Qorabog‘dagi harbiy amaliyot: hozirgacha nimalar ma’lum?
Ozarboyjonning arman ayirmachilari nazorati ostidagi Qorabog‘ hududida vaziyat yana keskinlashdi. Dastlabki qurbonlar va jabrlanganlar haqida xabarlar kelmoqda. Armaniston vaziyatga aralashmasligi va Ozarboyjon bilan urushmasligini ma’lum qildi.
Seshanba kuni Ozarboyjon mudofaa vazirligi konstitutsiyaviy tizimni tiklash uchun Qorabog‘da lokal xarakterga ega bo‘lgan «aksilterrorchilik tadbirlari»ni boshlaganini e’lon qildi.
«Uchtomonlama bayonotning bandlarini ta’minlash, Qorabog‘ iqtisodiy tumanida keng ko‘lamli provokatsiyalarning oldini olish, Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalarini qurolsizlantirish va Ozarboyjon hududidan chiqarish, ularning harbiy ifnratuzilmasini neytrallashtirish, okkupatsiyadan ozod qilingan hududlarga qaytgan tinch aholi vakillari, qurilish-tiklash ishlariga safarbar qilingan fuqarolik xizmatchilari va harbiylarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek Ozarboyjon konstitutsiyaviy tizimini tiklash uchun hududda lokal xarakterga ega bo‘lgan aksilterrorchilik tadbirlari boshlandi», — deyiladi bayonotda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xonkandi shahri uzra pilotsiz uchar qurilmalar uchib yurgani tavsirlari, Ozarboyjon qurolli kuchlari tomonidan turli harbiy obektlarga, jumladan, Armanistonning «Tor» havo hujumidan mudofaa tizimiga zarba berilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Shuningdek, Ozarboyjon dronlarida olingan, Ozarboyjon artilleriyasi arman harbiylarining pozitsiyalari va kolonnalarini o‘qqa tutayotgani aks etgan tasvirlar ham paydo bo‘lgan.
Amaliyot boshlashdan oldin Ozarboyjon Qorabog‘ uzra havo kengliklarini Armaniston aviatsiyasi uchun yopgan.
Ozarboyjon tomoni jangovar harakatlarni tugatish uchun ultimatum qo‘ydi. Tashqi ishlar vazirligi mintaqada tinchlikka erishishning yagona yo‘li — Armaniston qo‘shinlarining Qorabog‘dan to‘liq olib chiqilishi va Xonkandi (Stepanakert)dagi rejim tarqatib yuborilishi ekanini ta’kidladi.
Aksilterrorchilik operatsiyasi boshlanganidan keyin Ozarboyjon mudofaa vazirligi yana bir bayonot berdi:
«Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari o‘tochar qurollarni yashash joylariga yaqin joylashtirganini inobatga olib, biz bu hududdagi fuqarolarni harbiy obektlardan uzoqroq turishga va Armaniston QK bo‘linmalariga yordam bermaslikka chaqiramiz. Bu haqdagi axborot Ozarboyjonning Qorabog‘ regioni aholisiga SMS-xizmat orqali jo‘natilgan.
Aholi ovoz kuchaytiruvchi texnik vositalar yordamida ogohlantirilmoqda va informatsion varaqalar tarqatilmoqda. Fuqarolar, shuningdek, ma’muriy, ijtimoiy, tibbiy, diniy va boshqa fuqarolik obektlarini qo‘riqlash tashkil etiladi va ularning xavfsizligi Ozarboyjon Respublikasi qonunlari hamda xalqaro humanitar huquq me’yorlariga ko‘ra kafolatlanadi. Yosh bolali ayollar, qariyalar, shuningdek cheklangan jismoniy imkoniyatga ega shaxslarga zarur tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi, ular ichimlik suvi va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi», — deyiladi bayonotda.
Armaniston tomoni nimalar demoqda?
Armaniston mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlari Qorabog‘ hududidagi janglarda ishtirok etmayotganini ma’lum qildi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa Yerevan Qorabog‘dagi vaziyat tufayli Ozarboyjonga qarshi harbiy harakatlar boshlamasligini bildirdi.
«Armaniston bu harbiy harakatlarda ishtirok etmayapti, yana bir marta ta’kidlashim kerakki, Qorabog‘da Armaniston Respublikasi armiyasi yo‘q. Ayni paytda biz hech qanday o‘ylanmagan harakatlarni amalga oshirmaymiz», — degan Pashinyan.
U Ozarboyjon «Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni etnik tozalash bo‘yicha quruqlik amaliyoti boshlagani»ni qo‘shimcha qilgan.
Armaniston TIV Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harbiy harakatlarini keng ko‘lamli agressiya deb atagan hamda BMT Xavfsizlik kengashi va RF tinchlikparvar kuchlarini harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun chora ko‘rishga chaqirgan.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ombudsmani Gegam Stepanyan artilleriya zarbalari oqibatida tinch aholi vakillari orasida kamida ikki kishi halok bo‘lib, 23 kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Garchi Armaniston bilan chegara tinch, Armaniston hududiga qarshi harbiy harakatlar olib borilmayotgan bo‘lsa ham, Nikol Pashinyan Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilish uchun mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirgan.
Turli manbalar xabar qilishicha, ayni paytda Qorabog‘da internet aloqasi uzilgan.
Rossiya o‘zini qanday tutmoqda?
Qorabog‘da joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari hozircha mojaroga aralashmayapti.
Rossiya Qorabog‘da «aksilterrorchilik operatsiyasi» e’lon qilgan Ozarboyjonni harbiy harakatlarni to‘xtatib, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.
RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova xuddi shunday chorlov bilan Armanistonga ham murojaat qildi. Zaxarovaning aniqlashtirishicha, o‘t ochishni to‘xtatish uchun rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon hokimiyati bilan aloqa o‘rnatgan. Mariya Zaxarova Rossiya mintaqada vaziyat keskinlashganidan chuqur tashvishda ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, Zaxarova Qorabog‘ Ozarboyjon hududi ekani Armaniston tomonidan rasman tan olingani haqida eslatdi. RF TIV vakili Armaniston diplomatik idorasining BMT Xavfsizlik kengashi va rossiyalik tinchlikparvar kuchlarni Ozarboyjon tomonidan olib borilayotgan harbiy harakatlarga qarshi chora ko‘rish bo‘yicha chaqiriqlarini shunday sharhlagan.
Mojaro tarixi haqida qisqacha
Qorabog‘da 2022 yilning dekabrida ozarboyjonlik aktivistlar Lochin yo‘lagi — Qorabog‘ va Armanistonni bog‘lovchi yagona yo‘lni to‘sib qo‘yishganidan so‘ng vaziyat yomonlasha boshladi.
O‘tgan yil bahorida Ozarboyjon tomoni u yerda rasmiy nazorat o‘tkazish punkti qurdi, shundan so‘ng qorabog‘lik armanlar uchun vaziyat yanada qiyinlashdi. Qorabog‘da yashovchi armanlar do‘konlarning bo‘shab qolgan peshtaxtalari videolarini qo‘ya boshlashdi.
Hududga yuk yetkazish uchun Lochin yo‘lagi vaqtinchalik ochib berildi, shuningdek Ozarboyjonning Ag‘dam tumani orqali ham mashinalar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Qorabog‘ mojarosi 1988 yildan buyon davom etib keladi, unda ikkita asosiy bosqich bor – Armaniston g‘alabasi bilan yakunlangan Birinchi Qorabog‘ urushi (1992-94) va Ozarboyjon g‘alabaga erishgan Ikkinchi Qorabog‘ urushi (2020).
Armaniston va Ozarboyjon ushbu hudud o‘ziga tegishli ekanini da’vo qilib keladi.
Nisbatan haqqoniy baholarga ko‘ra, ikki urush vaqtida ikki tomondan jami 32 ming kishi halok bo‘lgan. Yana minglab kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyasini eng katta muammo va fojia deb atadi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024