O‘zbekiston | 19:04 / 22.09.2021
13604
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga kelgan Buyuk Britaniya qurolli kuchlari vaziri Surxondaryoga tashrif buyurdi

O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya mudofaa vazirining parlamentar o‘rinbosari, qurolli kuchlar vaziri Jyeyms Hippi Surxondaryoga borgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 21 sentabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi mudofaa vazirining parlamentar o‘rinbosari, qurolli kuchlar vaziri Jyeyms Hippi qirollikning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlou va boshqa rasmiylar hamrohligida bugun, 22 sentabr kuni Surxondaryo viloyatiga borgan.

Delegatsiya a'zolarini kutib olgan viloyat hokimi To‘ra Bobolov vazir bilan Surxondaryoning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, o‘zbek-britan qo‘shma korxonalarining faoliyati va sarmoya kiritish imkoniyatlari haqida suhbatlashgan.

Delegatsiya a'zolari O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘lab turuvchi Termiz – Hayraton ko‘prigida ham bo‘lishgan va ikki mamlakatning chegaradosh viloyatlari o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro hududlararo hamkorlik aloqalari va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishgan.

Bundan tashqari, mehmonlar «Ayritom» chegara-bojxona postida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan ham tanishgan. Ularga chegara hududda yangitdan barpo etilayotgan Termiz xalqaro savdo markazi va unda chet ellik ishbilarmonlar uchun yaratiladigan qulayliklar haqida ma'lumotlar berilgan.

Ma'lumot uchun, hozirda Surxondaryoda Britaniya sarmoyasi ishtirokida 8 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2018-2020 yillarda viloyatga jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 106,2 million dollari yoki 22,6 foizi bevosita britaniyalik sarmoyadorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021-2023 yillarda viloyatda Buyuk Britaniya biznes vakillari ishtirokida 248,5 million dollarga teng yana 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jyeyms Hippi kecha 21 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Tashki ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan va ikki tomonlama hamkorlik hamda kun tartibidagi boshqa masalalarni muhokama qilgan.

Mavzuga oid