O‘zbekiston | 12:10 / 19.10.2021
10064
4 daqiqa o‘qiladi

«Yangi Toshkent» konsepsiyasi bo‘yicha rejalar ochiqlandi

“Toshkentda shahrida ko‘p qavatli uy-joylar orasidagi bo‘sh yerlarda har qanday qurilishlar qilishga chek qo‘yiladi. Ko‘p qavatli uy-joylarga tutash hududlar faqatgina ushbu uy mulkdorlariga doimiy foydalanish uchun biriktiriladi”, dedi prezident.

Foto: Milliy mass-media fondi

2026 yilga borib poytaxt aholisi 3,2 million nafardan ortishi kutilmoqda. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga shaharga kelib ketadi. Bu, o‘z navbatida, shahar infratuzilmasi, ta’lim, tibbiyot, jamoat transporti, uy-joy kommunal va boshqa barcha sohalarga yuklamaning ancha oshishiga olib keladi. Shularni inobatga olib, kelgusi besh yilda Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Eng avvalo, kelgusi besh yilda “Toshkent yashash uchun qulay shahar”ga aylanishi bo‘yicha barcha sharoitlar yaratiladi.

Xabaringiz bor, shahar hududi joriy yilda 8 ming gektarga kengaytirildi. Poytaxtning arxitekturasi va qiyofasini saqlab qolish maqsadida, ushbu hududda “Yangi Toshkent” konsepsiyasi amalga oshiriladi va bosqichma-bosqich shahar sharqiy yo‘nalishga qarab kengaytiriladi.

Jumladan, Bektemir tumanida 20 ming xonadonli zamonaviy massiv barpo etilib, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasasi va dam olish markazlari quriladi. Yangihayot tumanida infratuzilmaga yaqin hududda, yirik massiv shaklida 200 ta ko‘p qavatli uylar qurilib, 10 mingdan ortiq oilaning turmush sharoiti yaxshilanadi.

Umuman, Toshkent shahriga qo‘shilgan hududlarni yashash uchun har tomonlama qulay qilish maqsadida, alohida dastur qabul qilinib, bu yerda istiqomat qilayotgan 100 mingdan ziyod aholining yashash sharoiti yaxshilanadi. Shuningdek, ushbu hududlarda yangi korxonalar, sanoat zonalari, aholi dam olish maskanlari, iqtisodiy va ijtimoiy obektlar quriladi. 

Shu bilan birga, shahar hududidagi avariya holatiga kelgan, 60-70 yil avval qurilgan ko‘p qavatli uylar o‘rniga, zamonaviy turar joylarni barpo etish bo‘yicha “renovatsiya dasturi” amalga oshiriladi. Bunda, ushbu uylarda yashaydigan aholini rozi qilib, ularga yangi uylardan maqbul takliflar berilishi shart. 

Misol uchun, Yangihayot tumanining “Sputnik” mavzesidagi yashashga yaroqsiz holga kelib qolgan 400 dan ziyod 2 qavatli yog‘och uylar o‘rnida yangi ko‘p qavatli uylar qurilib, 4,5 ming oila yangi zamonaviy xonadonlar bilan ta’minlanadi. 

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida mavjud ko‘p qavatli uy-joylar orasidagi bo‘sh yerlarda har qanday qurilishlar qilishga chek qo‘yiladi. Ko‘p qavatli uy-joylarga tutash hududlar faqatgina ushbu uy mulkdorlariga doimiy foydalanish uchun biriktiriladi. Umuman, kelgusi besh yilda poytaxt aholisi uchun 100 ming xonadonli ko‘p qavatli, energiya tejamkor uylar quriladi.

Endi shaharni sharq tomonga qarab kengaytiramiz va qurilishlarni ham asosan shu tomonda, hozirgi Toshkentdan tashqarida olib boramiz. Shahar ichida faqat yashil hududlar barpo qilamiz. Eski uylarni ta’mirlab bo‘lmaydi, hammani rozi qilib, uylarni buzamiz. Kimdir joyida qolmoqchi bo‘lsa, uni qoldiramiz. Lekin o‘ylaymanki, vaqti kelib hamma rozi bo‘ladi. Bu dargohdan hech kim norozi bo‘lib chiqib ketishi mumkin emas”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid