O‘zbekiston | 11:59 / 17.05.2024
15088
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda COCA COLA zavodi ochildi

Yangi zavod Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan. U 280 mln litr salqin ichimliklar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Foto: COCA COLA

CCI (Coca Cola Icicek) Uzbekistan kompaniyasining qiymati 112 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan yangi COCA COLA ichimligi zavodi Turkiyaning Anadolu Group kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirildi.

15 may kuni bo‘lib o‘tgan yangi zavodning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Investitsiyalar va savdo-sanoat vaziri Laziz Qudratov, AQSh elchixonasi, Turkiyaning O‘zbekistondagi konsulligi vakillari, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

“Yangi zavodning ishga tushirilishida o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha fidoyi insonlarga samarqandliklar nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bundan 3 yil avval Urgut iqtisodiy zonasidagi 18,5 gektar hududda boshlangan zavod qurilishi tugatilib, ishga tushirilishi bilan bugun 200dan ortiq ish o‘rinlari yaratilyapti”, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov.

Yangi COCA COLA ichimligi zavodining yillik ishlab chiqarish quvvati yiliga 280 mln litrga teng bo‘lib, 100 mln AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar kiritilgan. Zavod MDH davlatlariga salqin ichimliklarni eksport qilishni ko‘zda tutgan.

Anadolu Group bosh direktori Burak Basharir ikki mamlakat kompaniyalarining hamkorligi haqida gapirdi:

“Bugungi kungacha Anadolu Group O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya topishga erishdi va bu o‘tgan davrga nisbatan salmoqli sarmoya hisoblanadi. Bu o‘z o‘rnida bizning O‘zbekiston xalqi, hukumati, iqtidori va biznes muhitiga bo‘lgan 100% ishonchimizning ifodasidir.

Kompaniyalar hamkorligining davomi sifatida Namanganda yangi zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan zavod yaratishga ham bel bog‘laganmiz. O‘ylaymanki, biz ishlarimiz o‘zbek xalqiga, hukumatiga va butun mamlakatga bo‘lgan to‘liq ishonchimizdan yaqqol dalolatdir.

Shu birga, CCI O‘zbekistonda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz uchun sovitish va saqlash shoxobchalariga, distribyutorlik tarmoqlarimizga va optimallashtirilgan yangi texnologiyalarga, iqtidorli yoshlarga, mukammal o‘quv dasturlari bilan ishlashga yo‘naltirilgan sarmoyalarni ham amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari biz doim xodimlarimizga sarmoya kiritishga e’tibor qaratamiz, umid qilamanki, O‘zbekistonda iste’dodlarni topamiz va rivojlantiramiz.

Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, Coca Cola Icicek (CCI) va Anadolu Group faoliyat yuritadigan boshqa mamlakatlarda iqtidorli o‘zbek yoshlarini ko‘rish mumkin”, - dedi u.

Yangi zavod 2024 yilning 15 may sanasidan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.