O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Madaniyat vazirligi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

O‘zbekistonda raqs san'atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijodiy maktablarga xos an'analarni, mohir baletmeysterlar, balet artistlari merosini tiklash;

milliy raqs san'atining mumtoz va zamonaviy ijro namunalari “oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlodni milliy raqs san'ati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

raqs va xoreografiya san'ati sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etish, iste'dodli yosh baletmeysterlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish;

milliy raqs va xoreografiya san'ati sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari asosida zamonaviy raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirish;

milliy raqs san'atini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda jahon xalqlari raqslaridan iborat dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

Davlat raqs ansambli faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Bunda Davlat raqs ansambliga respublika budjetidan mablag‘lar uning o‘z daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun ajratiladi.