Jahon | 08:51 / 28.05.2024
5353
5 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi Isroilning Rafahga bergan zarbasini qoraladi

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Isroilning Rafah yaqinidagi qochqinlar lageriga uyushtirgan zarbasi oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Isroil harbiylari voqeani tekshirishga va’da berdi.

Foto: Jehad Alshrafi/AP Photo/picture alliance

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish 27 may, dushanba kuni G‘azo sektoridagi Rafah shahri yaqinidagi qochqinlar lageriga berilgan va 45 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Isroil havo hujumini qoraladi, deya xabar qilmoqda mintaqa sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Men Isroilning bu halokatli mojarodan boshpana izlayotgan o‘nlab begunoh fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan harakatlarini qoralayman, - deb yozdi Guterrish X ijtimoiy tarmog‘ida. - G‘azo sektorida bu dahshat to‘xtashi kerak».

Vashington ham noroziligini bildirdi. «Isroil HAMASga qarshi kurashish huquqiga ega va biz bilamizki, bu zarba Isroil tinch aholisiga qilingan hujumlar uchun mas’ul bo‘lgan ikki yuqori martabali HAMAS vakilini o‘ldirdi. Biroq, biz Isroil tinch aholini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi kerakligini aniq aytdik», deya Reuters AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakilining so‘zlaridan iqtibos keltiradi. 

Isroil surishtiruv olib borishga va’da bermoqda

Qayd etilishicha, 27 mayga o‘tar kechasi Isroil havo hujumi natijasida Rafah yaqinidagi qochqinlar lagerida yong‘in kelib chiqqan va bu o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Falastinlik omon qolganlarning aytishicha, hujum paytida ularning oilalari yotishga tayyorlanishgan. Minglab odamlar lagerdan boshpana topgan. 

Isroil harbiylari razvedka ma’lumotlariga asoslangan zarbada HAMASning ikki yuqori martabali amaldori halok bo‘lganini aytdi. Bundan tashqari, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) hujum barcha tinch aholiga evakuatsiya qilish tavsiya etilgan Al-Mavasi gumanitar hududida sodir bo‘lmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Isroil armiyasi qochqinlar lageridagi yong‘in haqiqatan ham Isroil havo hujumi natijasida kelib chiqqanmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazishga va’da berdi. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumning ertasi kuni Knessetda (mamlakat parlamentida) so‘zlagan nutqida, Isroil harbiylarining tinch aholiga zarar yetkazmaslik harakatlariga qaramay sodir bo‘lgan voqeani «fojiali xato» deb atadi. Netanyahu, shuningdek, voqea tekshirilishini aytdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Rafah atrofidagi vaziyat 

So‘nggi haftalarda G‘azo sektorining Misr bilan chegaradosh Rafah shahri janglar markaziga aylandi. Xalqaro gumanitar tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda milliondan ortiq qochqinlar boshpana topgan. Qo‘shma Shtatlar Isroilning Rafahga hujumi tufayli Yaqin Sharqdagi ittifoqchisiga ba’zi turdagi qurollarni yetkazib berishni kechiktirdi. Fransiya hukumati va Xalqaro sud Rafahdagi operatsiyani to‘xtatishni talab qildi.

26 may kuni Rafahdan Tel-Aviv va uning atrofiga so‘nggi to‘rt oy ichida birinchi marta bir nechta raketa uchirildi. Buning uchun mas’uliyatni HAMAS jangchilari o‘z zimmalariga oldi.

Mavzuga oid