Issiqlik elektr stansiyalaridagi davlat ulushi sotiladi
O‘zbekistondagi elektr energiyasining 80 foizdan ko‘pini ishlab chiqaradigan «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ustav kapitalidagi 51 foiz ulush va kompaniya tarkibidagi alohida issiqlik elektr stansiyalari xususiylashtiriladi.
O‘zbekistonda davlatga tegishli bo‘lib kelgan issiqlik elektr stansiyalarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish boshlanadi.
Bu «Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davaktiv va Energetika vazirligi birgalikda 2024 yilning 1 iyuliga qadar jalb etiladigan konsultant taklifi asosida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini yoxud uning takibidagi alohida issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirish belgilangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024 yil 1 maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma tizimi joriy etilgan holda, narxlarni erkinlashtirish boshlanadi. Mamlakatda 80 foizdan ko‘proq elektr IESlarda ishlab chiqariladi, ularning bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi energetika islohotining tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin.
Avvalroq, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ bilan parallel ravishda yana 6 ta yirik kompaniyadagi davlat ulushlari xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqarilishi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
08:52 / 07.01.2025
Uchta davlat bankini xususiylashtirish keyinroqqa qoldirildi
19:28 / 05.01.2025
Navoiy IESdagi transformatorda yong‘in sodir bo‘ldi
09:34 / 11.12.2024
O‘zbekistonda 5 ta yangi IES ishga tushiriladi
22:20 / 25.11.2024