Light | 15:42 / 24.09.2018
52601
6 daqiqa o‘qiladi

Jyek Ma: «Ko‘pchiligimiz ertaga kechki payt vafot etamiz»

Dushanba kuni, 10 sentabrda milliarder va Alibaba group asoschisi Jyek Ma 54 yoshga to‘ldi. Xitoylik tadbirkor va uning kompaniyasi to‘g‘risidagi eng qiziq materiallarni to‘pladik.

Foto: Reuters

Jyek Ma tamoyillari

«Men oddiy xitoy oilasida tug‘ildim. U qadar yaxshi o‘qimasdim. Harakat qilardim, ammo har doim ham o‘xshayvermasdi. Balki, gap mening maktabim eng yaxshi maktab bo‘lmaganidadir. Shu sabab maktabni tugatgach, ancha vaqtgacha ish topolmadim. Uch marta imtihonlardan yiqildim va universitetga kira olmadim. Biroq hech qachon yengilmadim. Muvaffaqiyatga erishmagan odamdan muvaffaqiyatsizligining sababini so‘rab ko‘ring. Agar u bunda kimnidir ayblasa, uning imkoniyati yo‘q. Omadsizlar ana shunday gapirishadi. Imkoniyati borlar esa boshqacha so‘zlaydilar…

Alibaba’ga Xitoyda asos solingan, biroq u Xitoy kompaniyasi bo‘lib qolmasligi zarur. Uning hatto nomi ham xitoycha emas, u arab tilidan olingan. Axir yodingizda-ku, bu so‘z “1001 kecha” to‘plamida uchraydi. Men uni ataylab tanladim. Xitoyda yaratilgan kompaniya butun dunyodagi kichik kompaniyalar va yoshlarga yordam berishini istadik.

Agar kelajakka tayyor bo‘lishni istasangiz, kecha qilgan ishlaringizni bajarmang. Xotirani mashq qildirish kerak emas, baribir kompyuterdan ko‘prog‘ini yodda saqlay olmaysiz. Tezroq o‘qishga harakat qilmang, chunki kompyuterlar buni tezroq amalga oshiradi. Siz ijodkor, novator bo‘lishga harakat qilishingiz kerak, konstruktiv bo‘lishingiz lozim. O‘rganayotganlaringizning bari sizni ana shunday odamga aylantirishi zarur.

O‘z-o‘zimga doim mana bunday maslahat beraman. Hech  narsa oddiy va bekorga bo‘lmaydi. Agar muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun haq to‘lash kerak bo‘ladi.

O‘z-o‘zimga har kuni beradigan yana bir maslahat. Men har kuni mana bunday deyman: «Bugun bari murakkab, ertaga bundan-da murakkab bo‘ladi, indinga bari ajoyib bo‘ladi, biroq ko‘pchiligimiz ertaga kechki payt vafot etamiz». Aynan shuning uchun qo‘lni-qo‘lga tekkizmay ishlash kerak.Har bir yangi kun muammolar keltirishi mumkin, biroq murakkab vaziyatda chiniqasiz. O‘z-o‘zingizga ishonishingiz kerak, ana o‘shanda kelajakdagi har qanday muammoni yecha olasiz.

Agar  to‘g‘ri yo‘nalishda  ketayotgan bo‘lsangiz, pulning o‘zi sizni topadi. Bu aynan shunday ishlaydi. «Agar pulim bo‘lganida, mana bunday qilgan bo‘lardim» deydiganlarga men har doim shunday javob beraman: «Sizda hech qachon pul bo‘lmaydi. Agar biror narsani haqiqatan ham amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, buni pulsiz bajaring. Natijaga erishsangiz, sizga pul keladi».

Foto: EPA

Alibaba siri

2002 yilda Alibaba.com o‘zining ilk daromadini topgan kunda  Jyek Ma  bir necha xodimlarni o‘z xonasida to‘plab, unda sirli loyiha borligi va to‘planganlar mazkur loyihada ishtirok etishlari mumkinligini aytdi. Biroq buning uchun Alibaba’dan ketishlariga, sirli joyda ishlab, do‘stlari, qarindoshlari, firmaning boshqa xodimlariga o‘zlari ishlayotgan yangi startap haqida aytmaslikka to‘g‘ri keladi.

Bu qaror – kompaniyani avvalgi biznesdan yangi va a'lo darajada bo‘lishi  uchun umid bo‘lib, Jyek Ma tomonidan bosilgan ilk qadam edi. Biroq keyinchalik bunday taktika firma strategiyasidagi «ko‘p qirrali tosh»ga aylandi.

Alibaba qanday tuzilgan?

Ma o‘zining Jyek Uelch muxlisi ekanini tan olgan. Shuning uchun kompaniyasining ayrim jihatlari GE’ni yodga solishi bejiz emas.

«Bo‘lim rahbarlari bizneslari uchun zarur bo‘lgan narsani amalga oshirish uchun yetarli erkinlikka ega bo‘lishlari lozim. Men ular bir-biri bilan musobaqalashishi va o‘z faoliyatlarida eng yaxshisi bo‘lishga intilishlarini istayman», - deya aniqlik kiritadi Jyek Ma.

Foto: East News

So‘z yakunida

Bir necha kun ilgari The New York Times Ma kompaniyani o‘zining 54 yoshga to‘lgan tug‘ilgan kunida tark etishi, bundan keyin xayriya va ta'lim loyihalari bilan shug‘ullanishini aytgandi. Biroq keyinchalik Alibaba vakili bu ma'lumotni inkor etdi. 10 sentabr kuni Ma Alibaba Group boshqaruvidan 2019 yil kuz faslida u tomonidan yaratilgan kompaniyaga 20 to‘lishidan avval ketmasligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid