“O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni 2023” tadbirlari bo‘lib o‘tdi
14 sentabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni”ga bag‘ishlab, O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi savdo- iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarga boy dastur davra suhbati bilan boshlandi. Ushbu tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Davra suhbatidan so‘ng B2G formatidagi uchrashuvlar va “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni 2023” konferensiyasi tashkil qilindi.
Konferensiyada Germaniya va O‘zbekiston biznes hamjamiyatining 300dan ortiq vakillari, investorlar, shuningdek, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari va mutaxassislari qatnashdi.
Konferensiya dasturiga “O‘zbekistonda nemis dual ta’lim tizimi: imkoniyatlar va istiqbollar” va “O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi energetika sohasini o‘zgartirish borasida hamkorlik” mavzularidagi panel munozaralari kiritildi.
Germaniya Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi a’zosi doktor Folker Trayer O‘zbekiston-Germaniya hamkorligidan kutilayotgan natijalar haqida gapirib berdi:
“O‘zbekiston qulay geografik hududda joylashgan mamlakat hisoblanadi. Davlatingizda juda katta iqtisodiy imkoniyatlar mavjud. Bu xususiyatlar Yevropa mamlakatlari uchun katta qiziqishni keltirib chiqaradi. Bugunga qadar Germaniya iqtisodiyoti Rossiyaga bevosita bog‘liq edi. Shuning uchun ham biz ayni paytda yangiliklarni izlamoqdamiz.
Biz hamkorlik uchun O‘zbekistonni har tomonlama munosib mamlakat deb topdik, chunki quyoshli o‘lka, aholisining katta qismi yoshlardan iborat va kuchli mutaxassislarga boy. Biz O‘zbekistonda dual ta’limni rivojlantirishni rejalashtirganmiz.
Yaqin kunlarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya federativ respublikasiga tashrif buyurishi kutilmoqda. Tashrif davomida Germaniya kansleri Olaf Shols hamda Mirziyoyev o‘rtasida bozorlarni integratsiya qilish, o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichlari, bu bilan bog‘liq muammolarning oldini olish masalalari muhokama qilinadi. Germaniya va O‘zbekiston orasida mahsulotlar aylanmasini oshirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi”, - dedi u.
Ma’lumot uchun: so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonga kiritilgan Germaniya investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 2 milliard yevroni tashkil etdi. Shuningdek, hozirgi paytda Germaniya hamkorlari bilan birga qiymati 10 milliarddan ortiq bo‘lgan 100 dan ko‘proq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 3 barobar o‘sdi va bugungi kunda bu ko‘rsatkich 200 taga yetdi. Joriy yilning 6 oyi davomida 17 ta qo‘shma korxona ishga tushirildi.
“O‘tgan yilda Germaniya bilan mahsulot almashinuvi yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, 1 mlrdga yetgan. Germaniyadan zamonaviy asbob-uskunalar, mexanizmlar, yuqori texnologik tovarlarni olish, O‘zbekistondan esa oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun ikki davlat Savdo-sanoat palatalari bilan hamkorlikda yirik tadbirkorlar tashrif buyurishgan. Kelgusida o‘zaro savdo aloqalarini yanada rivojlantirishda bu yaxshi natija beradi.
Savdo aloqalari bilan birgalikda dual ta’lim tizimi haqida ham o‘zaro fikr almashyapmiz. Ham o‘qish, ham ishlash bilan tajribali mutaxassislarni tayyorlash biz uchun juda muhim hisoblanadi. Ikkita Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida bu sohada ham hamkorlikni oshirish bo‘yicha fikrlar almashilyapti. Tadbirkorlarga shunday mutaxassislar kerakligini inobatga olsak bu o‘ta muhim deyish mumkin”, - deya ta’kidladi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov.