Jamiyat | 19:31 / 06.01.2017
38729
24 daqiqa o‘qiladi

Qarz oldi-berdi muomalasi: nima qilsa ehtimoliy og‘ir vaziyatlarning oldi olinadi?

Qarz oldi-berdisi jamiyat a'zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlardan biridir. Inson hayotining barcha jabhalaridagi kabi, dinimizda bu borada barcha yo‘l-yo‘riqlar ham mukammal va chiroyli bayon qilib berilgan. Alloh taolo O‘zining Kalomi – Qur'oni karimdagi eng uzun oyati karimani aynan shu masalaga atab nozil qilgan. Zamonamiz ulamolaridan mashhur mufassir Vahba Zuhayliy o‘zining «Tafsirul Munir» asarida bu haqda shunday deydi:

«Qur'oni karimdagi eng uzun oyatning qarz oldi-berdisiga bag‘ishlanishi, moliyaviy hukmning bayon qilinishi Allohning nazdida mol-dunyoning tahqir qilinishini emas, balki uning hurmati naqadar balandligini ko‘rsatadi».

Darhaqiqat, shunday. Alloh taolo xohlagan bandasiga behisob rizq bersa, xohlagan bandasini yetishmovchilik bilan, moliyaviy muammolar bilan sinaydi. Shuning uchun kishilik jamiyatini qarz oldi-berdisiz tasavvur qilish mumkin emas. Qush tirikchilik qilishi uchun qanot qoqishga majbur bo‘lganidek, rizq topish, mol-dunyoni qo‘lga kiritishi uchun insondan ham ma'lum bir sa'y-harakatlar talab etiladi. Ularning mashru' yo‘llarini belgilab berish esa dinning vazifasidir. Alloh taolo Qur'oni karimda mol-dunyo topish, tirikchilik qilish uchun harakat qilish lozimligi haqida ko‘pgina oyatlar nozil qilgan:

«Naba'» «Va kunduzni tirikchilik qilib qo‘ydik» (Naba' surasi, 11-oyat).

««Jumu'a» «»Namoz tugaganidan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling hamda Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz» (Jum'a surasi, 10-oyat).

Ba'zilar dinda mol-dunyo, boylik qoralangan deb o‘ylashadi. Ammo bu dinimizning mohiyatini, ilohiy hikmatlarini noto‘g‘ri tushunish oqibatidir. Islomda mol-dunyoning o‘zi emas, balki unga o‘ch bo‘lish, ruju' qo‘yish va natijada Alloh kafolatlab qo‘ygan rizqni deb toat-ibodatdan chalg‘ish, gunohga botish qoralangan. Agar dinimizda mol-dunyo qoralagan bo‘lsa, shariatimizda sadaqa, xayr-ehson, zakot, haj kabi moliyaviy ibodatlar joriy qilinmagan bo‘lur edi. Biz o‘rganayotgan oyati karima ana shunday moliyaviy ibodatlardan biri qarz haqidagi mavzuga bag‘ishlangan.

«Qarz» so‘zi arab tilida «uzib olish», degan ma'noni bildiradi. Masalan, kesish, uzish uchun ishlatiladigan qaychi arab tilida «miqroz» deyiladi. Qarz beruvchi o‘zining molidan bir qismini uzib, kesib, qarzdorga bergani uchun ham ma'lum muddatga pul yoki moddiy qiymat berib turish mana shu so‘z bilan ataladigan bo‘lib ketgan. Ammo zimmaga olingan qarz majburiyati, birovga tegishli bo‘lgan haq arab tilida «dayn» deb ataladi. Shuning uchun Baqara surasining 282-oyati «oyati mudoyana», ya'ni «qarz oldi-berdisi oyati» deb ataladi:

Baqara «Ey iymon keltirganlar! Ma'lum muddatga qarz oldi-berdi qilsangiz, uni yozib qo‘yinglar. Orangizda bir kotib uni adolat bilan yozsin. Hech bir kotib Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin. U yozsin, haq zimmasiga tushgan kishi esa aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin. Agar haq zimmasiga tushgan kishi esipast, zaif yoki aytib tura olmaydigan bo‘lsa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin. Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling. Agar ikki er kishi bo‘lmasa, o‘zingiz rozi bo‘ladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsin, ikkovidan (ayollardan) biri adashsa, biri boshqasining esiga soladi. Chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasinlar. Kichik bo‘lsa ham, katta bo‘lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang. Mana shu Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir. Ammo oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo‘lsa, yozmasangiz ham sizga gunoh yo‘q. Oldi-sotdi qilganingizda guvoh keltiring, kotib ham, guvoh ham zarar tortmasin. Agar (aksini) qilsangiz, albatta, bu fosiqligingizdir. Allohga taqvo qilinglar, Alloh sizga ilm berur. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir».

Qur'oniy uslubga ko‘ra, g‘oyatda muhim qonun-qoidalarni bayon qilishdan oldin bu ilohiy ko‘rsatmalar kimlar uchun mo‘ljallanganligi aytilmoqda:

 «Ey iymon keltirganlar!».

«Ma'lum muddatga qarz oldi-berdi qilsangiz, uni yozib qo‘yinglar».

Ma'lumki, bugungi kunda moliyaviy muomalalarga oid barcha muhim ishlar notarial idoralar tomonidan guvohlar huzurida yozib, rasmiylashtirilsagina qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Shunday qilinsa, hech kim norozi bo‘lmaydi, hech kimning haqiga tajovuz qilinmaydi. Qur'oni karim esa bundan o‘n besh asr oldin bu qoidani go‘zal va mukammal tarzda, hech bir to‘ldirishga o‘rin qoldirmay bayon qilib bergan.

«Orangizda bir kotib uni adolat bilan yozsin».

Demak, qarz haqidagi tilxatni qarz berayotgan odam ham, olayotgan odam ham yozmaydi. Buni betaraf, xolis odam – kotib yozsin. Taomil shunday.

«Hech bir kotib Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin».

Afsuski, ushbu ilohiy qonundan uzoqlashilgani bois, bugungi kunda qarzni vaqtida ado etmaslik biz uchun odatiy hol bo‘lib qolgan. Qayerga qaramang, juda ko‘plab nizolar, urush-janjallar, qarindosh-urug‘, do‘st-yorlar orasining buzilishi, hatto og‘ir jinoyatlar qarz muammolaridan kelib chiqmoqda. Aql bovar qilmas darajadagi katta qarzlar bir necha yillardan beri to‘lanmagan. Kimdir qarz bergan, kimdir olgan, ammo quruq so‘zga ishonib, yalinib-yolvorganiga rahmi kelib, na guvoh chaqirilmagan, na kimdir biron narsa yozgan. Endi esa omonatga xiyonat yuzaga keladi – qarz beruvchi talab qiladi, oluvchi bermaydi. Mabodo kimdir o‘rtaga tushgan bo‘lsa, qarzini qaytarib ololmagan odam jon achchig‘ida uning o‘ziga yopishyapti, yaxshilik qilaman, degan odam baloga qolib ketyapti. Shuning uchun ko‘pincha odamlar bunday g‘alvali masalaga aralashishdan, o‘rtaga tushishdan o‘zlarini olib qochadilar. Ammo Alloh taoloning O‘zi bunga chaqiryapti. Bir kishi guvohlikka chaqirilsa, Alloh bildirganidek yozishdan bosh tortmasin, chunki bu savob ish, Alloh buyurgan ish.

«U yozsin, haq zimmasiga tushgan kishi esa aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin»

Qarz beruvchi emas, balki haq zimmasiga tushgan kishi, ya'ni qarz olayotgan odam «Men, Falonchi, Falonchidan falon miqdordagi pulni falon muddatga falon shartlar bilan Falonchining guvohligida olyapman», deb aytib tursin. Aytib turgan odam Allohga taqvo qilsin, biron narsani kamaytirmasin, yashirmasin, qarz oluvchini, guvohlarni aldamasin.

Qur'onning mo‘'jizaligi, dinimizning adolati shundaki, aytib turish qarz beruvchiga emas, oluvchiga yuklanyapti. Bu ayni adolatdir, chunki yozish qarz beruvchiga yuklansa, u o‘z foydasini ko‘zlashi, shartnomaga o‘ziga manfaatli biror o‘zgarish kiritishi mumkin. Qarz oluvchi esa mushkul ahvolda turibdi. U qarz beruvchidan pulni tezroq olib, ishimni hal qilay, degan maqsadda yolg‘on aralashtirmasdan, to‘g‘risini aytadi. Qarz beruvchining talabiga rozi bo‘lgan odam yolg‘on gapirishi, o‘z foydasini ko‘zlashi mumkin emas. Shuning uchun Alloh taolo aytib turishni uning zimmasiga yuklamoqda. 

Ammo shu o‘rinda bir narsani yaxshi bilib olaylik. Qarz hammaga ham berilavermaydi. Olgan qarzini uzishga ko‘zi yetmasa, avval ham birovlardan qarz olib, uza olmagan yoki uzishni kechiktirib yurgan mas'uliyatsiz, subutsiz odam bo‘lsa, bunday odamga qarz berilmaydi. Vaholanki, qarz berayotgan odam o‘zining foydasini ko‘zlamaydi, balki mushkul ahvolga tushgan odamni bu holatdan chiqarishga, qiynalgan odamga ko‘mak berishga harakat qiladi.

Qur'oni Karimning yana bir yuksak adolati shuki, «Agar haq zimmasiga tushgan kishi esipast, zaif yoki aytib tura olmaydigan bo‘lsa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin».

Qarz olayotgan odam hisob-kitob ishlarini, narx-navoni yaxshi tushunmasa yoki zaif, ya'ni yoshi kichik, keksayib qolgan, og‘ir kasal bo‘lsa yoki gapira olmasa yoxud boshqa jiddiy, uzrli nuqsonlar tufayli aytib tura olmasa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin. Valiylar boshqa ishlarda ham o‘z qaramog‘idagilarning mas'uliyatini zimmaga oladilar.

«Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling».

Tabiiyki, guvohlikka adolatli, guvohligi qabul qilinadigan, insof-diyonatli kishilar chaqiriladi.  

«Agar ikki er kishi bo‘lmasa, o‘zingiz rozi bo‘ladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsin, ikkovidan (ayollardan) biri adashsa, biri boshqasining esiga soladi».

Dinimizda bir erkakning guvohligiga ikkita ayolning guvohligi teng qilinadi. Shuning uchun bu kabi o‘rinlarda ikkita erkak guvoh topilmasa, bir erkak va ikkita ayolning guvohligi joiz deyilgan.

Mana shu jumla dinimiz dushmanlarining «Islom ayol kishini to‘liq odam o‘rnida ko‘rmaydi, shuning uchun guvohlikka bir erkakka ikki ayolni tenglashtiradi», degan da'volariga sabab bo‘lgan. Vaholanki, dinimizda ba'zan mingta erkakning guvohligi o‘tmasa-da, birgina ayolning guvohligi o‘tadigan o‘rinlar ham bor. Emizish, tug‘ish va idda masalasida birorta erkakning guvohligi o‘tmaydi. Bir bevaning iddasi haqida bir tomonda mingta erkak, bir tomonda esa bitta ayol guvohlik bersa, mana shu ayolning guvohligi olinadi. Dinimiz dushmanlari esa buni eshitgan bo‘lsalar ham, o‘zlarini eshitmaganga solishadi.

Aslida guvohlikka ikki ayol shart qilinishida bir olam hikmatlar bor. Avvalo, dinimizda ayollar nihoyatda ehtirom qilinadi, ularni faqat o‘zlariga mos, munosib ishlar taklif qilinadi. Ayol onadir, latif, nazokatli, zaif bir xilqatdir. Qolaversa, Islomda iqtisodiy ta'minot ham, moliyaviy oldi-berdilar ham faqat erkaklarning zimmasiga yuklatilgan. Islom dini ayol kishi bu tashvishlardan mutlaqo ozod bo‘lsin, moddiy muammolarni erkak hal qilsin, deydi. Shuningdek, ayol kishi nomahram erkaklar bilan xoli qoldirilmaydi, shuning uchun yuqoridagi kabi zarurat yuzasidan, qonun taqozosi bilan guvohlik qilishi kerak bo‘lib qolsa, hech bo‘lmasa bir dugonasi bilan boradi. Qolaversa, ayolning nozik ko‘ngli qarz oldi-berdisida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tortishuvlarda, janjallarda teskari natija berib qo‘yishi, hayajonlanib, ayolligiga borib, ba'zi narsalarni unutib qo‘yishi ham mumkin, shunda bir-biriga eslatib, dalda bo‘lib turish uchun ham guvohlikka ikkita ayol kishi olinadi. Shuning uchun oyatda «ikki er kishi bo‘lmasa», deb shart qo‘yilmoqda.

«Chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasinlar».

Qarz masalasi nihoyatda serg‘alva ish bo‘lib qolgani uchun ko‘pincha o‘rtaga tushishdan qo‘rqamiz, ayniqsa, pul oldi-berdisida guvoh bo‘lishni istamaymiz. Guvohlikka chaqirishsa, bahona topib, o‘zimizni olib qochishga urinamiz. Lekin Alloh taolo bunday qilish durust emasligini, guvohlikka chaqirilganda bosh tortmaslik lozimligini ta'kidlamoqda. Kelib, guvohlikka o‘tsinlar. Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambar alayhissolatu vassalom: «Sizlarga eng yaxshi guvoh kimligini aytib beraymi? Guvohligi so‘ralmay turib guvohlik beradiganlardir», deganlar. Yana bir hadisda «Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi», deganlar.

«Kichik bo‘lsa ham, katta bo‘lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang».

«Shu arzimagan pulni ham yozamizmi», deb bepisandlik qilish, «Keyin yozib qo‘yarman», deb mas'uliyatsizlik qilish, biror yaqinimiz, do‘stimiz, tanishimiz qarz so‘rab kelsa, «Shuni yozib qo‘yaylik» desa, xijolat bo‘lib yozmaslik mumkin emas ekan. Alloh taolo «yozishni malol olmang», deyapti. «Katta»dan oldin «kichik»ni zikr qilyapti. Nima uchun? Alloh taolo inson tabiatini yaxshi biladi: ozgina narsani yozib o‘tiramanmi, deb erinishi yoki bu narsa unga erish tuyulishi mumkin. Lekin mana shu ozgina narsa sababli ertaga eng yaqin do‘stlar dushmanga aylanib qolishi, yaqinlar yuzko‘rmas bo‘lib ketishi ehtimoldan xoli emas. Bugungi kunimiz bunga yorqin misol. Ana shu narsalarning oldini olish uchun Alloh taolo qarz oldi-berdisining miqdorini ham, muddatini ham erinmay yozib qo‘yishga buyuryapti.

«Mana shu Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir».

Og‘zaki guvohlikdan ko‘ra yozma guvohlik kuchliroq bo‘ladi, o‘rtaga nizo tushmaydi. Islom – tinchlik dinidir, orani isloh qilish, mehr-oqibat ko‘rsatish dinidir. Islom har bir narsada tichlik yo‘lini ko‘zlaydi, jumladan, qarz oldi-berdi munosabatlarida ham. Aka-uka arzimas pulni deb, ertaga yuzko‘rmas bo‘lib ketmasin, xiyonat bo‘lib, do‘stlar orasiga adovat tushmasin, degan maqsadda dinimiz hammaga bab-barobar yozishni buyuryapti. Shunday qilsak, shubhadan yiroq bo‘lamiz. Qalbda paydo bo‘lgan har qanday shubha bora-bora adovatga aylanishi, ishonchsizlik keltirib chiqarishi mumkin. Buning oqibatida odamlar qarz bermay qo‘yadi, eng yaqin kishisi qarz so‘rab kelsa ham, osongina «Yo‘q» deb qaytarib yuboradigan, yoki «Kel, og‘ayni, o‘rtamizga pul aralashmasin», deydigan bo‘lib qoladi. U ham o‘zicha haq. Sababi – u qo‘rqib qolgan, jamiyatda bunday narsa ko‘payib ketganidan odamlar o‘rtasida ishonch, subut yo‘qolgan.

