Sport | 12:34 / 14.10.2020
38371
16 daqiqa o‘qiladi

«Shartnoma imzolashi uchun uyg‘otishga to‘g‘ri keldi»: Shomurodovning «Jyenoa»ga o‘tishi tarixi

Agar pandemiya bo‘lmaganida u Germaniya bundesligasiga yo‘l olishi aniq edi.

Foto: Jyenoa

O‘zbekiston milliy jamoasining yetakchi hujumchisi Eldor Shomurodov yaqin kunlarda nafaqat A Seriyada ishtirokini boshlaydi. Bu kunni kutishga bizda ko‘p vaqt qolmadi, ammo agar Eldorning «Jyenoa»ga borguncha bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlasak, juda og‘ir va sinovli yillardan o‘tilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu haqida futbolchining o‘zi ham saytimizga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tgandi. Rossiyadagi spotrs.ru portalida esa futbolchining «Jyenoa»ga transferi tafsilotlariga bag‘ishlangan material e'lon qilindi.

Yevropa – asosiy maqsad

Yevropada o‘ynash maqsadi haqida Shomurodov agentlariga «Bunyodkor»da o‘ynab yurgan paytlarida aytganida, Rossiyada hali u haqida bilishmasdi ham. Ammo ProSpors Management’ning ushbu hujumchi bilan bog‘lanishi tasodif emas, shundog‘am ushbu kompaniya boshlig‘i German Tkachenko o‘zbekistonliklar bilan asr boshlarida ham tanish bo‘lgan – masalan, u bir paytlar Marat Bikmayevni Rossiyaga olib borgan, 2011 yilda Odil Ahmedov, bundan tashqari, Eldorning bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z vaqtida, Tkachenko prezidenti bo‘lgan «Krilya Sovetov»ning sardori edi.

«Ilk uchrashuvimizga Eldor otasi va amakisi Ilhom bilan kelgandi», – deb eslaydi futbolchining vakili Qahhor Mo‘minov, - «asosan ruschani yaxshi bilgan Ilhom orqali gaplashdik, chunki Eldorning o‘sha paytlarda ruschasi uncha yaxshimas, otasi umuman bilmasdi».

Shundan so‘ng, tomonlar kelishuvga erishdi – Shomurodov avval RPLga o‘tadi, ana undan keyin – Yevropa. Shuning uchun ham Eldor Osiyodan, xususan Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlardan kelgan takliflarni qat'iyan rad etdi.

instagram.com/shomurodov.eldor

ProSpors Management Shomurodovga bir qator rus klublarini taklif etdi – u paytlarda hujumchining narxi taxminan 200 ming yevro bo‘lgan. Agentlarning prioreteti «Ufa» edi, chunki klub Rossiyada yosh iqtidorlarni kashf qilish, ularning o‘sishi uchun mos klub sifatida o‘ziga yarasha e'tibor qozonib ulgurgandi. Ammo jamoa murabbiyi Shamil Gazizov bir necha bor Eldor variantini rad etdi.

German Tkachenko Eldorning maydondagi harakatlari yig‘ilgan videolavhani Aleksandr Kerjakovga ko‘rsatdi. U paytlarda Kerjakov «Zenit»da futbolchi sifatida so‘nggi yillarini o‘tkazayotgan, yosh talantlarni his qilish bo‘yicha ancha qobiliyatli edi. «Bu ikkinchi Andrey Yarmolenko-ku!», – degandi o‘shanda mashhur hujumchi.

Hozir bu taqqos biroz noto‘g‘ri tuyulsa-da, o‘sha 2017 yilda Shomurodov asosan chap qanotda to‘p surar va ba'zida markazga o‘tib harakat qilardi. Ammo agentlar rus klublariga u markaziy hujumchi sifatida ham samarali bo‘la olishini, boshi bilan, hamda darvozaga orqa turgan holda ham yaxshi o‘ynay olishini tushuntirishga harakat qilishardi. Nihoyat, 2017 yilning yozida u «Rostov»ga o‘tdi: klub sport direktori Aleksey Riskin va bosh murabbiyi Leonid Kuchuk unga ishonch bildirishdi.

Eng qiyin ikki yil
Dastlabki olti oy moslashish bilan o‘tdi, buning ustiga, Kuchukning uslubi ham jamoaning o‘sishiga to‘g‘ri kelmas, juda kam (19 o‘yinda 16 gol) gol urilardi, ammo himoyadagi ishonchli o‘yin sifatida «Rostov» kuchli oltilikda yurardi. 2018 yilning qishida jamoaga Valeriy Karpin bosh murabbiy etib tayinlandi, islandiyalik Born Sigurdarson sotib olindi. Uch himoyachi bilan o‘ynash sxemasini o‘zgartirmagan Karpin oldingi chiziqda Ionov – Sigurdarson juftligiga ishonch bildirdi. Bu foyda berdi ham, ko‘pincha, jarima maydoni yaqiniga yuqorilatib to‘p oshirilar, baquvvat islandiyalik futbolchi yuqori qavatda g‘olib chiqar, Ionov esa, epchillik bilan himoyachilar orasidan yorib o‘tardi.

RIA Novosti/Sergey Pivovarov

Eldorga asosiy tarkibda deyarli joy yo‘q edi. Ilk gollar 2018 yil aprelida, «Tosno» darvozasiga urildi. Dastlab u burchakdan oshirilgan uzatmani boshi bilan golga aylantirgan bo‘lsa, keyin Artur Yusupov bilan chiroyli kombinatsiya uyushtirib, dubl qayd etdi.

«Arturni o‘n besh yoshdan bilaman. U Shomurodov bilan «Rostov»ga deyarli bir paytda kelgandi. Adashmasam, birinchi yig‘inlardan keyin u menga telefon qilib, «kimni olib keldingiz, hech narsani eplolmaydiku?» deb yozg‘irgandi. Ammo biroz muddat o‘tgach, Artur qayta telefon qildi va avvalgi gaplari uchun uzr so‘rab, Shomurodov formasini tiklaganini va ancha kuchli xislatlari borligini ta'kidladi», – deb eslaydi Mo‘minov.

Lekin bu ikki gol hech narsani hal qilmadi, Eldorni ijaraga bermoqchi bo‘lishdi. May oxirlarida o‘sha «Tosno» aloqaga chiqdi, shuningdek, «Orenburg» va «Arsenal» variantlari paydo bo‘ldi. Hujumchi Rostovda qoldi, ammo yangi mavsumda yana bir raqobatchi kutayotgandi – jamoaga yana bir islandiyalik hujumchi Vidar Kyartansson olib kelindi. Qishki tanaffusgacha Eldor atigi besh o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushdi – shunda ham, bir o‘yinda Sigurdarson o‘ynay olmasdi, «Dinamo»ga qarshi o‘yinda esa, qanot himoyasida harakat qildi. Oldinroq yana bir o‘yinda ham hujumchi qanot literali sifatida o‘ynashga majbur bo‘lgandi.

«Rostov»ga Dubay orqali yo‘l
Hammasi 2019 yilning boshlarida o‘zgarib ketdi. Yanvarda Eldor Osiyo kubogida ikkinchi to‘purar bo‘ldi. O‘zbekiston 1/8 finalda turnirni tark etganini hisobga olsak, yaxshi ko‘rsatkich. U guruhdagi barcha o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi – Turkmanistonga dubl, Ummon va Yaponiya darvozasiga bittadan gol. 

«Rostov»ga qaytgach Shomurodov bahorda ikki gol urdi, ammo har ikki gol ham yorqin va muhim bo‘lib chiqdi. «Spartak» bilan o‘yinda g‘alaba goli urilgan bo‘lsa, «Krasnodar»ga qarshi o‘yinning so‘nggi soniyalaridagi gol «Rostov»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Yozda, jamoa 4-3-3 sxemasiga o‘tgach, Eldor Sigurdarsonni asosiy tarkibdan chiqarib yuborishga muvaffaq bo‘ldi.

Shomurodov uchun «Shtutgart» 2-Bundesliga rekordini takrorlashi mumkin edi. Agar pandemiya oraga tushmaganda bu transfer sodir bo‘lardi ham. TsSKA esa futbolchini Chalovga o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgandi.

2019/20 yilgi mavsum starti Shomurodov uchun ajoyib kechdi – 9 o‘yinda 7 gol. Avgustda «Rostov»ga Yevropadan ilk taklif keldi.

Yangi Levandovskiga aylana olmagan Eldor
«Shtutgart» sport direktori Sven Mislintat Eldorni 2016 yildayoq payqagan, u paytlarda Dortmundning «Borussiya»sida shef-skaut bo‘lib ishlardi. Mislintat Dortmundga Hummels, Levandovski, Kagava, Obameyang kabi futbolchilarni olib kelgan skaut hisoblanadi. Iyulda «Borussiya»ning ikkinchi jamoasi O‘zbekiston milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan, o‘shanda o‘ng qanotda to‘p surgan Eldor skautning nazariga tushgandi.

«Shtutgart» Shomurodov uchun 8 million yevro to‘lashga tayyor bo‘lgan – bu summa Transfermarkt qaydnomasi bo‘yicha, 2-Bundesliga uchun rekorddir. 2015 yilda «Leypsig» Devi Zalke uchun «Verder»ga aynan shuncha pul to‘lagan. Bundan tashqari, jamoaning Bundesligaga chiqishi va futbolchining ma'lum miqdorda maydonga tushishi holatlari uchun 2 million yevro bonuslar ham kiritilgandi.

RIA Novosti/Aleksandr Vilf

«Rostov» taklifni rad etdi. Bu holatda futbolchining vakillari ham o‘zlarini xotirjam tutishdi. Ular klubning o‘z vaqtida Eldorga ishonishganini munosib deb baholashdi va ikki transfer oynasida barcha masalani klub ixtiyoriga qoldirishdi. Shomurodovning Yevropa orzusi hamon asosiy maqsad, ammo bu ishni eng to‘g‘ri vaqtda amalga oshirish lozim edi.

O‘sha paytlarda, shuningdek, TsSKA ham o‘z taklifi bilan chiqdi. Armiyachilar Fedor Chalovni «Kristal Pelas»ga sotishga tayyorgarlik ko‘rayotgan, Eldor esa, uning o‘rnini bosishi kerak edi. Chalov ketmadi, ammo baribir Shomurodov muzokaralar uchun Moskvaga bordi.

«Dam olish kunlari maslahatlashib olish uchun vaqtimiz bor edi. Uch kishi – men, Eldor va German uchrashdik. Biz doim Yevropa strategiyasini yodda tutardik, shunday bo‘lsa-da, o‘sha yerda bir fikr yangradi. Rossiyaning yuqoriroq maqomga ega klubiga o‘tish, u yerda kamida ikki-uch yil qolib ketishni anglatadi. U paytda esa, Eldor 28 yoshda bo‘ladi va Yevropadan arzirli taklif bo‘lishi imkonsiz. Agar biz hozir dastlabki maqsadimizdan og‘ishsak, keyin afsus qilishimiz mumkin, deb kelishdik», – dech eslaydi Mo‘minov.

Qishda «Shtutgart» yana taklif bilan chiqdi, «Rostov» yana rad etdi. Ammo agentlar bu safar Germaniyaga uchishdi. Tomonlar yozda bu masalaga qaytishga kelishib olishgandi, ammo pandemiya «Shtutgart»ning moliyaviy imkoniyatlariga yaxshigina zarba berdi. Mavsum to‘xtatilishi va keyin, muxlislarsiz davom ettirilishi natijasida klub 30 million yevro atrofida pul yo‘qotdi. Bundesligaga qaytgan klub Eldor uchun pul to‘lashga tayyor edi, ammo buning uchun 22 yoshli argentinalik hujumchi Nikolas Gonsalesni yaxshiroq pulga sotishi kerak. «Shtutgart» Gonsalesni olib qolib, Bundesligada ham o‘ynatib, narxini yanada yuqoriroqqa ko‘tarishni rejalashtirdi. Shu tariqa, uchinchi transfer oynasida ham Eldorning Germaniyaga borishi amalga oshmay qoldi.

globallookpress.com

Shu yilning yozida «Gent» klubi ham aloqaga chiqdi. Asosiy hujumchi Jonatan Devidni «Lill»ga 27 million yevroga sotgan belgiyaliklar Eldor uchun 5 million yevro taklif qilishdi. Tabiiyki, «Rostov»ni bu summa qoniqtirmadi. 

So‘nggi imkoniyat
2020 yilda Shomurodov atigi 2 gol urgandi – fevralda «Axmat» darvozasiga, sentyabrda esa Yevropa Ligasi saralashida «Makkabi»ga. «Tabiiyki, qo‘ng‘iroqlar kamaydi, ilgari asosan bizga taklif bilan chiqqan bo‘lishsa, endi, o‘zimiz tashabbuskor bo‘lishimiz lozim edi. Eldor ketishni istar, biz esa, qoniqarli takliflar yo‘qligidan qishgacha, hatto kelasi yozgacha kutishga tayyor edik», – deydi German Tkachenko.

29 sentabr kuni Sport Italia telekanali Shomurodovning «Jyenoa»ga 8 million yevroga o‘tishga yaqinligi haqida xabar berdi. Ertasiga esa, Metaratings kelishuv bekor qilinganini yozdi. Bunga sabab sifatida esa, «Fiorentina» va «Verona» kabi klublar 10 million yevrolik taklif bilan chiqishgani keltirildi.

Spors.ru ma'lumotiga ko‘ra, na «Rostov», na ProSpors Management yuqoridagi ikki klubdan taklif olgan. Shunchaki, Alessandro Lippi ismli agent telefon qilib, klublar taklif tayyorlayotgani va summa «Jyenoa»nikidan yuqoriroq bo‘lishini aytgan, xolos. German Tkachenkoning aytishicha, u «Fiorentina» bilan ham, «Verona» bilan ham bog‘lanib ko‘rgan va rostdan ham qiziqish borligi, ammo ayni damda bu transferga tayyor emasliklari haqida bilib olgan.

Natijada, «Jyenoa» 1 oktabr kuni Shomurodovning transferini rasman e'lon qildi. Ma'lumotlarga qaraganda, dastlabki so‘rov 25 sentyabrda yuborilgan va «Rostov» rad etgan. Ammo keyin, Eldor klub sport direktori va prezidenti bilan gaplashgach, 28 sentabr kuni ijobiy javob berilgan.

Tom Weller/dpa

Keyingi ikki kun tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar bilan o‘tdi. Kelishuvning huquqiy tomonlari bilan shug‘ullangan Mixail Prokopetsning aytishicha, barchasini chorshanba kuni hal qilishga urinishgan, hatto futbolchiga kelishuv amalga oshishi bilan imzo qo‘yish uchun «Rostov» ofisida bo‘lib turishni tayinlashgan.

Hammasi hal bo‘lgach, qizig‘i, Shomurodovni topa olmay qolishgan. Bu uning aybi emas, shunchaki, u ham, «Rostov» rahbariyati ham, transfer rasman yarim kechasi amalga oshishi mumkinligiga ishonishmagan. Yevropaliklar uchun esa, bu oddiy hol. Natijada Eldorni uxlab yotgan o‘rnidan uyg‘otib, ofisga olib kelishdi va imzolar qo‘yildi.

Muzokaralardagi asosiy ziddiyat to‘lov muddatlari borasida bo‘ldi. «Rostov» barcha summani darhol olishni istadi, «Jyenoa» esa, bo‘lib-bo‘lib to‘lash variantini ilgari surdi.

«Avvalgi rahbariyat paytida «Jyenoa»ning bu boradagi e'tibori u qadar yuqori emas edi, ko‘pincha, pullar o‘z vaqtida tushmasdi», – deydi Mixail Prokopets, - «shuning uchun «Rostov» to‘lov muddatlarini kechiktirish holatlari bo‘yicha bir qator bandlarni qo‘shdi, italiyaliklar rozi bo‘lishdi. ProSpors Management kompaniyasi esa, eng asosiysi Eldorning manfaatlari ekanini namoyish qilishdi – masalan, transfer summadan ma'lum foiz agentlarga ajratilishi lozim, ular bu summani 2022 yilda olishga ham qarshi bo‘lishmaydi».

Ma'lum bo‘lishicha, «Rostov» transfer summasini bir yil davomida to‘liq oladi. Agentlarga tegishli qism esa, bir yilga kechiktiriladi.

«Jyenoa»da Eldor Shomurodov 61-raqamda o‘ynaydi. Bu ham sobiq klubiga minnatdorchilik belgisi – Rostov oblastining kodi aynan 61 ekan. Moslashish jarayoni hujumchiga katta qiyinchilik tug‘dirmasligi ham mumkin, zero klub italyan, rus va o‘zbek tillarini biladigan koreys ayolni ishga olgan – u Eldorga Italiyada yordam beradi. Shuningdek, jamoaga tezroq kirishib ketish uchun Shomurodov italyan tilini o‘rganishga kirishdi. Rus tilida gaplashadigan til o‘qituvchisi ham topildi.

Maydondagi ko‘nikma naqadar tez bo‘lishini esa, yaqin kunlarda bilib olamiz. A Seriyada hujumchi 19 oktabr kuniyoq debyut qilishi mumkin. O‘sha kuni «Jyenoa» safarda, yuqorida tilga olingan xaridorlardan biri «Verona» mehmoni bo‘ladi.

Lapresse/Tano Pecoraro

Mavzuga oid