Gigantlar raqobati, GPTga qo‘ng‘iroq, septillion yillik ish 5 daqiqada – Texnodayjest
Texnologik rivojlanish shunchalik shiddatli kechyaptiki, oyog‘ing ostidan yer ketib qolayotgandek bo‘lasan kishi. Bu yoqda G‘arb texnogigantlari o‘zlarining yangiliklari bilan: ba’zilari sun’iy intellektni o‘qitish uchun butunboshli atom elektr stansiyalar energiyasini sotib olishyapti – shunchalik katta energiya talab qiladi ularni o‘qitish. Boshqalari o‘z robotlari bilan butunboshli zavodlarni odamsiz qilishmoqchi.
Bu yoqda esa Xitoy o‘zining to‘xtovsiz texnologik o‘sishi bilan odamni qo‘rqitib yuboryapti: go‘yo yana ozroq vaqt o‘tadi-yu, hammamiz Xitoy kompartiyasining nazoratiga o‘tamiz: har birimiz haqimizda kattakon serverlarlar ichida kichkina joy ajratiladi.
“Ertaga nimalarga tayyor bo‘lishimiz kerak?” – bu savol hammamizni qiziqtirishi kerak. Biroz bo‘lsa-da texnodunyoda nima bo‘layotganidan xabardor bo‘lib turish uchun, Kun.uz'ning “Texnodayjest”ini ko‘rib boring.
Kvant kompyuteri chipi
Google, "Willow" nomli yangi kvant kompyuter chipini taqdim etdi. Kompaniya ta’kidlashicha, ushbu chip hozirda mavjud kompyuterlar 10 septillion yilda hal qiladigan masalalarni 5 daqiqada yechishi mumkin.
Septillion qanaqa raqam ekanini bilasizmi? Birdan keyin 24ta nol qo‘ysangiz septillion bo‘ladi. Taqqoslash uchun: Koinotni yuzaga keltirgan katta portlash 15 mlrd yil avval bo‘lgan deyishadi olimlar. Bu esa 1dan keyin atigi 9ta nol degani. Bu sayyoradan qochib ketgim kelyapti...
Kvant kompyuterlari an’anaviy kompyuterlardan farq qilib, kvant zarrachalari xususiyatini ishga soladi. Bu nima degani? Bu degani “svetni o‘chirib uxlang” degani!.. Nega? Chunki kvant dunyosini mo‘jizalar dunyosi deb bemalol atasak bo‘ladi. Masalan mazkur dunyoda bitta nuqtadan chiqqan ikkita zarrachaning bittasiga ta’sir qilsangiz, ikkinchisi ham ta’sirlanadi, birovi Koinotning bu chekasida, ikkinchisi u chekasida bo‘lsa ham. Ana shunday ajoyibotlarga to‘la dunyoni kompyuterga tiqishmoqchi!..
"Willow" chipi hali tajriba bosqichida bo‘lib, uni amaliy dasturlarda qo‘llash uchun hali ko‘p vaqt va mablag‘ talab etiladi. Google bu chipni, masalan, dori ishlab chiqish yoki yadroviy fuzion reaktorlarni loyihalash kabi murakkab jarayonlarni tezlashtirishda qo‘llashni rejalashtirmoqda. Natijada o‘nlab yil ketadigan tadqiqotlar sanoqli daqiqalarda o‘tadi, tushunyapsizmi?
Insoniyat tarixida sun’iy idrokdan keyin navbatdagi yangi burilish – kvant kompyuterlar bo‘lishi mumkinligi aytilyapti.
AI mode
Google Open AI’ni bir kalla qo‘yib ag‘anatmoqchi. U o‘zining brauzerida bitta qo‘shimcha tugma kiritmoqchi. Bu tugma — AI Mode (sun’iy idrok rejimi) deb ataladi. Va “All” “Images”, “Videos” va “Shopping” kabi bo‘limlar yonida joylashadi.
Texno olamda haqiqiy gigant maqomiga intilayotgan Google qidiruv va sun’iy intelektni birlashtirishga urinmoqda. Open AI’ning urinishlari Google'ning ichini qizdirayotgani ko‘rinib turibdi.
Xonadonlar uchun yangicha Face ID
Apple yuzingingizga qarab tanib oluvchi aqlli eshik qo‘ng‘irog‘i ustida ishlamoqda. Ya’ni siz eshigingiz oldiga kelasiz, eshik sizni yuzingizga qaraydi va ochiladi. Bloomberg’ning xabar berishicha, qurilma 2025 yil oxirida sotuvga chiqariladi. Ushbu qurilma Apple'ning aqlli uy texnologiyalari sohasida raqobatga kirishganligidan dalolat beradi.
Uzundan uzun PDF fayllarni telefonda o‘qish endi muammo emas. Google Files ilovasining PDF fayllar bilan ishlash uchun yangi funksiyasi qo‘shilmoqda.
Bunda PDF faylni ochib, Gemini’ga murojaat qilsangiz, ekranning yuqori qismida “Ask about this PDF”, (“Ushbu PDF haqida so‘rash”) tugmasi paydo bo‘ladi. U orqali Gemini’dan hujjat haqida savollar so‘rashingiz mumkin.
Ushbu funksiyadan foydalanish uchun qurilmangizda Android 15 operatsion tizimi o‘rnatilgan bo‘lishi, Gemini Advanced obunasi yoqilishi kerak. Bu funksiya web sahifa va you tube videolar uchun ham ishlaydi.
ChatGPT’ga qo‘ng‘iroq
Endi chatGPT’ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lyapti. Voy-dod, endi men sun’iy idrok bilan tog‘am bilan gaplashgandek gaplashamanmi? Bu yangilik hozircha faqat Amerika hududida ishlayapti. Ma’lum raqamni terib, 15 daqiqagacha suhbatlashish imkoniyati paydo bo‘ldi. U yog‘i pullik. Open AI vakili Taya Kristianson kompaniya ushbu qo‘ng‘iroqlarni o‘zining tizimlarini yaxshilash uchun ishlatmasligiga va’da berdi.Deep Research
Google o‘zining “Deep research”, ya’ni “Keng qamrovli tadqiqot”ini ishga tushirganligi haqida xabar bergandik. Endi esa unga 45 ta tilni qo‘shdi. Gemini Primium obunachilari 150 ta mamlakatda foydalansa bo‘ladi.
Deep research – nima? Bu resurs orqali siz sun’iy idrokga murakkab ma’lumotlarni izlash va saralshingiz mumkin.
Gavhar Ziyodullayeva.
Mavzuga oid
12:10 / 22.12.2024
“Qotil” chatbot, kasallikni oldindan aniqlaydigan aqlli uzuk va super kompyuter – texnodayjest
17:55 / 02.04.2024
Xiaomi'dan SU7 elektromobili, iOS 18 taqdimot sanasi, Soradan film – texnodayjest
13:05 / 03.03.2024
Uchar taksi, qo‘lga taqiladigan smartfon va kiber kuchukcha – hafta texnodayjesti
21:18 / 10.02.2024