Jamiyat | 18:47 / 12.08.2020
35912
8 daqiqa o‘qiladi

Muvozanat. Karantin cheklovlari bekor qilinishi mas'uliyatni o‘z zimmamizga o‘tkazadi

O‘zbekistonda karantin choralari 15 avgust kunidan bosqichma-bosqich yumshatib boriladigan bo‘ldi. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev ham bir necha bor ta'kidladi, umuman, joylarda avvalroq karantin taqiqlari yumshay boshlagandi.

Ammo bu yumshatish aytaylik, may oyidagi holat bilan farq qiladi. Chetdan qaraganda, o‘sha sharoitga kirib borayotgan bo‘lsak-da, kamida aholining pandemiyaga bo‘lgan munosabati o‘zgargan bo‘lishi kerak. Umuman, so‘nggi to‘rt oyda xalqimiz koronavirusga nisbatan to‘rt xil pozitsiyaga ega bo‘ldi.

  1. Aprel: Vahima.
  2. May — iyun: Nopisandlik.
  3. Iyul: Qo‘rquv.
  4. Avgust: Ko‘nikma.

Mana shu bosqichlarning har birini tabiiy ravishda bosib o‘tgan davlat ham, xalq ham, bugungi sharoit va jarayonlarga eng ratsional qarashni namoyish qilishi kerak bo‘ladi.

Aytaylik, endigi yumshatish bilan may oyidagini solishtirib bo‘lmaydi — hozir xuddiki karantin taqiqlari olib tashlanayotgan bo‘lsa ham, kasallanishlar tingani yo‘q, o‘sha tezlikda, o‘sha nisbatda davom etyapti. Xo‘sh, u holda yumshatish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?

Bir tomondan qaraganda, karantin qoidalarining yumshatilishi odamlarni saqlab qolish bilan iqtisodiyotni saqlab qolish o‘rtasidagi ikki yechimdan birini tanlashga o‘xshasa-da, aslida unday emas. Kasallik ko‘p bo‘lib tursa ham, karantindan qisman voz kechish insonlarning hayotini iqtisodiyot uchun qurbon qilish, degan ma'noni bermasligi kerak.

Chunki karantin iqtisodiyotni o‘ldiradi, degan xulosa qisqa vaqtdagi yechimlar uchun to‘g‘ri, xolos.

Masalan, yuz yil oldin Ispaniyada tarqalgan o‘lat davrida ba'zi davlatlar qat'iy karantinga kirib, ba'zilari iqtisodiyotni saqlab qolish umidida bunga e'tibor qaratmagan. O‘sha palla o‘tib, bir necha yillik istiqbolda qaralganda esa, aksincha, karantinga amal qilgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish ko‘proq kuzatilgan. Sababi — karantin yordamida sog‘liqni saqlash tizimini barqarorlashtirib olgan mamlakatlar asta-sekinlik bilan eski hayot tarziga qaytish oqibatida, iqtisodiyotda keskin o‘sish kuzatila boshlangan.

Aksincha, virusga e'tibor qaratmay, hayot tarzini o‘zgartirmagan davlatlarda kasallik badtar avj olib, sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqqan, kasallar va o‘limlar keskin oshib ketganidan iqtisodiyotni tiklash imkoni bo‘lmay qolgan.

Ha, karantinda o‘tirgan odam kamroq pul sarflaydi, choyxonaga bormaydi, bozor qilishni keyinga suradi, to‘y qilmaydi va shu orqali iqtisodiyotdagi tovar aylanmasiga hissa qo‘shmaydi. Ammo agar iqtisodiyotni ustun ko‘rib, barchasiga ruxsat berib yuborilib, kasallik, vahima, o‘lim kuchayib ketsa, odamlar tabiiy ravishda uyga qamalib oladilar, qo‘rqa boshlaydilar. Choyxona, bozor, to‘y ularni qiziqtirmay qo‘yadi. Bunda sog‘liqni saqlash tizimi ham, bu bilan birga iqtisodiyot ham izdan chiqib ketadi.

Bugungi holat, ya'ni avval karantin, keyin yumshatib borilishi, virusga qaramay ba'zi sohalarga ruxsat berilishi aslida, ilojsizlikdan yo‘l axtarish, rejasizlik, avvalgi taqiqlarning noto‘g‘ri bo‘lib chiqqani oqibatida emas, yuqorida tilga olingan muvozanatni saqlash, iqtisodiyot va sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi o‘rtaliqni belgilab olish orqali yuzaga kelyapti, deb ishongimiz keladi. Buning uchun esa, ba'zi qarorlarda, ba'zi qoidalarda uzviylik, ustuvorlik ishlashi talab etiladi.

Bu nima degani?

Ustuvorlik, ya'ni yumshatilgan va saqlab qolingan karantin qoidalardagi tartibga e'tibor qaratish, masalan, qoidalarning yumshatilishi iqtisodiy asoslarga ega bo‘lsa, avvalo, ishlab chiqarish, savdo sohalariga e'tibor beriladi, o‘zaro axborot almashish, hisobotlar esa, masofadan amalga oshiriladi, ko‘ngilochar tadbirlar cheklanadi. Bir ishlab chiqarish korxonasi yoki ovqatlanish maskanini karantin bahona cheklab turib, o‘ttiz kishilik to‘ylarni taqiqlab, buyoqda yuz kishilik majlisbozlikka urg‘u berilsa, taqiqlardan hech qanday ma'no qolmaydi.

Uzviylik esa, cheklovlar va ularga amal qilishda mantiqiy asoslarning ham bo‘lishidir. Bir fuqaroning ko‘chada niqobsiz yurganini televizorda sazoyi qilib, orqasidan, masalan, hokimliklar tomonidan yuzlab insonlarni yig‘ib, yurish tadbirlari, bayramlar tashkil qilinsa, mohiyat yo‘qoladi.

O‘z navbatida aholi ham vaziyatni chuqur anglashi talab etiladi. Davlat karantin shartlarini yengillata boshlaganini to‘g‘ri anglashimiz kerak. Bu qarorlar davlat sog‘liqni saqlash tizimi yumshatishdan keyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan bosimni yenga olishiga ishonayotganidan darak, xolos. Hech kim hayotingizga kafolat bermayapti, hech kim sizni virus yuqtirmasligingizdan, kasallikning og‘ir kechishidan asray olishiga va'da bermayapti, buni anglab oling.

Bu virus osmonga chiqib, yurtimizni tark etayotganini yoki odamlarning immuniteti oshib, kasal bo‘lmasligini anglatmaydi. Shunchaki, davlat ba'zi jabhalarda virus bilan kurashishni o‘z mas'uliyatimizga yuklamoqda — endi davlat ishlashni taqiqlamayapti, biroq endi ishga borganda ehtiyot bo‘lishimiz, himoyalanishimiz o‘z qo‘limizda, davlat mashinada yurishga ruxsat beryapti, ammo endi ba'zi narsalarni o‘zimiz uchun taqiqlash o‘z zimmamizda turibdi.

Shaxsan siz uchun o‘sha mashina bilan ko‘chaga chiqish taqiqlangan birinchi kunda xavf qanday bo‘lsa, hozir ham shunday, karantin qoidalari og‘irlashishni boshlagan ilk kunlarda kasallar soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan, hozir o‘ttiz mingdan oshdi.

Shu paytgacha davlat bizdan talab qilgan — falon paytda ko‘chaga chiqmaslik, yoshi kattalarni asrash, gigiyenaga e'tiborni endi biz o‘zimiz tushungan holatda amalga oshirishimiz kerak bo‘ladi. Ko‘ngilochar maskanlar, choyxonalar, turizm sohalari ishlab turgan taqdirda ham, vaziyatga ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz, zarur bo‘lmagan paytlarda o‘zimizni cheklashimiz, ayniqsa, yoshi kattalar istiqomat qiladigan oila vakillari yanada hushyorroq bo‘lishi talab etiladi.

Har bir oila pandemiya bilan kurashda o‘z strategiyasini ishlab chiqishi va tartib bilan bunga amal qilishi lozim bo‘ladi. Masalan, oiladan bir kishi ishga borib keladi, bozor qiladi — boshqalar imkon qadar uydan chiqmasligi o‘sha oilada kasallik riskini kamaytiradi. «Ishga borib kelyapmanku baribir», deb choyxonaga ham ketib qolish ham noto‘g‘ri — virus ehtimollar nazariyasi bo‘yicha ishlaydi — ishxonada o‘n kishi bilan ko‘rishsangiz, choyxonada yana o‘n kishi bilan muloqot qilasiz, demak shuning o‘zi virusni o‘zingizga, siz orqali oilangizga yuqishini ikki barobarga oshiradi.

Taqiqlar mas'uliyatni kamaytiradi. Taqiqning olinishi — endi tanlov imkoniyatimizning o‘zimizga havola etilishidir. Ya'ni mas'uliyat o‘z zimmamizga o‘tdi, shu xolos. Faqat o‘zingizning emas, oilangiz, ota-ona va bolalaringiz uchun mas'uliyat.

Qahramon Aslanov,

jurnalist.

Mavzuga oid