Jahon | 14:58 / 26.02.2022
74194
19 daqiqa o‘qiladi

Tan olinmagan Budapesht memorandumi: Ukraina nega yadro qurollarini Rossiyaga topshirgan edi?

SSSR ixtiyorida bo‘lgan yadro qurollari Rossiya, Ukraina, Belarus va Qozog‘istonda saqlangan. Mamlakat parchalangach, Belarus va Qozog‘iston hech bir shartlarsiz ularni Rossiyaga topshiradi. Ukraina esa bermaydi.

Foto: UNIAN

1991 yil avgustda SSSR parchalanib ketadi. Ittifoqdosh respublikalar birin-ketin mustaqillik e’lon qila boshlaydi. O‘sha yili 8 dekabr kuni Belarusdagi Belovej o‘rmonidagi qarorgohda Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk va Belarus rahbari Stanislav Shushkevich tomonidan ittifoqni tarqatib yuborish haqidagi kelishuv imzolanadi. Shu tariqa tarix sahnida 69 yil hukm surgan davlat yo‘qlikka yuz tutadi.

Garchi Rossiya SSSR parchalanib ketganini xotirjam qabul qilgan bo‘lsa ham sobiq ittifoqdosh respublikalar bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar bor edi. Ulardan biri sobiq ittifoqning tashqi qarzi, yana biri ayrim ittifoqdosh respublikalar hududida qolayotgan yadro qurollarining kelgusi taqdiri masalasi edi.

O‘shanda Rossiya rahbari Boris Yelsin SSSRning tashqi qarzi barcha sobiq respublikalar gardaniga tushishi kerakligini aytib chiqadi. Ammo mustaqil bo‘lgan respublikalar rahbarlari bu shartni qabul qilishmaydi. O‘shanda boshqa respublikalar qatori O‘zbekiston ham SSSRning merosxo‘ri Rossiya ekani, uning asosiy boyliklari Rossiya hududida qolayotgani, shu sababli tashqi qarzning barchasi Rossiya zimmasiga tushishi lozimligini bildiradi.

Ikkinchi masala biroz chigal edi. Sobiq ittifoqning yadro qurollari asosan to‘rtta respublika: Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Belarusda joylashgan edi. Rossiya ularning har biridan yadro qurollarni qaytarishini so‘raydi. Ammo bu ish oson emas: sobiq respublikalarning roziligidan tashqari, 100 million dollarlab xarajatni talab qilardi.

1992 yilda Portugaliya poytaxti Lissabonda AQSh, Rossiya, Ukraina, Belarus va Qozog‘iston rahbarlari ishtirokida yadro qurollari masalasi muhokama qilinadi. AQSh tomoni mustaqil bo‘lgan respublikalar o‘zlaridagi yadro qurollarini Rossiyaga topshirishi yoki yo‘q qilishi lozimligini aytib, bunda xarajatlar uchun mablag‘ ajratishga tayyorligini bildiradi. Tomonlar o‘rtasida dastlabki kelishuv imzolanadi. Ammo bu kelishuvning amalga oshishi uchun AQSh va Rossiya har uch respublikaga salmoqli miqdorda pul to‘lab berishi lozim edi.

Ungacha 1991 yil 29 avgust kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Semipalatinskdagi yadro qurollarini sinovdan o‘tkazadigan poligonni yopish haqida farmonni imzolaydi. Shundan so‘ng bu davlatdan yadro qurollarini olib chiqish boshlanadi. Xarajatlarni Rossiya va AQSh to‘lab beradi.

SSSR tarqalgan vaqtda Belarus mustaqil davlat sifatida dunyoda yadro qurollari bor davlatlar orasida 8-o‘rinni egallagan. Bu yerda jami 1120 dona yadro quroli bor edi. Bu davlat 1993 yilda rasmiy ravishda yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasiga qo‘shiladi va yadro qurollarini Rossiyaga olib chiqish boshlanadi.

1994 yilda Belarusga Lukashenko rahbar bo‘ladi va kelajakda NATOning sharqqa qarab kengayish xavfi borligini, yadro qurollarining bir qismini qoldirish kerakligini aytadi. Ammo AQSh va Rossiya uning taklifiga rad javobini berishadi va qurollar oxirigacha Rossiyaga olib chiqiladi. Belarusdan yadro qurollari ortilgan eng oxirgi eshelon 1996 yilda chiqadi va unga qit’alararo ballistik raketalar ortilgan edi.

Rossiya Qozog‘iston va Belarusdan yadro qurollarini olib chiqishda aytarli jiddiy muammoga duch kelmaydi. Ammo Ukrainadagi yadro qurollarining taqdiri 1994 yilgacha mavhum qoladi. Bir tarafdan Rossiya, ikkinchi tomondan AQSh bu davlatga yadro qurollarini Rossiyaga topshirishi masalasida bosim o‘tkazardi.

Ukraina esa kelajakda aynan Yevropa davlatlaridan yoki NATOdan emas, balki Rossiyadan xavfsirardi. Chunki 1990-91 yillarda Moldaviya sharqida, Pridnestroveda yashayotgan rus millatiga mansub aholi mustaqil bo‘lish uchun bosh ko‘targan va u yerga tinchlikparvar kuchlar niqobi ostida Rossiya armiyasi joylashtirilgandi. O‘shanda Ukraina o‘z sharqiy viloyatlarida yashayotgan ruslar qachonlardir bosh ko‘tarishidan va bunga ham Rossiya aralashib jiddiy muammolar keltirib chiqarishidan xavotirda edi.

Shu sababli mamlakat rahbariyati o‘z xavfsizligini o‘ylab yadro qurollarini Rossiyaga topshirishga shoshilmay kelayotgandi.

Budapesht memorandumi

Ukraina yadro qurollarini Rossiyaga topshirishni kechiktirayotgani nafaqat Rossiyani, balki AQSh hamda Yevropa davlatlarini ham birday xavotirga solayotgandi. Shu uchun ham ular Ukraina yadro qurolidan tezroq voz kechishi uchun harakat qila boshlashadi.

1994 yilda Ukraina parlamenti mamlakatning yadro qurollarini tarqatmaslik shartnomasiga qo‘shilishi haqidagi qonunni qabul qiladi. Qonunda Ukraina nima xohlayotgani aniq va ravshan belgilab qo‘yilgan edi.

«Ushbu qonun yadro qurollariga ega davlatlar Ukrainaga xalqaro darajada rasmiylashtirilgan hujjatni imzolash orqali xavfsizlik kafolatlarini bergandan so‘ng kuchga kiradi», — deyilgan edi qonunning 6-bo‘limida.

Ukraina nafaqat Rossiyadan, balki vositachilik qilayotgan boshqa davlatlardan xalqaro darajada rasmiylashtirilgan kafolat hujjatini imzolashni so‘rayotgandi. Ukrainaning bu so‘roviga vositachilar – AQSh va Buyuk Britaniya bilan birga manfaatdor Rossiya ham rozi bo‘ladi.

1994 yil 5–6 dekabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yillik sammiti o‘tkaziladi. Sammitning birinchi kunida AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya va Ukraina rahbarlari ishtirokida alohida yig‘ilish o‘tkaziladi. Yig‘ilishda Bill Klinton, Jon Meyjor, Boris Yelsin va Leonid Kuchma ishtirokida Ukraina hududidagi yadro qurollarini Rossiyaga topshirishi va unga xalqaro darajada xavfsizlik kafolatini berish masalasi muhokama qilinadi.

Yig‘ilishda AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida xalqaro memorandum imzolanadi. Unga ko‘ra Ukraina o‘z hududidagi yadro qurollarini Rossiyaga topshiradi. O‘z navbatida, Rossiya hech qachon Ukrainaga hudud masalasida da’vo qilmaydi va yaxlitligiga raxna solmaydi, Ukrainada ayirmachilikni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Memorandum imzolanayotgan paytda garchi uni imzolaydigan davlatlar ro‘yxatida bo‘lmasa ham Fransiya va Xitoy Ukrainaga xavfsizlik kafolati berilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilishadi. O‘sha kuni Fransiya vakili mamlakat prezidenti Fransua Mitteranning maktubi bilan birga u imzolagan deklaratsiyani Ukraina rahbariga topshiradi.

Tomonlar xalqaro memorandumni imzolagandan so‘ng Ukraina o‘z hududidagi yadro qurollarini Rossiyaga topshiradi. Ukrainadan yadro qurollarini olib chiqish bir necha yil davom etadi va 1996 yil iyunda yakunlanadi.

Budapesht memorandumining huquqiy statusi

Budapesht memorandumi olti banddan iborat. Uning birinchi bandida «YeXHT tashkilotining yakuniy Aktiga ko‘ra, Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va mavjud chegaralarini hurmat qilish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi», deyilgandi.

Ikkinchi bandda esa «Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilish yoki qo‘llashdan tiyilish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi», deb yozilgandi.

Ammo Budapesht memorandumi garchi xalqaro hujjat sifatida imzolangan bo‘lsa ham uning aniq statusi belgilanmagan edi. Shunday bo‘lsa ham mazkur memorandum tayyorlanishida ishtirok etgan Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Vladimir Ryabsevning so‘zlariga ko‘ra to‘rt davlat rahbari imzolagan xalqaro memorandumni o‘sha davlatlarning parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilish nazarda tutilmagan. Shu sababli u imzolangandan kuchga kirgan va uni imzolagan tomonlar unga amal qilishi lozim bo‘lardi.

Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchma nemislarning Deutsche Welle axborot agentligiga bergan intervyusida Budapesht memorandumi shunchaki rasmiyatchilik uchun imzolangani, amalda esa Ukraina boshqalar o‘ylagandan ko‘ra ojizroq bo‘lgani haqida gapirgan.

Aksariyat siyosiy tahlilchilar Budapesht memorandumi hech narsani anglatmasligini, chunki unda ushbu hujjatga amal qilmaganlarga va kelishuvni buzganlarga qanday chora ko‘rilishi haqidagi aniq mexanizmning o‘zi yo‘qligini ta’kidlashardi. Amalda ham shunday bo‘ldi, Rossiya mazkur memorandum shartlarini buzib Ukrainadan Qrimni tortib olganda, mamlakat sharqidagi rus ayirmachilariga yordam ko‘rsatganda unga qarshi hech qanday chora ko‘rishning iloji bo‘lmadi.

Bir paytlar o‘rtada vositachilik qilgan AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e’lon qilishdan boshqasiga yaramadi.

Ukraina bo‘yicha ekspert, germaniyalik jurnalist Vinfrid Shnayder-Deters Budapesht memorandumini «bir parcha qog‘ozdan boshqa narsa emas» degandi. Tarix uning haqligini ko‘rsatdi.

Rossiyaning Budapesht memorandumini buzishi

2014 yilda Ukrainada Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro integratsiya shartnomasini imzolashni talab qilgan odamlar Kiyev markazida namoyishlarni boshlaydi. Mamlakat prezidenti Viktor Yanukovich Rossiyaga qochadi. Ukrainada sodir bo‘layotgan talato‘plardan foydalangan Rossiya Qrimda soxta referendum o‘tkazadi va yarimorolni Rossiyaga qo‘shib olinganini e’lon qiladi.

Bundan tashqari, Ukraina sharqida hukumatga qarshi bosh ko‘targan rus ayirmachilarini qurol-yarog‘ va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Kamiga bu hududga o‘z armiyasini kiritadi. Shu tariqa Budapesht memorandumi shartlarini buzadi.

Shundan so‘ng memorandum imzolanishida vositachilik qilgan AQSh va Buyuk Britaniya, shuningdek Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etishdi. Bu sanksiyalar har yili uzaytirib borilyapti. Ammo ulardan unchalik ham naf bo‘lmayapti.

Ukraina hukumatining munosabati

Rossiya Qrimni qo‘shib olib, kamiga Ukraina sharqidagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlagach Ukraina tomoni Rossiya Budapesht memorandumini buzganini va nafaqat vositachi davlatlar, balki xalqaro tashkilotlar Rossiyani tiyib qo‘yishi lozimligini ta’kidlab keladi. Ammo amalda buning iloji yo‘qligini rasmiy Kiyevning o‘zi ham bilib turibdi.

Yevropa Ittifoqining Rossiya masalasida keskin choralar ko‘ra olmasligiga qisman bu mamlakat ko‘hna qit’aga gaz va neft eksport qiluvchi asosiy davlat ekani ham sabab bo‘lmoqda.

2014 yildan keyin Ukraina siyosatchilari amalda mamlakatga nafi tegmagan Budapesht memorandumi shartlarini qayta ko‘rib chiqish haqida bir necha bor gapirib chiqishdi. Ammo aksariyat siyosiy tahlilchilar amalda bu yo‘l bilan Ukraina boy bergan hududlarini qaytarib ololmasligini aytishgan.

Rossiyaning munosabati

Rossiya Budapesht memorandumini buzganini tan olmaydi. Qrim qo‘shib olinishini Rossiya tomoni Ukrainaning bir qismini bosib olish emas, balki yarimorolda yashovchi aholining xohish-istagini inobatga olish deb biladi. Shu sababli Rossiya siyosatchilariga ko‘ra Qrimni bosib olish Budapesht memorandumini buzish hisoblanmaydi.

Shuningdek, Rossiya Ukraina sharqiga qo‘shin kiritganini ham inkor etadi. Ular Donetsk va Luganskdagi millatdoshlariga (ya’ni ruslarga) gumanitar yordam berganini aytib kelishadi.

Qolaversa, Rossiya Budapesht memorandumida yadro quroliga ega davlat sifatida yadro quroli bo‘lmagan davlatdan ushbu xavfli qurolni ishlatmaslik mas’uliyatini olganini, memorandumda boshqa narsa nazarda tutilmaganini aytadi.

AQSh va Buyuk Britaniyaning munosabati

Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishi va Ukraina sharqidagi rus ayirmachilariga har tomonlama yordam berishi ortidan eng avvalo AQSh va Buyuk Britaniya siyosatchilari noqulay ahvolga tushib qolishdi. Aftidan ular Rossiya Qrimni qo‘shib olishini va bu davlatda etnik mojaro keltirib chiqarishini taxmin qila olmagan.

1994 yilda Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha kafolat bergan bu ikki davlat Rossiyaning Ukrainaga nisbatan amalga oshirgan xatti-harakatlarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb baholadi. Shundan so‘ng bu ikki mamlakat boshchiligidagi G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy jazo choralarini qo‘llashdi. Oqibatda Rossiyada xorijiy valutalar narxi qariyb uch barobar ko‘tarilib ketdi va bu davlatda iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi.

Rasmiy Vashington va London Rossiya Ukrainaning hududiy yaxlitligiga daxl qilsa unga qarshi hech qanday jiddiy chora ko‘ra olmasligini anglab turardi. Shu sababli bu ikki davlatning ayrim siyosatchilari hujjat qabul qilinganda ham, 2014 yildan keyin ham Budapesht memorandumi Ukrainani Rossiya agressiyasidan saqlab qololmasligini aytishgandi. Amalda shunday bo‘ldi ham.

Qolaversa, ayrim siyosiy tahlilchilar fikridan farqli o‘laroq, Budapesht memorandumi qoidalarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, 2014 yilda G‘arb davlatlari ushbu hujjatga muvofiq Ukraina oldidagi majburiyatlarini bajarib, unda nazarda tutilgan maslahatlashuvlarni o‘tkazgan. Ya’ni memorandumda ko‘zda tutilgan ishni bajarib, Ukraina oldida «yuzi yorug‘ bo‘lgan».

2014 yildan AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari, xususan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan iqtisodiy cheklovlarni har yil yangilab kelmoqda. Hozircha bu cheklovlar bekor qilinishi haqida hech gap yo‘q. Rossiya hozirgiday agressiv siyosat yuritishda va Ukraina sharqidagi rus ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlashda davom etaversa cheklovlar hali beri bekor qilinmaydi.

Xalqaro siyosiy tahlilchilar nima deydi?

Aksariyat xalqaro siyosiy tahlilchilar, soha mutaxassislari Rossiyani nafaqat Budapesht memorandumini, balki boshqa xalqaro normalarni ham buzganlikda ayblashadi.

Jumladan, Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining yadro qurollarini tarqatmaslik va qurollardan voz kechish dasturi direktori Mark Fitspatrik Ukrainani Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishga bugungi kunda Rossiya tashqi ishlar vazirligi ikkinchi darajali deb hisoblagan xavfsizlik kafolatlari undaganini ta’kidlaydi.

Fitspatrikning fikricha, Vladimir Putinning «yangi davlat paydo bo‘lishi» haqidagi pozitsiyasi xalqaro huquqning asosiy prinsipiga zid. Unga ko‘ra shartnomalar u yoki bu hukumatlar o‘rtasida emas, balki davlatlar o‘rtasida tuziladi. Shundan kelib chiqilsa Budapesht memorandumi ham Yelsin va Kravchuk imzolagan bitim emas, balki Rossiya va Ukraina o‘rtasida imzolangan kelishuv edi.

Bill Klinton Boris Yelsin va Leonid Kravchuk / Foto: AFP via Getty Images

Aksariyat diplomatlar va tahlilchilarning fikricha, 2014 yil voqealari shuni ko‘rsatdiki, Budapesht memorandumi yadro qurolidan voz kechgan Ukrainaning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash vositasi sifatida samarasiz bo‘lib chiqdi.

Kembrij universiteti qoshidagi Lauterpaxt xalqaro huquq tadqiqotlari markazi xodimi Tomas Grantning so‘zlariga ko‘ra, Budapesht memorandumini sof deklarativ-siyosiy hujjat yoki yuridik jihatdan majburiy hujjat deb hisoblash kerakmi, degan savolning o‘ziga javob yo‘q.

Biroq Grantga ko‘ra memorandum xalqaro shartnoma shaklida ishlab chiqilgan va uni imzolagan tomonlar ushbu hujjat muayyan majburiyatlarni paydo qiladi deb hisoblashgan. Ammo qanday majburiyatlarni?

Memorandum Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlardan ma’lum sharoitlarda ma’lum protsessual choralarni ko‘rishni talab qiladi.

Jumladan:

4-bandga muvofiq «Agar Ukraina tajovuz qurboni yoki yadro quroli qo‘llangan tajovuz obekti bo‘lsa», qolgan uch tomon «BMTdan Ukrainaga qilingan tajovuzga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishni tasdiqlashni talab qila oladi». Shu banddan kelib chiqib AQSh va Buyuk Britaniya 2014 yilning 15 martida BMT Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Lekin Ukrainaga qarshi tajovuzda yadro quroli qo‘llanmagani uchun u rad etildi.

(Aynan Rossiya ham memorandumdagi ana shu bandni ushlab olgan va Ukrainaga yadro quroli qo‘llamaganini aytib keladi.)

6-bandga muvofiq, «Tomonlar ushbu majburiyatlar masalasiga ta’sir qiladigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda maslahatlashadilar». Shunday vaziyat yuzaga keldi va Buyuk Britaniya va AQSh bu masalada Ukraina bilan «maslahatlashgan».

Grantning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi ikkita band bo‘yicha Buyuk Britaniya va AQSh o‘z majburiyatlarini bajarilgan deb hisoblashmoqda. Memorandumga ko‘ra ular harbiy harakatlar olib borish majburiyatini olmagan.

NATOning sobiq bosh kotibi Jorj Robersonning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina misolida yadroviy qurolsizlanish g‘oyasi o‘zini oqlamaganini ko‘rish mumkin. «Agar Kiyevda yadro qurollari bo‘lganda Qrimni qo‘lga kiritish va Ukraina sharqini bosib olish qiyin bo‘lar edi», deydi u.

Shuningdek, BMT sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqini yadroviy qurollarni tarqatmaslik shartnomasiga amal qilayotgan davlatlar uchun xavf deb baholangandi. Bu fikrga boshqa bir qator mutaxassislar ham qo‘shiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Budapesht memorandumining buzilishi Koreya yarimorolini tinch yo‘l bilan tartibga solish istiqbollariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ancha yildan buyon Shimoliy Koreyaga yadro qurollaridan voz kechish talabi qo‘yilyapti. Ukraina–Rossiya hodisalaridan keyin Shimoliy Koreya o‘z xavfsizligiga jiddiyroq kafolatlar berilmasa yadro qurollaridan voz kechishi dargumon.

Ba’zi boshqa tahlilchilar esa Rossiya Budapesht memorandumini buzgan degan da’voga qo‘shilishlarini aytishgan. Ular 1994 yilda Ukrainaning yadro qurolini saqlab qolishi nafaqat Rossiya Ukrainaning ichki ishlariga aralashuvining oldini olishga yordam berardi, balki tajovuz qilishiga ham yo‘l qo‘ymasdi deyishadi.

Qrim Rossiyaniki deb tan olgan davlatlar

Albatta Rossiya katta davlat, shu jihatdan olganda uning Ukrainaga nisbatan tutgan yo‘lini to‘g‘ri deb bilayotgan mamlakatlar yetarlicha. Ularning aksariyati Rossiya ta’sir doirasidagi davlatlar hisoblanadi.

Bular:

1. Afg‘oniston

2. Venesuela

3. Kuba

4. Nikaragua

5. Suriya

6. Shimoliy Koreya

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid