Jahon | 22:08 / 17.05.2024
25166
8 daqiqa o‘qiladi

«Xarkivni egallash rejasi yo‘q» - Putin yangi front ochilgani yuzasidan izoh berdi

Putin Si Jinping bilan muzokaralardan keyin Ukrainadagi urush haqida gapirdi. U Rossiya muzokaralardan bosh tortmasligi, ammo endi «yerdagi reallik»dan kelib chiqilishini aytgan.

Foto: Mixail Metsel / Sputnik / Reuters

Rossiyada «bugungi kunda» Xarkiv shahrini egallash rejasi yo‘q, deydi ayni vaqtda Xitoyda bo‘lib turgan prezident Vladimir Putin. Aprel oyida u Xarkiv va Belgorod oblastlari chegarasida «sanitar zona» tashkil etish zarurati haqida aytgandi va hozirda u yana shu haqida to‘xtaldi.

Putinning bayonoti Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti shimolida faol harbiy harakatlarga kirishgan chog‘da yangramoqda. U bu yurish harakatlarini Ukraina qurolli kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududda sanitar zona tashkil etishga harakat deb atadi.

«Xarkiv yo‘nalishida sodir bo‘layotgan voqealarga kelsak — bu ham ularning aybi, — degan Putin Harbindagi matbuot anjumanida. — Chunki ular, afsuski, chegara hududlarni, jumladan Belgoroddagi turar joy kvartallarini o‘qqa tutishda davom etmoqda. Tinch aholi vakillari halok bo‘lishmoqda».

«Agar bu davom etsa, biz xavfsizlik zonasi tashkil etishga majbur bo‘lamiz, deb ochiq aytgandim. Sanitar zona. Mana buni qilyapmiz. Xarkivga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda bunday reja yo‘q», — degan Putin jurnalistning rus qo‘shini Xarkiv oblasti markaziga yurish qilishi ehtimoli haqida.

Rossiya qo‘shini Xarkiv yo‘nalishida har kuni qat’iy reja bo‘yicha ilgarilamoqda, deya qo‘shimcha qilgan u.

Rossiya prezidenti «sanitar zona» tashkil etish rejasi haqida 18 mart kungi matbuot anjumanida ma’lum qilgandi. O‘shanda u Belgorod oblasti xavfsizligini ta’minlash uchun Xarkiv oblastini Rossiyaga qo‘shib olish taklifi yuzasidan munosabat bildirgandi.

«Bugun ro‘y berayotgan fojiali voqealarni inobatga olsak, biz qaysidir nuqtada, agar maqsadga muvofiq deb hisoblasak, bugungi Kiyev rejimiga bo‘ysunuvchi hududlarda ma’lum bir „sanitar zonasi“ni yaratishga majbur bo‘lishimiz mumkin», — degandi Putin.

Istanbul kelishuvlari — muzokaralar jarayoni uchun asos

Rossiya Ukrainadagi inqirozni hal etish doirasida o‘ziga qandaydir ultimatumlar qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Harbindagi matbuot anjumanida.

U Kiyev bilan tinchlik muzokaralari va iyun oyida Shveytsariyada inqirozni hal qilish bo‘yicha forum haqidagi savolga shunday javob qaytargan.

RF prezidentining fikricha, Rossiyaning o‘zi taklif etilmagan konferensiyadan maqsad Rossiyaga imkon qadar ko‘proq mamlakatlar nomidan ultimatum qo‘yish hisoblanadi.

«Keyin hamma bilan kelishilgan narsani e’lon qilishadi va keyin buni Rossiyaga allaqachon hal qilingan masala, ultimatum sifatida taqdim etishadi. Bunaqasi ketmaydi», — degan Putin.

Ular Rossiyaga Ukraina shartlarini qo‘yishga urinmoqda, jang maydonida strategik mag‘lubiyatga uchratishga urinish barbod bo‘ldi va ultimatum qo‘yishga urinish ham shunday tugaydi, deb hisoblaydi Putin. Uning fikricha, ukrainlarning «tinchlik formulasi» «real vaziyatga emas, istaklarga asoslangan, buni esa muhokama qilib bo‘lmaydi». 

Uning so‘zlariga ko‘ra, umuman olganda, Istanbul kelishuvlari tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘lishi mumkin, ammo endi Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasi yerdagi reallikdan kelib chiqadi. 

Rossiya hech qachon muzokaralar jarayonidan bosh tortmaydi, deya qayd etgan Putin. Ukraina o‘zi harbiy harakatlarni «so‘nggi ukrainalik qolgunicha» davom ettirishini aytgan, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shu bilan birga, har qanday hujjatlarni imzolashda Rossiya uchun Volodimir Zelenskiyning 20 maydan keyingi legitimligi (21 may kuni uning prezidentlik muddati yakuniga yetadi, saylovlar esa urush tufayli qoldirilgan) ahamiyatga ega bo‘ladi, degan Putin. 

«Albatta, biz bunday hal qiluvchi hujjatlarni legitim hukumat bilan imzolashimiz kerak, bu ochiq-oydin fakt», — degan RF prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik vakolatlari tugaganidan keyin Zelenskiyning legitimligi Ukrainaning o‘z siyosiy va huquqiy tizimi, jumladan mamlakatning Konstitutsiyaviy sudi tomonidan hal etilishi kerak.

Xarkiv oblasti shimolidagi vaziyat

10 may kuni ukrain harbiylari Rossiya Belgorod oblasti bilan chegaradosh hisoblangan Xarkiv oblastining chegara hududlarida yurish boshlagani haqida xabar tarqatdi. Ko‘p o‘tmay bu ma’lumotni Rossiya mudofaa vazirligi ham tasdiqladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 may kuni mamlakat qurolli kuchlari Rossiya armiyasining Xarkiv oblastidagi yurishi bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

«Bizning mudofaa kuchlarimiz vaziyatni barqarorlashtirishdi… Bugun mudofaa kuchlarimiz rossiyaliklarni turgan joyida to‘xtatdi. Ularning eng chuqur kirib kelgan nuqtasi — 10 kilometr. Yo‘nalishda dushmanning ayrim brigadalarida hech qanday ilgarilash yo‘q — bungacha ham bo‘lmagandi», — degan u jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Hafta davomida Rossiya armiyasi oblast markazidan shimolda joylashgan Lipsi qishlog‘i yo‘nalishida oldinga yurishga harakat qilgandi. Ukraina qurolli kuchlari chegaradan bir necha kilometr ortga surilishga majbur bo‘lgan.

Rossiya qo‘shini Ukraina tomonini zaxiradan qo‘shimcha brigadalarni harakatga keltirishga majbur qilish uchun Xarkiv oblastidagi faol harbiy harakatlar zonasini qariyb 70 kilometrga kengaytirdi, degandi juma kuni mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbassdagi Ukraina qo‘shinlari ortidan chiqish maqsadida raqib asosiy kuchlarini Vovchanskni egallashga va Lipsi yo‘nalishida oldinga yurishga qaratgan.

«Bunday sharoitda biz dushman qo‘shini egallab olgan marralaridan oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymasdan, aviatsiya, raketa tizimlari, artilleriya va tanklar orqali unga maksimal darajada yo‘qotishlar yetkazishimiz, shuningdek, turli yo‘nalishlarda qanotlardan va front ortiga harakatlanuvchi shturmchi mobil guruhlar va bo‘linmalarni tor-mor etish uchun sharoit yaratishimiz kerak», — degan Sirskiy.

G‘arbdagi va Ukrainadagi nashrlarda bir hafta oldin Rossiyaning maqsadi — Xarkiv oblastining shimoliy chegara hududida 10 kilometrlik bufer zona tashkil etish ekani haqida yozilgandi. Bu nafaqat Rossiyaning chegaradosh hududlarini artilleriya zarbalaridan himoya qiladi, balki Xarkivning o‘zini Rossiyaning stvolli artilleriyasi yetib bora oladigan hududga aylantiradi, deya qayd etishgan Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti (ISW).

Ekspertlar Rossiya kelgusida Xarkivga keng ko‘lamli yurish boshlash uchun sharoit hozirlanayotgani to‘g‘risidagi versiyani ham rad etmaydi. Ammo bugungi kunda bunday yurish amalga oshirish uchun sharoit ko‘rishmayapti.

Mavzuga oid