Ammo sodiq, ishonchli odamlar, tijoriy hamkorlar o‘rtasidagi kundalik oldi-berdilar-chi? Ular ham tiyin-tiyinigacha yozib borilsa, mashaqqat bo‘lib qolmaydimi? Bu o‘rinli savolga keyingi oyat javob beradi.

«Ammo oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo‘lsa, yozmasangiz ham sizga gunoh yo‘q».

Qarz oldi-berdisi muddatli bo‘lsa, yozish kerak. Ammo tijoratdagi, savdodagi hamkoringiz bilan bo‘ladigan har kungi oldi-berdilarni yozmaslikda gunoh yo‘q ekan. Chunki ertalabdan kechgacha hammasini yozib borish sizni mashaqqatga solib qo‘yadi.

«Oldi-sotdi qilganingizda guvoh keltiring, kotib ham, guvoh ham zarar tortmasin».

Ushbu oyat guvohni ham, kotibni ham himoya qilyapti. Sizning savdo-sotiq yoki qarz oldi-berdingizdan guvoh ham, kotib ham zarar ko‘rmasin. Savob uchun yordamga kelganlar sizning kasringizga qolib ketmasin. Ularni aybdor qilib, zarar yetkazib qo‘ymang.

«Agar (aksini) qilsangiz, albatta, bu fosiqligingizdir. Allohga taqvo qilinglar, Alloh sizga ilm berur. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir».

Qur'oni karimdagi eng uzun suraning ushbu eng uzun oyatidan so‘ng qarz oldi-berdisi haqida hukmlar bayon qilingan yana bir kichik oyat keladi:

«Baqara Agar safarda bo‘lsangiz va kotib topa olmasangiz, qo‘lga olinadigan biror garov bo‘lsin. Bir-biringizga ishonsangiz, ishonilgan omonatni ado qilsin, Robbi Allohga taqvo qilsin. Guvohlikni berkitmanglar! Kim uni berkitsa, uning qalbi gunohkordir. Alloh qilayotgan amallaringizni biluvchi Zotdir» (Baqara surasi, 283-oyat).

Alloh taolo O‘zining cheksiz ilmi, benihoya hikmati bilan inson zoti duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatni oldindan ko‘rib, bilib, tegishli hukmlarni bayon qilib qo‘ygan. Aytaylik, bir kishi safarda qarzga muhtoj bo‘lib qoldi. Notanish odamdan qarz olishga majbur. U bilan shartnoma tuzish uchun na kotib, na guvoh bor. Bunday holatning yechimi – olayotgan qarzingiz evaziga muayyan qiymatga ega bo‘lgan bir narsani garovga berib qo‘yish ekan. Ushbu garov evaziga kotib bo‘lmasa ham, guvoh bo‘lmasa ham, qarz beruvchi sizga ishonib, qarz beradi. Ikki taraf ham bir-biriga ishonib, omonat qo‘yadi. Endi bu omonatni ado qilish uchun ikkovi ham Allohga – Robblariga taqvo qilishi kerak. Shuning uchun bu oyatda ham nafaqat moddiy masalalarda, balki har bir ishda asos bo‘lishi lozim bo‘lgan taqvo yana bir bor eslatilmoqda.

Taqvo bo‘lsa, omonat ado etiladi. Omonat ado etilsa, odamlarda o‘zaro ishonch, hurmat mustahkamlanadi, munosabatlar yaxshilanadi. To‘g‘rilik, halollik bor joyda esa xayr-barakot bo‘ladi, tinchlik-totuvlik bo‘ladi.

Bir mushkulini hal qilish uchun qarz olgan, so‘ngra og‘ir kunida yordam bergan birodarining omonatiga xiyonat qilmay, uni o‘z vaqtida uzishga niyat qilgan kishiga Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘lar ekan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim odamlarning molini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, uni Alloh (O‘z yordami ila) ado etadi. (Birovning molini) yo‘q qilishni niyat qilib olgan odamni Alloh yo‘q qiladi».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, qarz olmoqchi bo‘lgan odam, avvalo, niyatini to‘g‘rilashi lozim ekan. Agar u «Allohim, shu birodarimdan qarz olyapman, uni qaytarishga O‘zing yordam ber» desa, Alloh taolo qarzni qaytarishga, albatta, yordam beradi. Lekin «Boyga balo urarmidi, topganda beraman-da» deb olsa, Alloh taolo uning o‘zini yo‘q qiladi.

Hayotda bunday holatga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz. Odamlarni aldab, ishonchiga kirib, nayrang yo‘li bilan pul olishni kasb qilganlarning balo-ofatlarga yo‘liqib, yo‘q bo‘lib ketayotgani mazkur hadisi sharifning isbotidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Boyning (zimmasidagi haqni) bermay yurishi zulmdir», deganlar.

Buxoriy rivoyat qilgan.

Imkoniyati bor odamning zimmasidagi qarzni bermay yurishi zulmdir. Bunday odam o‘ziga ham, qarz beruvchiga ham zulm qiladi. Haqdor pulini o‘z vaqtida ololmay, zulmga uchraydi. O‘zi esa bu ishi bilan gunohga botib, o‘ziga zulm qiladi. Bundaylarning adabini berib qo‘yish, qolganlarni ularning kirdikoridan ogohlantirib qo‘yish kerak:

Imom Buxoriy, Ahmad va Nasaiylar qilgan rivoyatda «Topganning bo‘yin tovlashi uning obro‘sini to‘kishni va uqubatini halol qiladi», deyilgan.

Aslida dinimiz ta'limotida birovning sha'nini yerga urish, haqorat qilish, obro‘sini to‘kish, azob berish, kaltaklash harom. Ammo qarzdor odam imkon topganidan keyin ham qarzini bermay yursa, uning obro‘sini to‘kish, unga nisbatan chora ko‘rish halol bo‘ladi. Bu dinimizda o‘z o‘rnida bayon qilingan hukmdir. Davlatimizning qonunchiligida esa bunday jinoyatlarga nisbatan tegishli jazolar belgilab qo‘yilgan.

Ammo qarz olgan odam nochor ahvolga tushib qolgan bo‘lsa, qashshoq, kambag‘al bo‘lsa, qarzini qaytarishga mutlaqo imkoni bo‘lmasa, nima qilish kerak? Bu holatda qanday yo‘l tutish kerakligini ham Alloh taoloning O‘zi o‘rgatadi:

Baqara «Agar nochor bo‘lsa, boyi­gunicha kutishdir. Sadaqa qilmog‘ingiz, agar bilsangiz, o‘zingiz uchun yaxshidir» (Baqara surasi, 280-oyat).

Agar qarzdor nochor bo‘lsa, Alloh taolo qarz beruvchini sabr qilishga, qarzdorni qiyin-qistovga olmaslikka, u o‘zini o‘nglab olgunicha kutib turishga chaqiradi. Agar qaytarishning aslo iloji bo‘lmasa, qarzdorning kambag‘alligi kundan-kunga oshib ketayotgan bo‘lsa, berilgan qarzdan kechib yuborish afzal ekan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham ko‘plab irshodlar bor. Qarzning muddatini uzaytirish oliy fazilat bo‘lsa, uni kechib yuborish undan ham kattaroq fazldir.

Ko‘rib o‘tganimizdek, qarz masalasi g‘oyatda muhim va mas'uliyatli ishdir. Shuning uchun ham unga oid hukmlarga rioya qilmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelganidek, uni sharaf bilan ado etgan kishi ko‘pdan-ko‘p ajru savoblarga ega bo‘ladi.

Abdulloh ibn Abu Robiy'a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam mendan qirq ming qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berib, «Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir», dedilar».

Nasaiy rivoyat qilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «Qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir» deyishlarida ajib falsafiy ma'no bor. Bunday holda qarz beruvchiga birdan-bir mukofot uning molini o‘z vaqtida qaytarib berish-u, qarzdor tomonidan uning sha'niga aytiladigan maqtov gaplar bo‘ladi, xolos.

Bugungi kunda birovdan qarz olayotganlar ham, qarz berayotganlar ham mana shu qoidalarni yaxshi tushunib, amal qilishsa edi, dinimizning katta bir hukmi ado etilgan va ko‘plab jinoyatlarning oldi olingan bo‘lardi.

Tafsir kitoblari asosida
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

tayyorladi.