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

Davlat raqs ansamblining rahbarlik lavozimlariga (ijrochi direktor, badiiy rahbar, bosh baletmeyster) nomzodlarni o‘rganadi va belgilangan tartibda kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Davlat raqs ansamblida viloyatlardan kelib faoliyat yuritayotgan xodimlarni turar joy bilan va ularga imtiyozli kreditlar asosida uylar ajratilishini ta'minlaydi.

O‘zbek liboslari va milliy raqs san'ati tarixi muzeyini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Toshkent shahar hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Davlat raqs ansamblini joylashtirish uchun bino ajratish bo‘yicha taklif kiritadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Davlat raqs ansambliga doimiy homiylik qilish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.

Mavzuga oid